Qo‘y tanigan cho‘ponlar

Hayotda shunday voqealar bo‘ladiki, ularning natijasida hosil bo‘lgan taassurotlar bir umr insonning esidan chiqmaydi. Maktabni bitirib, bir yil cho‘pon bo‘lib ishlaganimda shunday voqeaning guvohi bo‘lganman.

Otamning otari joylashgan Po‘stchallopda qo‘ylarning qo‘zilashi va jun qirqish tugagan, lekin hali yozlik quduqqa (Moybuloqqa) ko‘chib o‘tilmagandi. Bu vaqtda qo‘ylar 3-4 guruhga ajratilgandi. Bir guruhi o‘tgan yil bahorda tug‘ilgan, bir yoshdan oshgan (chorvadorlar tilida to‘xli qo‘ylar) va bu yil qisir qolgan, ya’ni qo‘zi tug‘magan qo‘ylar, keyingi guruhlari qo‘zi tug‘ib katta qilayotgan ona qo‘ylar (sovliqlar). Odatda bolasiz qo‘ylar uzoq masofalarga borib o‘tlab keladi, qo‘zilik qo‘ylarni esa bolasi katta bo‘lguncha qo‘tondan uzoq bo‘lmagan joylarda boqish kerak. Sovliq qo‘ylar bolalarining tug‘ilgan vaqtiga qarab 2-3 bo‘lakka ajratilgandi. Otarning bolasiz qo‘ylari to To‘ritog‘gacha o‘tlashga boradi.

Kunlarning birida, tushga yaqin Po‘stchallopga otamning do‘sti Ismat aka Bekmurodov bir begona kishi bilan mototsiklda keldi. Salom-alikdan keyin Ismat aka mehmonni tanishtirdi. Ismat aka mehmonni “o‘rtog‘im, To‘ritog‘ning u tomonida bosh cho‘pon, qoraqozonda baquvvat (mol dunyosi yetarli) inson”, deb tanishtirdi. “Kelishining sababini o‘zidan eshitasizlar”, dedi. So‘ng mehmon yaqinda bir o‘g‘lini to‘y qilganini, to‘yga kelgan mehmonlar, qarindosh urug‘lar odatga ko‘ra to‘yona qilishganini va to‘yonalarning bir qismi qo‘y, qo‘zi va qo‘chqorlardan iborat bo‘lganini aytdi. To‘ydan keyin mehmon ularni o‘zining otariga olib borib kolxozning qo‘ylariga qo‘shgan. To‘yonaga berilgan qo‘ylarning bir qismi uylarda boqilgani uchun ular suruvni “begona” qilib, undan ajralib chiqishgan. Shunday bo‘lishi mumkinligini aytib, cho‘ponni ogohlantirish uning esidan chiqqan. Uch to‘rt kundan keyin borib, suruvga qo‘shgan qo‘ylarni uchratmagan. Cho‘pondan so‘rasa, “bilmayman” degan. Shundan keyin u qo‘ylar boqilgan tevarak-atrofdagi maydonlardan yo‘qolgan 5 ta qo‘yni axtargan, lekin topolmagan. Tabiiyki, bunday vaqtda axtariladigan maydonlarning geografiyasi kengaytiriladi. Mehmon tog‘ning bu tomoniga o‘tib, Katta do‘ngda joylashgan Ismat akaga tegishli otarning qo‘ylarini ko‘rgan. Ularning orasidan o‘zining qo‘ylarini topolmagach, “yana kimlarning qo‘yi toqqa keladi”, deb so‘ragan. Ismat aka Quvvat cho‘ponni bir bo‘lak “svoy” qo‘yi (qo‘zisiz qo‘ylar shunday deb atalgan) toqqa keladi, degan. Mehmon qo‘y tanish bo‘yicha nomi chiqqan, bu masalada o‘ziga ishongan dongdor cho‘pon bo‘lgan. Shuning uchun, o‘sha otarga meni olib boring, degan.

Shundan keyin u “o‘sha suruvni ko‘rsam bo‘ladimi, qo‘ylarning bittasini yaxshi taniyman, yoshi ikkida, bu yil qisir qolgan”, dedi. Shunda otam shu suruvni boqadigan cho‘ponni Orzu Shomurodovdan “suruvga begona qo‘y qo‘shilganini sezdingmi”, deb so‘radi. Orzu aka “yo‘q” dedi. Shunda ham mehmon, “cho‘pon sezmay qolgan bo‘lishi mumkin, suruvni ko‘raylik”, dedi.

Qo‘ylar yuqoridagi dala qo‘tonga qamalgan edi, otam uni ergashtirib qo‘ylarga qarab ketdi. Oradan ko‘p o‘tmay qaytib kelishdi. Ma’lum bo‘lishicha, mehmon bir qo‘yni ushlab olgan va “shu qo‘yning yoshi ikkida, men aytgan qisir qo‘y shu bo‘ladi. Demak, qolgan 4 qo‘y suruvning ichida bo‘lishi kerak”, degan. Bunga javoban otam “mehmon, haqiqatan ham qo‘yning yoshi ikkida, 4 marta qirqildi. Bu yil qisir qoldi, lekin bu sizniki emas”, dedi. Shunda mehmon “men qo‘y tanishda o‘zimga ishonaman, hozircha biror marta adashganim yo‘q, qolganlarini ham topaman”, degan. Otam “agar shu qo‘y sizniki bo‘lsa, tabiiyki, katta ehtimol bilan qolganlari ham suruvda bo‘ladi. Shuning uchun ko‘rishning hojati yo‘q. Mening bir cho‘ponim bor, shu qo‘yning onasini tug‘dirib, qo‘zichoqligida ikki-uch oy boqqan edi. Keyin sog‘ligi to‘g‘ri kelmay, ishni almashtirib, ikki yildan beri kolxoz bog‘ida ishlayapti. Shu kishi qo‘yni taniydi, agar u kishi tanimasa, shu qo‘yga qo‘shib yana 4 qo‘yni sizga ayirib beraman”, degan. Otam aytgan bu cho‘pon mehnati uchun 1966 yilda “Lenin ordeni” bilan mukofotlangan Rayim Begmatov edi. Rayim amakim otamga “oka” deb murojaat qilardi. Chunki u kishining akasi Qalandar Begmatov otamning sinfdoshi va yaqin do‘sti edi.

Oxir-oqibat qishloqdan Rayim amakimni olib kelishga qaror qilindi va Ismat aka yo‘lchi bo‘lib mehmon bilan ikki mototsiklda qishloqqa borib Rayim Begmatovni olib kelishdi. Mehmon otamga qarab “Siz shu yerda qoling ko‘rsatib qo‘yasiz”, deb e’tiroz bildirgandan keyin, Rayim amakim uzoqdan salom-alik qilgandan keyin otamdan gap qaysi qo‘y haqida borayotganini so‘radi. Otam shu qo‘yning onasini o‘zi tug‘dirganini, yoshi ikkidaligini va cho‘ponlarning o‘zlari tushunadigan boshqa belgilarini aytdi. Shunda Rayim amakim, “esimga kelyapti, lekin ikki yildan beri ko‘rganim yo‘q, juni 4 marta qirqilgan, tanirmikanman” dedi. Otam Rayim amakimga qarab, “tanimol, yaxshilab qara taniysan” dedi.

Shunday qilib qo‘y tanishda nomi chiqqan ikki mashhur cho‘pon qariyb 700 bosh qo‘y qamalgan qo‘tonga qarab ketishdi va ko‘p o‘tmasdan qaytib kelishdi. Ma’lum bo‘lishicha, Rayim amakim qo‘y oralab birinchi bo‘lib shu qo‘yni tanigan va oyog‘idan ushlab olib “shu qo‘y edimi” deb so‘ragan, 40-50 minut oldin uni ko‘rgan mehmon “shu edi” deb tasdiqlagan “bu bizniki, ikki yil oldin men tug‘dirgan qo‘zi shu bo‘ladi”, degan. Bundan hayratlangan mehmon, lol qolib orqaga qaytgan. Qaytib kelib mehmon Ismat aka va otamga murojaat qilib “haqiqatan ham bu kishi ikki yildan beri bog‘da ishlaydmi” deb so‘radi, tasdiq javobini olgandan keyin Ismat akaga qarab “oshna, bu kishini menikiga olib borasiz, oyog‘ini ostiga qo‘y so‘yib elni aytib mehmon qilaman, bizning tomonlarda qo‘y tanishda mendan o‘tadigani yo‘q edi, lekin bu kishiga qoyil qoldim”, dedi.

Qo‘y tanishda o‘z davrining titanlari, bir-biriga ishonadigan, zo‘rini tan oladigan, bag‘rikeng, oliyjanob insonlari orasida bo‘lib o‘tgan bu tarixiy voqea hech esimdan chiqmaydi. Uning guvohi bo‘lganimdan va ular menga yaqin bo‘lganidan yanayam faxrlanaman. Ikki-uch oylik qo‘ziligida ko‘rgan, to‘rt qirqimdan keyin katta qo‘y bo‘lgan va boshqa qo‘ylardan deyarli farq qilmaydigan qo‘yni bexato tanish uchun inson xotirasi qanday bo‘lishi kerak, aql bovar qilmaydi.

Voqea ishtirokchilaridan biri yuqorida “mehmon” deb atalgan mashhur cho‘ponning ismi-sharifi esimdan chiqqan. Uning ismi-sharifini bilish uchun To‘ritog‘ning u tomonidagi qishloqlarga borib kelish niyatim bor edi. Buni bir kuni Rayim amakimning katta o‘g‘li Tursunboyga aytdim, sababini aytib boshlagan edim rahmatli Tursunboy meni to‘xtatib, “Siz aytayotgan anashu gaplarni otam menga aytgan, mayli, vaqt topib birga axtaramiz”, dedi. Lekin, afsus shu suhbatdan 2 yil o‘tmay Tursunboy yurak kasalligidan to‘satdan vafot etdi. Balki bu maqolani Paxtachi tumanining oldingi, Oxunboboyev, Paxtakor, Kirov, Navoiy viloyatining Sultonobodga qo‘shni Narpay kolxozlari joylashgan toqqa yaqin qishloqlarining aholisi, u mashhur cho‘ponning farzandlari, qarindosh-urug‘lari o‘qir, qarnablik Ismat akani bilishar. Agar u kishining ismi-sharifini bilsak, tarixning bu unutilmas damlarini to‘liq muhrlab qoldirgan bo‘lardik.

Otamni va boshqa cho‘ponlarni, xususan, Rahmat bobo Cho‘liyevni, Orzu aka Shomurodovni aytishiga qaraganda, bir yil bahorgi qirqimdan keyin kechasi kuchli yomg‘ir yoqqan, shamol bo‘lib osmonda chaqmoq chaqnagan. Orzu Shomurodovning qo‘ylari chaqmoqqa yaqin bo‘lgan va har bir chaqmoq chaqqanda ular hurkib to‘g‘ri kelgan tomonga qarab katta kichik guruh bo‘lib suruvdan ajralib ketgan. Cho‘pon bir qism qo‘yni yo‘qotib qo‘shxonaga kelgan. Qo‘ylar qish va bahorda bir joyda, ya’ni qo‘shxonada bo‘lgani va qo‘zilatish davri endigina tugagani uchun cho‘ponlar dam olishga ketganda ularni almashib boqqan. Shuning uchun, qo‘y taniydigan cho‘ponlar xotirasiga qarab ularning ma’lum qismini yaxshi tanigan, Rayim amakim esa otardagi hamma qo‘yni tanigan. Shuning uchun, tabiiyki, chaqmoqda yo‘qolgan qo‘ylarni axtarish uning zimmasiga tushgan. Orzu aka suruvlar qo‘shilib ketmasligi uchun har kuni ikki suruv qo‘yning o‘rtasida turib ularni boqqan, Rayim amakim esa tevarak-atrofdagi qo‘shni cho‘ponlarning qo‘ylarini orasidan qochib ketgan qo‘ylarni axtargan. Ikki haftaning ichida 60 boshga yaqin qo‘yni tanib, topib kelgan.

8- va 9-sinflarni tugatib, yozda yordamga chiqqanimda Moybuloqdagi otamga tegishli pastki quduqdan chelakda suv chiqarib, tushda qo‘ylar suv ichadigan ovxonani (hovuzni) to‘ldirardim. U vaqtlarda Rayim amakim ham ishlardi. Bir marta “Rayim pochcha, qancha qo‘yni taniysiz”, deb so‘raganimda “aniq bilmayman, taqriban 3 mingtalarini tanisam kerak”, degandi. U kishi bo‘sh vaqtlarida mutolaa qilar, xurjunida doim kitob bo‘lardi.

Qadimgi boylarning cho‘ponlari qo‘ylarini sanamas ekan. Chunki hammasini tanirkan, degan gaplarni boshqalar kabi ko‘p eshitgandim. Keyinchalik kitoblardan, boshqa manbalardan o‘qidim. Sho‘rolar vaqtidagi qorako‘lchilik kolxoz, sovxozlarida o‘tgan asrning 60-80 yillarigacha cho‘ponlar orasida Rayim amakimga o‘xshaganlar bo‘lgan. Keyinchalik, suhbatlarda otamdan va boshqa hamkasblaridan “hozirgi yosh cho‘ponlar qo‘y nari tursin, eshagini tanimaydi”, degan gaplarni eshitganman. Buning sababi nima, degan savolga javob izlaganman. Ko‘p yillar o‘tib, o‘zimcha shu savolning javobini topganday bo‘ldim.

Urush yillarida qo‘liga qurol ushlashi mumkin bo‘lgan erkak zoti frontga ketgan, shahar, qishloqlarda xotin-xalaj va bolalar qolgan. Maktablarda o‘qish ham o‘ziga yarasha bo‘lgan, maktab yoshidagi bolalar frontga zarur bo‘lgan narsalar, birinchi navbatda, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va tayyorlash uchun onalariga va kolxozga yordam bergan. Qishloqlarda oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga borish ham 1955-1960 yillardan boshlangan. Qo‘ychilikka ixtisoslashgan kolxoz-sovxozlarda asosiy ish cho‘ponlik bo‘lgan. Shuning uchun, o‘g‘il bolalarning intellektual qobiliyati, bilim darajasi yuqori bo‘lganlari hozirgiday oliy o‘quv yurtiga emas, balki cho‘ponlikka borishgan. Chunki o‘sha yillar qishloqlarda boshqa qiladigan ish, boradigan joy bo‘lmagan, boylar zamonida ham shunday bo‘lgan. Aynan ana shular mashhur cho‘pon bo‘lib yetishgan.

Keyinchalik intellektual qobiliyati yuqori va yaxshi o‘qiganlar oliy o‘quv yurtlariga ketishgan. Aksar hollarda bu ishga yaramaganlari cho‘ponlikka qolgan. Hozirgi cho‘ponlarning ba’zilarining bilimi va malakasi pastligining asosiy sababi menimcha aynan ana shu.

Abdulla QUVVATOV,

SamDU dotsenti.