Shayboniylar davlati, unda joriy etilgan huquqlar haqida risola chop etildi

Yaqinda taniqli olim, huquqshunoslik fanlari doktori, professor Ziyodulla Muqimovning “Shayboniylar davlati va huquqi” deb nomlangan monografiyasi nashrdan chiqdi.

Monografiya birinchi manbalar va yirik olimlarining tadqiqotlari, hujjatlar to‘plamlari asosida yaratilgan bo‘lib, Shayboniylar davlati tashkil topishi, uning ijtimoiy-siyosiy tuzilishining o‘ziga xos jihatlari, ya’ni din va davlat tasavvuf shayxlari, ikki hokimiyatchilik, markazlashgan davlatning yer, soliq, harbiy huquqlarining asosiy belgilari yoritilgan. 

Monografiyaning birinchi bobi Shayboniylar davlatining tashkil topishiga bag‘ishlangan. Unda Qipchoq dashti va Oltin O‘rda davlati, Shaybon ulusi va Abulxayrxon davlati, Temuriylar va Shayboniylar, Shayboniylar davlatinining tashkil topishi kabi muhim mavzular aniq manbalar asosda yoritib berilgan. Shayboniylar davlatining ijtimoy-siyosiy tuzumi deb nomlangan ikkinchi bobida Shayboniyxon islohotlari, ikki hokimiyatchilik, Abdullaxon II ning davlatni markazlashtirish siyosati, ya’ni Shayboniyxon vafotidan keyin parchalanib ketgan mamlakatni qayta birlashtirish, markaziy davlat hokimiyatini mustahkamlash uchun yoshlik chog‘idan qattiq kurashlarga kirishgani, faqat o‘z mulki bo‘lgan Movarounaharnigina emas, Xorazm va Xurosonni ham birlashtira olgan, kuchli hokimiyatni yaratib, harbiy shon-shuhratga ega bo‘lganligi haqida manbalar asosida va tarixchi olimlarning Abdullaxonga bergan baholariga tayangan holda uning islohoti yoritib berilgan.

Monografiyaning uchinchi bobi huquqning manbalari va asosiy belgilariga qaratilgan bo‘lib, musulmon huquqi, sunniy mazhabi asosida yaratilgan huquqiy qo‘llanmalar, Ma’sud ibn Mahmud Samarqandiyning “Saloti Mas’uday”, Mirzo Haydarning “Tarixi Rashidiy”, turkiy xalqlar orasida mavjud bo‘lgan huquqiy odatlar, Chingizxon va uning davridan saqlanib qolgan Yaso va Yusun kabi manbalar haqida batafsil tushuncha berilgan.

Shayboniylar davrida ilm, fan va madaniyat deb nomlangan to‘rtinchi bobida o‘zbek davlatchiligi tarixida Shayboniylarning hokimiyat tepasiga kelishlari bilan ilm, fan, madaniyat, bunyodkorlik juda ham rivojlanganligini Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo va shu kabi xududlarda daryolar ustiga qurilgan ko‘priklar, masjidlar va madrasalar haqida ma’lumotlar berilgan. Shuni alohida qayd qilish kerakki, Ziyodulla Muqimov Shayboniylar sulolasining mohir jangchi, davlat arbobi kabi mahoratga ega bo‘lganligi bilan bir qatorda ajoyib qalam sohibi bo‘lganliklari haqida alohida to‘xtalgan. Shu bilan birga, Shayboniylar davlatida davlat tili o‘zbek tili ekanligiga ham urg‘u berganligi faktlar asosida yoritilgan.

Monografiyaning beshinchi bobi dasht o‘zbeklari va o‘zbeklarga bag‘ishlangan bo‘lib, o‘zbeklar va o‘zbek atamasi haqidagi Mirzo Ulug‘bek, Abulg‘ozi Bahodirxon, Herman Vamberi, I.Bartold, B.Ahmedov, A.Asqarov va boshqa olimlarning “o‘zbek” atamasiga bo‘lgan fikrlari tahlil qilingan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Z.Muqimovning Muhammad Shayboniyxonning hayoti va faoliyatini tarixiy faktlarga tayangan holda izchil o‘rganib yozgan bu kitobi uzoq yillar qilingan mehnat samarasidir. Muhimi, “Shayboniylar davlati va huquqi” asari ko‘p sonli ziyolilarga, tarixchi, huquqshunos va filolog olimlar, magistrlar, doktarantlar va ilmiy xodimlarga juda asqotadi. 

Muso Yo‘ldoshev,

Samarqand davlat universiteti professori.