Bizni unutqanni unutmoq kerak...

 

Bir g‘azal haqida o‘ylar
Goh mahzun, goh shodmon bo‘lsangiz, yurak yeru ko‘kka sig‘may borligini bildirib turgan paytda bir hamdard – o‘zingizga sig‘mayotgan o‘zligingizni o‘z diliga jo qilguvchi do‘st izlaysiz. Topsangiz, uning sherikligidan dardingiz yengillashadi, tashnaligingiz qonadi. Sezgir qalbining tarozusi g‘amlaringiz vaznini o‘lchab beradi, dil oyinasi kimligingizni ko‘rsatadi. Bir fikr qilasiz, bir shukur qilasiz.

O‘sha dasti uzun, so‘zlari jon tomiringizga quyilguvchi, sizning holatingizni o‘zingizdan-da o‘tkazib anglaguvchi do‘stlarning biri – Zahiriddin Muhammad Bobur!  Uning ruhi shunday kuchliki, uzun yillarni, yo‘llarni  pisand qilmaydi. Olislardan turib, bugungi dil o‘rtanishlaringizga sherik bo‘laveradi. Siz qo‘lingizga kitob javonidan Bobur devonini olsangiz bas. Unga ko‘ngil yorishga jur’at topsangiz bas... Bo‘zlashlaringizga ul hazrat shundoq javob beradilar:

O‘zni ko‘ngul aysh ichra tutmoq kerak,

Bizni unutqanni unutmoq kerak.

Shoirga kuyib-pishasiz:

- “Uningsiz  ko‘ngil qanday qilib aysh qilsin?!”.  Axir rohatning ildizlari u tufayli tortgan azoblardan unib chiqmaydimi? Ayshning ko‘zini yashnatib, dilni allalovchi har gul niholi uning hajri tig‘lari bilan chopiq qilinib, ko‘zimning yoshlari bilan sug‘oriladi-ku? Shoirim, nechuk shuncha qiyin talab ustiga undan-da og‘irrog‘ini yuklab, meni o‘z safingizga, himoyangizga olib, tayinlaysiz: “Bizni unutqanni unutmoq kerak..”  deb.

Hamma gap shunda-da, axir! Unutolmaslik dardi qon yuttirgach, Sizga topingan edim-ku, deysiz. Unutish darsini o‘ting, men jabrdiydaga, deb yolborasiz, bu dard bilan o‘zi-da og‘rigan buyuk tabibga. Qanday unutib bo‘ladi u kunlarni? Soch tolalariga qadar, olar nafasiga qadar ulug‘lanaverib, boshi ko‘kka yetgan ul siymoni qanday unutib bo‘ladi?..  “Boshi ko‘kka yetgan...”  Shul joyda surinib ketasiz. Peshonangiz taq etib, qayg‘u tunining peshtoqlariga uriladi. Ko‘zingizdan olov chiqib ketadi. Yurakning eng chekkasiga bekingan g‘urur beholgina uyg‘onadi. Shoh Boburning ta’kidiga qo‘shilib ketasiz: “u-n-u-t-m-o-q k-ye-r-a-k!”. Alam tegirmonining toshi ostida ezilayotgan dilingizga Bobur hazratlari yordam qo‘lini g‘urur ostonasidan turib uzatadi. Entikib navbatdagi satrlar sehriga ixtiyorni berasiz:

Ayshu tarab gulbunig‘a suv berib,

G‘ussa niholini qurutmoq kerak.

O, ayshu tarab gulbunig‘a do‘stlari davrasida o‘ynab-kulib kelayotgan, quvonchlarga g‘arq odamdan bir hovuch shodlik so‘rasa bo‘lar balki. Bir beparvo, loqaydga ishi tushib, dilining komi qurib, yolg‘izlik sahrosida tashnalik azobini tortib, chekkan ohlari lablarigacha qaqratib, yorib yuborgan odamning og‘ziga umid tomchilarini tomizmoq o‘rniga undan suv so‘ramak... Buncha qahringiz qattiq shoirim, shohim?!

Parcha-parcha bo‘lgan yurakni oyoq ostidan yig‘ishtirib olmoq uchun, yana qaytib qad tiklamoq uchun kuch bormi? Dil pora bo‘lguncha, yara bo‘lguncha chekilgan azoblar, intizor kunlar qaytadan azob yuklab, bu tanni qil ko‘prikdan, do‘zax o‘tidan o‘tkazmog‘i, arosat o‘lkasida muallaqlikka duchor qilmoq iztiroblariga chidab bo‘larmikin?

Zarralab sochilgan ko‘ngilni qum donalari kabi, undan ham maydaroq shisha siniqlarini  yiqqan  kabi yig‘ib olmoq zahmatlariga o‘zni chog‘lash, shu shaylik aro sochmoq zavqiyu, yig‘moq qiynoqlari orasidagi yeru osmoncha farqni anglashga kurashmoqqa chorlamayaptimi, Bobur hazratlari? Yo g‘olib bo‘lmoq, yo beparvo oyoqlari ostida tuproq bo‘lmoqdan o‘zga yo‘l yo‘qmi-a? Aytaylik, tuproq bo‘ldik ham... Zero, bul tuproq uning yuzlaridan yog‘du sochilmasa, ko‘zlaridan obi hayot to‘kilmasa, biror kun umid maysalari unib chiqmasa, xor bo‘lmoqdan o‘zga xizmatga yaramasa, tuproqlik xizmatidan na hojat bor? Undan ko‘ra boshni beparvo ko‘ngilning istaklaridan (dordan qutulmoq kabi) qutultirmoq, malomat balchig‘ini tark etmoq yaxshi emasmi! Shunda shoh shoirning qattiq qahri – sizni xorlik balosidan qutqarguvchi najot ko‘prigi ekanini anglab qolasiz. Bu ko‘prikka qadam qo‘ya olsangiz, “Ayshu tarab gulbunig‘a suv” topa olsangiz, navbatdagi talab: “g‘ussa niholini qurutmoq” bajariladi. Ko‘zingizning yoshlari bilan sug‘ormasangiz, ko‘nglingizni g‘am bilan qayta–qayta shudgorlab, yaralamasangiz g‘ussa niholi xazonrezgilikka uchrashi turgan gap. O‘zingizni ozgina o‘nglab, umidvor ko‘zlaringizni satrlarga tikasiz. Holatingizni sezib turgan shoir sizni yuksakroqqa chorlaydi:

Har nimaga g‘am yema, g‘am ko‘pturur,

Aysh bilan o‘zni ovutmoq kerak.

“Har nima” shunchaki har nima emasligini Bobur hazratlari yaxshi biladilar. Ildizlari yurakning tomirlari birla chirmashib ketgan bog‘lanishni uzmoq, kunu tunimizning shohiyu quli bo‘lgan kimsadan ko‘ngilni sovutmoq uchun qancha jasorat kerak bo‘lsa, shuncha chorlaydi shoir...

Dunyoning g‘ami ko‘p, axir. “Bizni unutqanni” g‘amini chekib yuraverib, o‘zga jamiki mavjudlikka qo‘l silksak, uyat bo‘lar...

Tanimiz yaralgan tuproq, tomirimiz yayragan suvdan tortib, yashagan kulbamiz, do‘stu birodarlarimiz, qiblagohlarimiz – padari buzrukvorimiz, volidai muhtaramamizga qadar barcha-barchasidan mehr qarzimiz bor.  Bizni asrab turgan buyuk mutanosiblikka ozgina putur yetsa, biz-da, halokatga uchramaymizmi? Mavjudligimiz boisiga shukronalikning o‘zi – ularga o‘zni bag‘ishlash saodati baxtimiz emasmi? Nega bizga osmondan tushguvchi, bizni mensimovchi yot bir nigoh uchun g‘am yeymiz? Zer,o bizningki, bir xazon bargcha qadrimiz bo‘lmagach, ul nigoh ham biz uchun “har nima”ga aylanishi shart. Ko‘ngli talangan, masxaralangan holda elga oshkor bo‘lmaslik uchun ham shart! Bul yorug‘ dunyoda ayshning turi oz emas. Ko‘nglingiz yetguncha, tilagancha rohatlaning, ovuning, ey dili pora!

Qarang, yurtingizga bahor keldi. Muzlab yotgan tuproq ostidan nimjongina, ma’sumgina boychechak bosh ko‘tarib chiqdi. Boychechak g‘ururining, mardligining zarrasini o‘zingizga tilang. Zavqlaning undan. Shu mitti gulning ortidan butun olam uyg‘onganini tomosha qiling. Uning jasoratiga ishonib, dehqon dalaga chiqdi, urug‘lar tushdi zamin quchog‘iga. Daraxtlar gulladi. Boychechakni nega hamma birday olqishlaydi? Qahri qattiq qishni sindirgani uchun, bahorni boshlab kelishga kuch topgani uchun!

Qo‘shni xonadondan chaqaloq yig‘isi eshitildi. G‘olib hayotning davomchisi ovozidan, hali g‘ussalarning xabari yo‘q pokizalikning ovozidan hayratga tushing!

Hovuchlaringizni buloq suvidan to‘ldirib simiring. U sizning nasibangiz, sizga atalgan. Allohning sizga va millionlarga atalgan mehridan in’om bu!

Ishg‘ol qilinmagan cho‘qqilarga yetadigan oyoqlaringiz, quyuq tumanlarni kesib o‘tadigan boqishlaringiz, yulduzlarni tutmoqqa qodir qo‘llaringiz bor! Muhimi, quvonchlarning ham, qayg‘ularning ham qadrini biladigan, “birov”larnikiga o‘xshab, loqayd bo‘lmagan qalbingiz bor! Iztiroblar siqqan yurakka shodliklar yolqinini ham mehmon qiling. Siz yoshsiz, kuchlisiz! Kurashmoqni bilasiz...

Goho hazin kuylar sizni “Bizni unutqan”ning dargohiga yetaklab ketar damlardan saqlaning. Bedor tunlar ko‘z oldingizga “bir siymo”ni mixlab qo‘ysa, uni qibla taraf devoriga osmoqdan tiyiling. Shu kunlarda bardoshingizga, sabringizga yalining. Ojizligingizga ko‘zingiz yetsa, yana Bobur shohga arzga boring. Ul arzxonada shoh Bobur kutib oladi, ammo yurak dardlaringizni shoir Bobur eshitadi.

Yolg‘izlik yukini ko‘tara olmasangiz, g‘ussalarning changali dilingizga tirnoq botirsa, shul dargohga yuguring! Bunda sizni qatlaridan olov to‘kilgan, qon tomgan, ko‘z yoshi silqqan so‘zlar obi hayot qatrasidek tashna dilingizga tomchilab, ovutadi.

Ehtimol, bu dargoh ostonasidan najot izlab yugurgan damlaringizgacha o‘tgan lahzalaringiz olovidan bir olovxo‘r qush rohatlanar... Laxcha cho‘qqa aylangan yuragingiz cho‘g‘laridan hayot topib avjlanar... O‘zining shul o‘t tufayli bunyod ekanidan bexabardir...  Shunda yana va yana fido bo‘lmoqdan, uning oyoqlariga yiqilmoqdan xo‘rlangan dilingizni shoh Boburning zabardast ilkiyu, shoir Boburning nozik qalbi qutqarib qoladi!

Siz o‘qiyotgan g‘azalning yarmiki, Sizni halokatdan asray oldimi, endi qolgani ravon o‘qiladi.

Tiyra durur zuhd g‘amidin ko‘ngil,

Ishq o‘ti birla yorutmoq kerak.

 

Qo‘yma, mashaqqat aro Bobur ko‘ngil,

O‘zni farog‘at bila tutmoq kerak.

O‘qigan sayin qaddingizni tiklab olmog‘ingizga ishonchim komil! Endi siz hayiqmay, titramay, yig‘lamay, yiqilmay, qat’iy va ohista shivirlay olish imkoniga egasiz.

Ana, Bobur dilining daryosidan suv ichgan lablaringiz pichirlay boshladi: B-i-z-n-i  u-n-u-t-m-o-q k-ye-r-a-k...   Oh!!

***

Zahiriddin Muhammad Boburga

Samarqandning qo‘li osmonga yetgan,

Yanayam go‘zaldir, yana charog‘on,

Shogirdlar ham yangi yulduz kashf etgan

Ko‘zini uzolmas bir bor qaragan,

Yuring, Samarqandga ketamiz, shohim.

 

Garchand Andijonda ruhi joningiz,

Ammo armoningiz Samarqand erur!

Har go‘shani tutmish she’ru shoningiz,

Samarqand siz bilan aylagay g‘urur!

Yuring, Samarqandga ketamiz, shohim.

 

Sherlarning qo‘lidan bo‘lmaydi tutib,

Oddiymas, Shoh – shersiz, sher bo‘lganda ham!

Elchiga o‘lim yo‘q, men yurak yutib,

Sizni chorlagani kelganman bu dam,

Yuring Samarqandga ketamiz, shohim.

 

Tilida bol bor deb meni yo‘llashdi,

Seni shohlar tinglar, ko‘ndirgin, dedi.

Yuzida xol bor deb meni yo‘llashdi,

Yo‘lini biz taraf endirgin, dedi,

Yuring Samarqandga ketamiz, shohim.

 

Yovlaringiz bari yo‘qlikka ketgan,

Yurtimning dovrug‘i dunyoni tutgan.

Yurtboshim Tojmahal quraman degan,

Kelsin, Boburshohni ko‘raman degan,

Yuring Samarqandga ketamiz, shohim.

Xosiyat Bobomurodova,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira.