Kontent, keys va tajriba: Samarqandda jurnalist va blogerlar uchun “Media haftalik” o‘tkazilmoqda

Xabar berganimizdek, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida “Media haftalik” tadbirlari boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, viloyat hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida o‘tkazilayotgan media haftalik mashg‘ulotlari ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda tashkilotchilar mas’ullari ishtirok etib, media ishiga omad tiladi.

Mashg‘ulotlarda taniqli media ekspertlar, kontent markazi xodimlari va jurnalistlar tomonidan O‘zbekiston bosma mediasidagi kontent: amaliyot, muammo va yechim, Prezident faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritishning asosiy yo‘nalishlari, mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarining ijtimoiy tarmoqlardagi amaliyotidan keyslar tahlili kabi mavzular bo‘yicha fikr almashildi.

 – Media haftalik shunchaki o‘quv seminar emas, ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar, kontent tayyorlash bilan shug‘ullanuvchilar uchun o‘zaro tajriba, fikr almashish maydoni vazifasini o‘tamoqda – deydi media ekspert Eldor Asanov. – Bu maydonda ko‘proq amaliy mashg‘ulotlar va keyslarga alohida e’tibor qaratyapmiz, bir-birimizdan o‘rganyapmiz, tajribalarimizni bo‘lishyapmiz. Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar, ma’lumotlar va tahliliy materiallarni e’lon qilishning huquqiy, axloqiy masalalari yuzasidan hamkasblarimizga tushuncha berishga harakat qilyapmiz.

Mashg‘ulotlarda viloyatda faoliyat yuritayotgan jurnalist va blogerlar, bosma va internet jurnalistikasi, televideniye va radio vakillari, axborot xizmatlari xodimlari ishtirok etmoqda.