Xalqdan naql, bizdan-chi yoxud mafkuramizga oid bir fikr
Xalq maqollari eskiradigan narsa emas, aksincha, yillar o‘tgan sayin to‘lib, bunday ma’nili iboralar har qanday davr uchun ham bir xilda xizmat qiladi. Negaki, maqollar milliy mentalitetni ifodalovchi so‘zlardir.
Shu sababdan dunyodagi barcha xalqlarda maqol eng katta falsafiy saboq hisoblanadi. Uni millat mafkurasining oynasi ham deyish mumkin.
Maqollarning qiymati shundaki, ular yillar davomida shakllangan, xalqning ma’naviyatiga moslashgan. Shu bois birorta so‘zini ham almashtirib yoki olib tashlab bo‘lmaydi. Demoqchimanki, biz ana shu falsafiy ilm ta’sirida ulg‘aydik. Ota-onamiz ham har bir so‘zida xalq maqollarini ishlatgan, har bir xonadonda «O‘zbek xalq maqollari» degan kitob bo‘lganligi ham bor gap.
Gazate va jurnallarda, hatto badiiy adabiyotda xalq maqollari yoki iboralarni ishlatish alohida uslub hisoblangan. Negaki, ana shu naqllar orqali o‘quvchiga, qolaversa, xalq shuuriga ta’sir o‘tkazish oson kechgan. Tabiiyki, maqollarni yaxshi bilgan, ma’nisini tushunib yetgan odamlar hamisha hurmatda bo‘lishgan.
Darvoqe, adabiyotshunoslik va tilshunoslikda badiiy asarlarda xalq maqollari va iboralardan foydalanish mahorati yuzasidan juda ko‘p dissertatsiyalar yoqlanganligini bilaman.
Maktab hovlisiga o‘zbek xalq maqollari yozilgan taxtachalar ilib qo‘yilardi. Bunday holatni boshqa tashkilotlar yo‘laklarida ham ko‘rardik.
Men bu holni bekorga qo‘msamayapman. Xalq maqollari insonni tarbiyalaydi, so‘z boyligini orttiradi, madaniyatli muloqotga o‘rgatadi. Tabiiyki, bu narsadan boxabar kishilar, ayniqsa rahbarlar, muallimlar so‘zlamoqda no‘noq bo‘ladilar, to‘g‘risini ayta qolaylik, qo‘pol bo‘ladilar.
Shu o‘rinda meni bir savol qiynaydi. Nega ana shu imkoniyatdan bugun foydalana olmayapmiz? Nega bugun rahbarlar stolida, o‘qituvchilar xonasida «O‘zbek xalq maqollari kitobi» yo‘q? Nega bugun biz ijtimoiy tarmoqlarda (shuhrat qozonish uchun) o‘zga millatlar maqollarini gullarga o‘rab beramiz-u, ko‘nglimizga yaqin bo‘lgan xalqimiz maqollarini esdan chiqaramiz. Bir ikki davrada ayrim ziyolilardan so‘raganimda xalqimiz maqollaridan o‘ntasini ham aytib bera olmadi. Axir, o‘z millati yaratgan nafosatni anglamaslik, xalq maqollarini bilmaslik har qanday insonni ham milliylikdan yiroqlashtirmaydimi? Buning ustiga maqollarimizni tartibga keltirib, sovet davrida qisqartirib yuborilgan ayrim variantlarni ham tiklab chop etish hech kimni xayoliga kelmayapti. Keyingi paytda qancha urinmay, kitob do‘konlaridan milliy maqollarimizga oid kitoblarni topa olmayapman. Noshirlarimiz bunday harakati bilan bizni eng noyob ma’naviy merosimizdan uzoqlashtirib qo‘yishmayaptimi?! Qani endi, bu maqollar tegishli suratlar bilan chop etilsa-yu, o‘quvchilar ham, ota-onalar ham bundan bahramand bo‘lsa?! O‘shanda biz oilaviy kitob maqollar, ertaklar emas, balki maqollar ekanligini tushunib yetamiz. Nazarimda bu ta’lim milliy mafkuraning alifbosi, desam xato qilmayman.
Xalq maqollari – insonning eng yaqin do‘sti. Mushkul ahvolda o‘qisangiz dardingizga malham topasiz. Sabr-qanoatdan og‘iringiz yengil bo‘ladi. Og‘ir ahvolda o‘qisangiz, bu vaziyatdan qanday chiqib ketish yo‘llarini o‘rgatadi. Shodon paytda mutolaa qilsangiz, u quvonchingizni kim bilan va qanday baham ko‘rish yo‘lini ko‘rsatadi. Bir so‘z bilan aytganda, xalq maqollari eng yaqin maslahatchi. Zero, ajdodlarimiz bizga ana shunday naqllar yaratgan va qoldirgan.
Xo‘sh, biz-chi, biz ana shu merosga munosib ish qila olyapmizmi?! Bu savol har birimizni har kun bezovta qilib turishi kerak, deb hisoblayman.
Farmon TOShEV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.