Samarqandda xususiy maktablar soni ikki barobarga oshadi...mi?
Samarqand viloyat Matbuot uyida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddilari bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlarga xalq ta’limi muassasalaridagi ta’lim sifatini yaxshilash, o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish borasida 2018 yilda amalga oshirilgan ishlar, joriy yil uchun belgilangan vazifalar xususida ma’lumot berildi.
- Davlatimiz rahbarining joriy yil 11 yanvarda viloyatimizga tashrifi davomida bergan topshiriqlariga ko‘ra, viloyat xalq ta’limi tizimida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi, - dedi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Z.Karimov.
– Unga muvofiq, 278 ta kam quvvatli maktablar tarmoq maktablariga aylantiriladi. 193 ta eski, paxsa va xom g‘ishtli binolarga ega maktablar uchun qo‘shimcha binolar quriladi. Kasb-hunar kollejlarini maktablarga aylantirish orqali o‘quvchilar uchun qulayliklar yaratiladi. Viloyatdagi mavjud 203 ta maktab filiallaridagi sharoit bosqichma-bosqich yaxshilanib, ular to‘laqonli maktabga aylantiriladi. Suv ta’minotida muammosi bo‘lgan 282 ta, atrofi to‘liq o‘ralmagan 661 ta, oshxonasi, sport zali, tibbiy punktlari bo‘lmagan maktablardagi sharoitlar maqbullashtiriladi.
Maktablarda faoliyat yuritayotgan 8,5 mingdan ziyod o‘rta-maxsus ma’lumotli o‘qituvchilar bosqichma-bosqich oliy o‘quv yurtlarining maxsus sirtqi kurslarida o‘qitiladi.
Viloyatdagi xususiy maktablar sonini ikki barobarga oshirish maqsadida Urgut, Payariq, Past Darg‘om, Toyloq, Jomboy, Oqdaryo va Samarqand tumanlarida aholi turar-joylariga yaqin hududlardan yer maydonlari ajratish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, anjumanda mutaxassislar jurnalistlarning aholi gavjum massivlarda yangi loyihadagi maktablar qurish, ta’lim muassasalarining xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalari, ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatiga doir savollariga javob berishdi.