“Sen iste’dodlisan” respublika ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi
Mamlakatimizda imkoniyati cheklangan bolalarning ham to‘laqonli ta’lim-tarbiya olish huquqlarini ta’minlash, ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishlari uchun qulay sharoitlar yaratishda tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ayniqsa, inklyuziv ta’lim tizimi bosqichma-bosqich joriy etilayotgani har bir farzandning individual salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2025 yil 2 oktyabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining inklyuziv ta’lim sinflari va uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilar o‘rtasida “Sen iste’dodlisan” respublika tanlovini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga ko‘ra, 2025 yilning oktyabr-noyabr oylarida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining inklyuziv ta’lim sinflari va uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilar o‘rtasida estrada vokal (an’anaviy ijrochilik) hamda tasviriy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha uch bosqichli “Sen iste’dodlisan” tanlovi o‘tkazilishi belgilandi.
Ushbu tanlov imkoniyati cheklangan bolalarning iqtidorini kashf etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga zamin yaratish yo‘lida muhim bosqichlardan biri hisoblanadi.
Bugun viloyat "Barkamod avlod" bolalar maktabida “Sen iste’dodlisan” ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tanlovning tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 26 nafar (uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining inklyuziv sinflarida tarbiya olayotgan) o‘quvchilar faol ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, bugun Samarqand viloyatida 1915 nafar bola uyda yakka tartibda, 297 nafar o‘quvchi esa inklyuziv sinflarda ta’lim-tarbiya olmoqda. Tanlov aynan ushbu farzandlarning o‘zlarini namoyon etishi hamda orzulari ruyobi sari dadil qadam tashlash imkonini berdi. Ko‘rik-tanlovda ijodiy ishlari bilan ajralib turgan o‘quvchilar hakamlar hay’ati tomonidan munosib baholandi. G‘olib va sovrindorlar tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.