Qalbdan bitilgan umr qissasi

Samarqand shahridagi «Mahorat» nashriyotida “Hayotim sarhadlari” kitobi nashrdan chiqdi.

Ushbu kitob butun umrini ta’lim-tarbiya va ilm-fan rivojiga bag‘ishlagan, xalq ma’rifati yo‘lida fidokorona mehnat qilgan pedagog olim Voris Soliyevning hayot yo‘li va qalb kechinmalarini o‘zida mujassam etgan noyob xotiralar majmuasidir.

Kitob sahifalariga Voris otaning yillar davomida bitilgan kundaliklari, hayotiy kuzatuvlari, samimiy mulohazalari va yurakdan chiqqan xotiralari jamlangan. Bu sahifalarda inson umrining eng yorug‘ va baxtiyor lahzalari ham, taqdirning og‘ir sinovlari, mashaqqatli kunlari va qalbda o‘chmas iz qoldirgan dardli xotiralari ham o‘z aksini topgan.

Kitobning bosh maqsadi Voris otaning hayot davomida muhim deb bilgan voqealarini, hayotiy tajribasini va ezgu g‘oyalarini bir joyga jamlab, kelajak avlodlarga ma’naviy meros sifatida yetkazishdan iborat bo‘lgan. Shu bois kitobdan muallifning bolalik yillari, ota-onasi, opa-singillari va uka-inilari haqidagi qimmatli xotiralari, maktab va institutdagi tahsil davri, ilm-fan yo‘lidagi ilk qadamlari hamda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab voqea-hodisalar o‘rin olgan.

Xotiralarning eng qimmatli jihati shundaki, ularning barchasi Voris otaning o‘z qalami, o‘z tafakkuri va o‘z nigohi bilan yozilgan. U kishi kitobni yakunlashni orzu qilib, uni 2025 yilning yoz oylarida nashr ettirishni rejalashtirgan edi. Ammo taqdirning hukmi boshqacha kechdi. Voris ota 91 yosh ostonasida vafot etdi va kitobning chop etilgan nusxasini ko‘rish nasib etmadi.

- Bu kitob uzoq yillar davomida yozildi, ammo muallif uni oxiriga yetkazishga ulgurmadi, - deydi qishloq xo‘jalik fanlari doktori, akademik Diamat Abdukarimov. - Shuning uchun Voris otaning farzandlari Nigora va Ozodjon ota armonini ro‘yobga chiqarish maqsadida qo‘lyozmalarni tartibga solib, takomillashtirib, nashrga tayyorlashdi.

Kitobning eng ta’sirli jihatlaridan biri shuki, unda Voris otaning hayotining oxirgi kunlari, u kishi kechirgan sinovlar va tortgan mashaqqatlar farzandlari tomonidan qalbdan chiqqan dard va haqiqiy muhabbat bilan bayon etilgan. Shu sababli risola nafaqat xotiralar jamlanmasi, balki inson qalbida qoladigan hayotiy saboqlar manbai sifatida ham qimmatga ega.

Shuningdek, kitobdan Voris otaning shogirdlari, kasbdoshlari, do‘stlari, qarindoshlari, farzandlari, nabira va evaralarining samimiy fikr-mulohazalari va xotiralari ham o‘rin olgan.

Umuman, “Hayotim sarhadlari” kitobida jamlangan hayotiy voqealar va xotiralar mehridaryo insonning kelajak avlodlarga qoldirgan bebaho ma’naviy merosi, unutilmas hadyasi sifatida qadrlidir.

Akram BO‘RIYeV.