52 yil avvalgi "ziyorat" va Samarqandning yangi sayqali

Qadim-qadimdan “Yer yuzining sayqali” deya ta’rif-u tavsif etilgan Samarqand zamini bugun Yangi O‘zbekiston ziyosidan sayqal topmoqda.

Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ezgu tashabbuslari bilan Imom Buxoriy majmuasida olib borilgan olamshumul ishlar bu mo‘’tabar maskanga butkul yangi qiyofa baxsh etdi.

Majmua maydoni qirq besh gektarga kengaytirilib, bu yerda o‘n ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, bir yuz o‘n to‘rt ustunli, milliy andozali muhtasham ayvon bunyod qilindi. O‘n to‘rtta moviy gumbaz va yetmish besh metrli to‘rtta minora ziyoratgohga o‘zgacha ulug‘vorlik bag‘ishladi. Bugun bu betimsol majmuani kuzatar ekanman, o‘tmishda o‘zim guvohi bo‘lgan bir armonli voqeaga oid badihamni e’tiboringizga havola etmoqchi bo‘ldim. Sababini o‘zingiz anglarsiz.

Ziyorat

1974 yilning kuzi – paxta yig‘im-terimi mavsumida nurotaliklar, shu jumladan, maktab o‘quvchilari Payariq tumaniga safarbar etildi. Maktabimiz Mani qishlog‘iga tushdi. Kunlar o‘tib, shundaygina yonimizda ulug‘ ziyoratgoh borligini, u Imom Buxoriy nomi bilan atalishini eshitdik. Eshituvchilar bu zot haqida hech nima bilmagani kabi mahalliy aholi tasavvuri ham biznikidan avlo emas edi.

Ittifoqo, o‘sha paytda Nurota tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbari bo‘lib ishlagan Ochilboy Navro‘zov sharoitimiz bilan tanishgani Maniga keldi. U kishiga Nurota shahridagi 1-o‘rta maktab direktori, taniqli maorifchi Bahriddin Rustamov hamroh edi. Navro‘zov direktorimiz Istam Boboyorovdan ziyoratgoh haqida surishtirdi. Qisqasi, Navro‘zov bilan Rustamovning ziyorat niyati borligi oydinlashdi. Ayrim mulohazalardan keyin, tarix fani o‘qituvchimiz Hayit Islomov va men ularga hamroh bo‘lib, ziyoratga otlandik.

Ziyoratgohdan ancha berida ulovdan tushib, naqshin yog‘och darvozagacha piyoda bordik.

Darvozaning har ikki tomonidagi lavhadan arabcha va o‘zbekcha harflarda “Imom Buxoriy majmuasi” degan yozuvni o‘qidik.

Majmua xodimlaridan biri tahorat olishimiz lozimligini eslatdi. Bahriddin Rustamov bu masalada maslahat berdi. Shundan so‘ng biz tabarruk qabrga ro‘baro‘ bo‘ldik. Majmua xodimi, keksaroq otaxon Qur’on tilovat  qildi. Duodan keyin atrofni tomosha qildik. Maqbara devorida rom ichidagi kirillcha yozuv e’tiborimizni tortdi. Undan to‘liq nomi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mug‘iyra ibn Bardizba ekanini o‘qidik. Ammo ismi Muhammad, otasi Ismoil ekanini aytib berishganidan keyin bilib oldik.

 Lavhada “Hadis ilmining peshqadami” degan yozuv ham bor edi. “Hadis” qanaqa ilm? Bir-birovimizga savol qildik. Birov bir narsa deya olmadi. Bizning gumrohligimiz sezildi, ammo shu yerda tilovat qilib turgan otaxon ham “bilmasligini” bo‘yniga oldi va qisiq ko‘zlarini yarim yumib, “domla bilsalar kerak”, deganicha bizdan uzoqlashdi. Domla, ya’ni majmua imomi safarda ekan, uchrasholmadik, savol ham bejavob qoldi...

Boshqalarni bilmadim-u, men 1990 yilda Toshkentda “Fan” nashriyotida chop etilgan “Axloq odobga oid hadis namunalari” kitobchasini o‘qib, undan keyingina, oradan o‘n olti yil o‘tib, bu savol javobini topganday bo‘ldim. Qarangki, shu ziyoratda ishtirok etgan beshovimiz ham ma’rifat va ma’naviyat vakillari edik. Azizlar, u yillar bu kunlarga o‘xshamas edi...

Suyundik MUSTAFO.