Xususiy maktab davlat maktablaridan nimasi bilan farq qiladi?
Bugun viloyatimizda ellikdan ortiq xususiy maktab bor. Hukumatimiz tomonidan xususiy maktablar faoliyatiga ruxsat berilgach, ular soni yildan yilga ortib boryapti.
Shuningdek, farzandini xususiy maktabda ta’lim olishini istovchi ota-onalar ham yetarlicha. Xo‘sh, xususiy maktabning davlat umumta’lim maktablaridan farqi nimada? Shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida “Samarqand Intellekt” xususiy maktabi direktori Abdumalik MAJIDOV bilan suhbatlashdik.

- Qator yillar ta’lim sohasida turli mas’uliyatli lavozim va vazifalarda ishladim. Yetarli tajribaga ega bo‘lgach, xususiy maktab ochdim. Ushbu maktab ochilganiga o‘n yil bo‘ldi. Xususiy maktablarda sharoitlar davlat maktabidan ko‘ra yaxshiroq. Albatta, bugun ayrim davlat maktablari ham xususiy maktablardan qolishmaydi. Lekin bolalar qamrovi davlat maktablarida ko‘proq, ba’zi sinflarda 40 nafargacha bola o‘qiydi. Xususiy maktablarda esa bir sinfda ko‘pi bilan 20 nafar o‘quvchi ta’lim oladi.
Masalaning ikkinchi tomoni, teatrga yaxshi aktyorni ko‘rish uchun boriladi. Maktabga esa ota-ona bolasini yaxshi o‘qituvchi uchun beradi. Keyingi yillarda yaxshi o‘qituvchilarning ko‘pchiligi xususiy maktablarga o‘ta boshladi. Nima uchun? Birinchidan, 40 nafar bolaga dars bergandan 20 nafar bolaga dars berish yengilroq. Ikkinchidan, ko‘proq maosh to‘lanadi. Bundan tashqari, xususiy maktabda o‘qituvchining vaqtini oladigan har xil hisobotlar, yig‘ilish va tadbirlar yo‘q.
Biz bir narsaga pul to‘lasak, uni qadriga yeta boshlaymiz. Ayrim ota-onalar davlat maktablarida hatto bolasini kim o‘qitayotganini bilmaydi. Ammo xususiy maktablarda ota-onalar pul to‘layapman-ku, nega bolam yaxshi o‘qimayapti, deb talab qiladi. Endi xususiy maktabning davlat maktablaridan afzalliklarini sanasak: birinchisi, yaxshi o‘qituvchilar dars beradi, ikkinchisi, sharoiti yaxshi, uchinchisi, sinflarda 20 nafar atrofida o‘quvchi o‘qiydi, to‘rtinchisi, o‘qituvchiga har xil topshiriqlar yuklanmaydi, u o‘z ustida ishlay oladi, beshinchisi, o‘quvchilarning xavfsizligi, ya’ni har bir o‘quvchi ertalab soat 08:00 da maktabga kelgach, soat 17:00 ga qadar shu yerda bo‘ladi.
Yana bir narsa, Samarqand shahrining o‘zida bir smenali maktabning o‘zi yo‘q. Shuning uchun davlat maktablarida darslar tugagach, o‘quvchilar uyiga ketadi. Ota ishda, ona ishda, bola uyida nima qiladi? Bola darsdan so‘ng uyida televizor, kompyuter yoki mobil telefonda vaqtini behuda o‘tkazadi. Xususiy maktablarning afzalligi tushgacha davlat ta’lim standartlari asosida darslar o‘qitilsa, tushlikdan so‘ng bolalarning ongini o‘stirishga mo‘ljallangan qiziqarli matematika, kimyo, raqs, sport, rasm kabi to‘garak mashg‘ulotlari o‘tiladi. Asosiysi, o‘quvchi uyga vazifani maktabda tayyorlab ketadi. Shuningdek, o‘quvchilarga nonushta, tushlik, kechga yana yegulik beramiz. Albatta, sog‘lom bola yaxshi rivojlanishi uchun uning qorni ham to‘q bo‘lishi kerak.
Xususiy maktabga farzandini bergan ota-ona biladiki, bolaning qorni to‘q, usti but, himoyalangan, ko‘chada yomon bolalarga qo‘shilmaydi, har xil zararli yeguliklarni sotib olmaydi va tinchgina uyiga keladi. Shu tomonlari bilan davlat maktablaridan farq qiladi. Lekin masalaning ikkinchi tomoni bor. Bizda biror yo‘nalishda pul bor desa, hamma shu sohada o‘zini sinab ko‘radi. Biroq chumchuqni ham qassobi so‘yishi kerak. Tadbirkor maktab yoki bog‘cha ochib, o‘zi rahbarlik qilsa, undan yomoni yo‘q. Tadbirkor faqat tushum, foydani o‘ylaydi, ta’lim sifati bilan ishi bo‘lmaydi, shuning uchun u o‘z tadbirkorligini qilsin, lekin maktab bo‘ladimi, maktabgacha ta’lim sohasimi yoki o‘quv markazi ochadimi, unga o‘sha sohaning odamini olib kelib qo‘yishi kerak.
Bundan tashqari, maktabimizda inklyuziv sinflarimiz bor, ularda sog‘ligida nuqsoni bor bolalar sog‘lom bolalar bilan birga ta’lim oladi. Ularga maxsus o‘qituvchi ishga qabul qilingan. Kunning birinchi yarmigacha sog‘ligida nuqsoni bor bolalar sog‘lom o‘quvchilar bilan birga ta’lim olsa, tushlikdan keyin diffektolog o‘qituvchi ular bilan alohida shug‘ullanadi. Sog‘ligida nuqsoni bor bolalarni aqli, nutqi, tafakkurini o‘sishiga ham yordam beryapmiz. Ularning aynan xususiy maktabda o‘qishiga sabab, bu yerda o‘quvchilar mazax qilmaydi, kamsitmaydi. O‘quvchilarda ko‘nikma bor, ya’ni ular sog‘ligida nuqsoni bor bolalar bilan birga ta’lim olishga o‘rgatilgan.
- Ota-ona bolaning ta’limi uchun pul to‘laganidan keyin nazoratni ham kuchaytiradi, deyapsiz. Xususiy maktabda yaxshi o‘qimaydigan o‘quvchilar bo‘ladimi?
- Albatta, “Pulini oling-da, o‘qiting”, deydigan ota-onalar bo‘ladi. Bola qaysi maktabda o‘qishidan qat’iy nazar, avvalo, unga ota-ona tarbiya beradi. Ta’limni maktab beradi. Bu ikkalasi bir-birini to‘ldirsa, natijaga erishiladi. Ta’lim bo‘la turib, tarbiya bo‘lmasa, qumga suv quyilganday bo‘ladi. Tarbiyasiz olim – olim bo‘lolmaydi, u zolim bo‘ladi.
Bizda bitta qusur bor – o‘zimizni aybimizni tan olmaymiz. Hamma huquqini talab qiladi, ammo majburiyatini unutgan. Ayrim ota-onalar haftaga yoki oyga bir marta kelib, farzandining o‘qishini surishtiradi. Ba’zilari farzandimni maktabga topshirdimmi, bo‘ldi, ertaga bolam zo‘r odam bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Ayniqsa, xorijiy davlatlarda qiynalib mehnat qilib yurganlar farzandiga barcha sharoitni yaratadi, uni xususiy maktabga beradi, ammo o‘zi uzoqdaligi uchun nazorat qilolmaydi. Bobo-buvisi nazoratidagi bolalar ota-onasi uzoqdaligi uchun avaylanadi. Bolani avaylash emas, unga to‘g‘ri tarbiya berish kerak. Bola oilada yetarli tarbiya olmasa, sharoiti ming yaxshi maktabda o‘qisa ham bilim olishga qiziqmasligi, o‘qimasligi mumkin.
Shu o‘rinda yana bir narsani aytay. Ba’zilar xususiy maktabda faqat boylarning bolasi o‘qiydi, deb o‘ylaydi. Ammo bizda 25 nafar kam ta’minlangan va 5 nafar sog‘ligida nuqsoni bor oila farzandlari bepul o‘qiydi.
- Hozir Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘quvchilarning qo‘l telefoni darsga halaqit bermasligi uchun olib qo‘yilarkan. Sizning maktabingizda-chi?
- Rivojlangan mamlakatlarda o‘quvchilarining maktabda qo‘l telefonidan foydalanishi taqiqlanyapti. Bizning maktabimizda ham qo‘l telefonlar ertalab olib qo‘yiladi va kechki payt uyiga ketayotganida beriladi. Lekin bola uyida kechasi o‘n bir o‘n ikkigacha telefonda o‘tirishi mumkin. Unga kim javob beradi? Bola telefon zararli ekanini tushunib yetmaydi. Bu masala yana ota-onaga borib taqaladi. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deb bejiz aytilmagan. Ota-ona uyda vaqtini nimaga sarflasa, bola ham shunga sarflaydi.
- Sizningcha, ta’limdagi og‘riqli masala nima?
- Bugun yoshlarimiz xorijiy tillarni o‘rganyapti, xalqaro darajadagi sertifikatlar olyapti, nima uchun? Jahon adabiyotini asl tilida o‘qish uchunmi? Yo‘q, afsuski. Yoshlar xorijda ishlash uchun chet tilini o‘rganyapti. Ishonmasangiz o‘zlaridan so‘rang, gapimni tasdiqlaydi. Yoshlar chet elga bilim olish uchun emas, ko‘proq pul topish, ishlash uchun ketishni xohlayapti. Bizni davrimizda yoshlar kosmonavt, olim, injener kabi kasb egalari bo‘lishni istardi, hozir o‘g‘il bolalar quruvchi, tish do‘xtiri, qiz bolalar esa salonchi bo‘laman, deydi. Nima uchun, chunki bular daromadli kasb emish. Afsuski, bilimning qadri tushib ketdi. Ta’limdagi og‘riqli muammo mana shu.
***
Mazkur maktabdagi shart-sharoitlar bilan tanishar ekanmiz, shinamligi, sinflarda bolalar sonining standart darajada ekani, oshxonada tushlik uchun mazali taomlar tayyorlanayotganiga guvoh bo‘ldik. Albatta, har qanday ota-ona farzandini mana shunday shart-sharoitga ega maktabda o‘qitishni istaydi. Ammo, xususiy maktabning oylik to‘lovini har qanday ota-onaning cho‘ntagi ko‘tarolmaydi. Samarqand shahrini misol qilib oladigan bo‘lsak, bu yerda xususiy maktablarga bir bola uchun o‘rtacha 3,5 milliondan 5 million so‘mgacha to‘lov qiladi. Shuning uchun ham xususiy maktablar aholi gavjum shahar yoki tuman markazlarida ochilgan. Qishloq joylarda bunday narxga ota-ona bolasini o‘qitolmaydi.
- Turmush o‘rtog‘im ikkimiz kun bo‘yi ishda bo‘lamiz, shuning uchun farzandimizni xususiy maktabga berdik, - deydi D.Rashidova. – Maktabning afzalligi, bolam darsdan keyin qarovsiz qolmaydi, tushlikda issiq ovqat, ertalab va kechga nonushta beriladi, xavfsizligi ta’minlangan, ishda bolamdan xavotirlanmayman. Yanayam yaxshi tomoni, darslarini maktabning o‘zida tayyorlab keladi. Kechki payt birgalikda kitob o‘qiymiz, sayr qilamiz, bolamni fikrlashini oshirishga mo‘ljallangan o‘yinlar o‘ynaymiz. Ammo xususiy maktabga farzandini berish uchun ota-onaning daromadi yaxshi bo‘lishi kerak. Bizdek kunduzi uyida bo‘lmaydigan ota-onaga xususiy maktab ma’qul.
- Men farzandimni tumanimizdagi xususiy maktabga berdim, - deydi O.Nasimova. – O‘g‘lim ungacha Rossiyaning Vladivostok shahrida o‘qigandi. Maktab negadir o‘g‘limga yoqmadi, uning aytishicha, bu yerda o‘qitilayotgan darslarni u allaqachon o‘zlashtirgan ekan. Shuning uchun o‘g‘lim ixtisoslashtirilgan maktabga tanlov asosida o‘qishga kirdi. Hozirda u ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qiyapti, maktab sharoiti va ta’lim dasturlaridan mamnun.
- Biz qizimizni 11-sinfdan xususiy maktabga berdik, - deydi ota-onalardan biri N.Nazarova. – Aslida oldinroq xususiy maktabga bersam bo‘lar ekan. Sababi, qizim tushgacha maktabga, keyin qo‘shimcha darslarga qatnashiga to‘g‘ri keldi. Xususiy maktabning afzalligi - biologiya, kimyo, ona tili va adabiyot kabi fanlar chuqurlashtirib o‘qitilarkan. Qizim shu yil maktabni bitirib, tibbiyot institutiga o‘qishga kirmoqchi. Shuning uchun bizga xususiy maktabdagi ta’lim ma’qul bo‘ldi.
Xususiy maktab haqida ota-onalarning gaplariga quloq tutdik. Xo‘sh, maktab o‘qituvchilarining bu borada fikrlari qanday? Aslida ham xususiy maktab haqiqatda hamma orzu qiladiganmi?
- Xususiy maktab yutuqlari o‘quvchilarga faqat ixtisoslashgan fanlardan dars o‘tiladi va maktab darsliklaridan kamida 6 oy ilgarilab ketadi, - deydi ismi sir qolishini istagan o‘qituvchi. – Natijada o‘quvchilar 6-7-sinfdan sertifikatlarga ega bo‘la oladi. Yana bir yaxshi tomoni o‘qituvchilar uchun ortiqcha hujjatbozlik qilishmaydi. O‘zlarining ish rejasini taklif qilib, shu asosda dars o‘tishadi. Xonalardagi sharoitlar davlat maktablarga qaraganda yaxshi.
Ammo xususiy maktabning ham bir qator kamchiliklari bor. Masalan, o‘quvchilar boshqa fanlardan boshlang‘ich tushunchalarni bilmaydi. Davlat belgilab qo‘ygan ish reja bilan yurmaydi, ya’ni o‘qitishi shart bo‘lgan fanlarni dasturdan olib tashlaydi.
Xususiy maktabda ham boshqa maktablardan qolishmagan holda ikki bahoga o‘qiydigan bolalar bor, ularni o‘qitish o‘qituvchilar uchun ancha qiyinchilik tug‘diradi. Shuningdek, rahbariyat “ikki”chi o‘quvchilarning o‘zlashtirishini yaxshilashni o‘qituvchilardan talab bosim qiladi.
Davlat maktablarida o‘qituvchi tushlikkacha darsini o‘tib, keyin o‘z ustida ishlaydi. Xususiy maktabda esa o‘qituvchi kun bo‘yi bolalar bilan ishlaydi, dars soatlari farq qilsa ham oylik maosh davlat maktabi bilan deyarli bir xil to‘lanadi. Shuning uchun xususiy maktablarda yuqori malakaga ega o‘qituvchilar dars bermaydi, aksincha ular davlat maktabini afzal ko‘rishadi. Bo‘lsa ham bunday o‘qituvchilar juda kamchilikni tashkil qiladi. To‘g‘ri, malakali, bilimi o‘qituvchilar davlat maktabidan tashqari xususiy maktabda ham ishlaydi, chunki maktabda 30 soatdan ziyod dars berilmaydi.
Bundan tashqari, xususiy maktab rahbari tadbirkor bo‘lsa, u ishchi-xodimlar bilan hech qanday shartnoma tuzmaydi. Istalgan vaqt xodimni ishdan haydab yubora oladi. Yana bir yomon tomoni, o‘qituvchilarga ta’til puli berilmaydi. Uch oy yozda o‘qituvchilar daromadsiz qoladi. Shuning uchun o‘qituvchilar juda tez almashadi, aksar o‘qituvchilar talabalar. Boshqa o‘qituvchilar ikkita maktabda ishlagani hisobiga kam yutqizishadi.
Xususiy maktabda ishlagan o‘qituvchilar kun bo‘yi dars o‘tgani bois o‘z ustida kam ishlaydi, natijada sertifikat, malaka toifasini kam oladi. Shuningdek, ayol o‘qituvchilar dekret puli ololmaydi.
Biz yuqorida xususiy maktablar haqida yaxshi taassurotga ega edik. Balki ushbu o‘qituvchi ishlayotgan xususiy maktabda ahvol shundaydir. Shuning uchun ham xususiy maktabning nomini keltirmadik. Ammo haqiqatda yaxshi xususiy maktablar ham bor.
- “Registon” xususiy maktabida rus tilidan yordamchi o‘qituvchi bo‘lib ishlayman, - deydi Nigina Abdullayeva. – Avval Samarqand shahridagi 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ishlaganman. Bakalavriatdan tashqari magistraturani ham bitirganman. Davlat maktablaridagi muammolardan biri pensiya yoshiga yetgan o‘qituvchilar yoshlarga o‘rin bermaydi, ishlab yuraveradi. Shuningdek, sinflarda o‘quvchilar soni juda ko‘p. Masalan, bir o‘qituvchi 35-40 nafar bolaga dars o‘tishi qiyin. Aslida bunday sinflarda yordamchi o‘qituvchi bo‘lishi kerak. Xususiy maktabda esa bola soni kam, bir sinfda ko‘pi bilan 24 nafar o‘quvchi qabul qilinadi, ularning qobiliyatiga qarab uchta sinfga bo‘lib o‘qitiladi. Masalan, a’lochilar, o‘rtacha bilimli va bilimi pastlarga alohida dars beriladi. Shuningdek, maktabimizda rus tili, ingliz tili, matematika va IT fanlari chuqurlashtirib o‘qitiladi. Agar o‘quvchining bilimi pasayib ketsa, u bilan alohida o‘qituvchi shug‘ullanadi. Maktabda o‘quvchilarga besh mahal, o‘qituvchilarga uch mahal ovqat beriladi. Buning uchun o‘qituvchining maoshidan ushlab qolinmaydi.
Bundan tashqari, bizda darsni qanday o‘tishi, bolalarning o‘zlashtirishiga qarab har bir o‘qituvchining reyting bahosi hisoblab boriladi. Har chorakning oxirida o‘qituvchilar reytingi e’lon qilinadi. Eng yuqori reyting 25 ball bo‘lib, to‘rt chorakda ham yuqori ball to‘plagan o‘qituvchilarga yilning oxirida ikki kishilik Dubayga sayohat (1-o‘rin uchun), mobil telefon (2-o‘rin uchun) va pul mukofoti (3-o‘rin uchun) beriladi.
***
Tanganing ikki tomoni bo‘lgani kabi davlat umumta’lim maktabi va xususiy maktablardagi yaxshi-yomon sharoitlar bilan tanishdik. Aslida davlat umumta’lim maktabi yoki xususiy maktab bo‘ladimi uning rahbari ta’lim sifatiga alohida e’tibor bersa, jamoani ahillikda ushlab tura olsa, bunday ta’lim dargohidan bilimli o‘quvchilar yetishib chiqaveradi. Agar yuqorida keltirilganidek, xususiy maktabni tadbirkor boshqarsa, u o‘z manfaatini o‘ylab, ta’lim sifatiga ahamiyat bermasligi mumkin. Shuningdek, xususiy maktablarda davlat ta’lim standartlari asosida belgilangan fanlar to‘liq o‘qitilmasa, bunday maktablar faoliyatini isloh qilish kerak.
Nima bo‘lgan taqdirda ham barcha ta’lim dargohlarini ta’lim tizimining nonini yegan, uning past-balandini tushungan kishilar boshqarishi shart.
Yana bir gap: bola kun bo‘yi maktabda qattiq stulda o‘tirmasligi lozim. Kunning ikkinchi yarmida to‘garak mashg‘ulotlari yumshoq o‘rindiqli xonalarda davom ettirilsa, uning salomatligiga yaxshi ta’sir qiladi.
Xurshida Ernazarova.