Turmush chorrahalarida: Saboq

 - O‘zbekistondanmiz, denglar. Xush kelibsizlar. Men ham o‘zbekman. O‘n yildan buyon shu yerda qurilish tashkilotida prorab bo‘lib ishlayman. Mayli, mehnat qilib, rizq topamiz, deb kelibsizlar, yordam beraman. Qani, hujjatlaringizni beringlar-chi?..

Akmal bilan G‘ani pasportlarini prorabga uzatishdi.
- Yaxshi, hozircha menda turadi. Ismim Ro‘zimurod. Endi yuringlar, yotoq joylaringizni ko‘rsataman. Ogohlantirib qo‘yay, qurilishda ish yengil emas. Bu yerda g‘ayrat va chidam talab qilinadi. Ko‘rpa-to‘shak berishadi, joylashib olinglar. Bir soatdan keyin kelib, ishga olib ketaman.
Akmal bilan G‘ani qalin kiyingan bo‘lishsa-da, Sibirning achchiq sovug‘idan dir-dir titrab qolishdi.
- Uh-hu, chaqaman, deydi-ya, buncha sovuq! - dedi Akmal qo‘llarini bir-biriga ishqalab.
- Ha, jo‘ra, azobimizni ko‘radiganga o‘xshaymiz, - dedi G‘ani qaltiragancha. - Ona yurtimizda qanoat qilmay, yaxshigina ishimizni tashlab kelibmiz-a!

Oradan bir soat o‘tib, Ro‘zimurod qaytib keldi.
- Xo‘sh, joylashib oldinglarmi? Qani, ketdik!
U yigitlarni qurilish maydoniga olib bordi.
- Mana, chuqur qazilgan. Opalubkalar tayyor. O‘rnatsanglar bo‘ldi. Kechgacha tugatishlaring kerak. Ertaga beton keladi. Qani, ishni boshlanglar!
Akmal bilan G‘ani asboblarni olib chiqib, sovuqda tishlari-tishiga tegmay ishlashga urinishdi. Ammo qancha harakat qilishmasin, og‘ir mehnatga dosh berolmadilar.
Shunda ular musofirlikda pul topish oson emasligini anglab yetishdi.
- G‘ani, Rossiyaga borib ishlash fikri kimdan chiqqandi? - dedi Akmal chuqur xo‘rsinib. - Oyligim kamroq bo‘lsa ham, yurtimda xotirjam yashab yurgan ekanman.
- Nimasini aytasan, jo‘ra, - dedi G‘ani alam bilan. - Ikkovimizni ham o‘sha Salim yo‘ldan urdi. «Bu yerda bir yilda topganingni u yoqda bir oyda topasan», deganiga ishonibmiz-da.
- Bolalarim qiynalmayaptimikan? Juda sog‘indim. Mana, bir oy bo‘ldi. Bir chaqa yuborish tugul, endi ish topdik deganimizda shu ahvolga tushib o‘tiribmiz. Hali yo‘lkira uchun olgan qarzlarimizni ham uzishimiz kerak...
G‘anining ovozi titrab ketdi.

Kechroq Ro‘zimurod xabar olgani kelganda, ikkisi ham qo‘l qovushtirib o‘tirishardi. Uning ham jahli chiqdi, ham yigitlarga rahmi keldi.
- Ketinglar, sizlarga bu ish to‘g‘ri kelmaydi, - dedi u. So‘ng cho‘ntagidan pul chiqarib, Akmalga uzatdi. - Mana buni olinglar. Ish topgunlaringcha non-pul bo‘ladi.
So‘ng biroz sukut saqlab, ma’noli qaradi:
- Bu sizlarga saboq bo‘lsin. Yo‘lkiraga pul topib, Vatanga qaytinglar. Unutmanglar: «Qayerniki qilmagin orzu, har yerda bor toshu tarozi». Rizqning ham, mehnatning ham o‘z sinovi bor.
Akmal bilan G‘ani boshlarini egib qolishdi. Ular bu gal hayotning achchiq, ammo unutilmas sabog‘ini olgan edilar.

Tog‘aymurod Shomurodov.