Pul evaziga o‘qilgan kitoblar
(Hayotiy)
Kelinlik davrimning ilk kunlari edi. Bexosdan parda ortidagi bir dunyo kitoblarga ko‘zim tushdi. Yuzimni bujmaytirdim: "Buncha kitob nimaga kerak? Qancha joyni band qilib turibdi!". Xohlab-xohlamay, kitoblarni tartibga keltirdim. Shu payt mamnun qiyofada turmush o‘rtog‘im xonaga kirib, menga kulib qaradi.
- Boyliklarim senga yoqdimi?
Kulib yuborishdan o‘zimni zo‘rg‘a tiyib, “Ha, yoqdi”, dedim. Andisha ustunlik qildi.
- Yoqqan bo‘lsa juda yaxshi, endi birgalikda kitob o‘qiymiz.
- Nima? Kechirasizu, kitob o‘qisam uyqum keladi...
- O‘rganib ketasan, - quruq va sovuq javob bo‘ldi.
O‘sha payt shu kitoblarning hammasini uloqtirgim keldi. Lekin, andisha yana ustunlik qildi.
Bir muddat o‘tib, kitob o‘qishga ko‘ndirdi. Xullas, o‘qishim kerak bo‘lgan dastlabki kitob "Oybegim mening" kitobi bo‘ldi. O‘qishga kirishdim, besh bet o‘qib uxlab qolibman. Turmush o‘rtog‘imning talabi shu bo‘ldiki, ertasiga o‘qiganimni aytib berishim kerak. O‘ylanib qoldim, negaki kimningdir aytgan gapini o‘zidan yaxshiroq qilib aytib beraman, ammo o‘qiganimni, yo‘q, yaxshisi tinchgina supur-sidirimni qilay.
"Imtihon" topshirish payti keldi. Bir-ikki kun o‘qiy, birdan aytib beraman, dedim maktab davrimni eslab. Xullas, kitobni o‘qishni eplolmadim. Oybekning qamalganini bahona qildimu, qattiq siqilganimni, asablarim ayni paytda bunday holatga dosh berolmasligini aytib, kitobni astagina joyiga qo‘ydim. Shu safar u kishi meni tushundilar va kayfiyatimga mos keladigan boshqa kitob berishini aytdilar. Mening esa toqatim tugagandi. Andishani chetga otvordim-da "Hech qanaqa kitob o‘qimayman" deb turib oldim va bir yilcha o‘qishdan ozod bo‘ldim. Bir kuni xarajatlarim uchun pul kerak bo‘ldi.
- Azizim, pul berolasizmi?
- Berolaman, faqat bitta shartim bor.
- Qanaqa shart?
- "Jinoyat va jazo"ni o‘qiysan.
- Yo xudo, kichikroq kitob o‘qisam bo‘maydimi?
- Yo‘q bo‘maydi, shuni o‘qiysan, tugatsang so‘raganingdan ortiqroq pul olasan.
- Aldamaysizmi, unda har o‘qilgan ellik betiga pul berasiz.
- Kelishdik.
Ayol zoti xohlaysizmi-yo‘qmi, tabiatan pulni yomon ko‘rmaydi. O‘qishni boshladim, pulning kuchini qarangki, bir kunda ellik betni o‘qib tugatibman. Va’da qilingan pulniyam oldim.
Bir haftada "Jinoyat va jazo"ni o‘qib bo‘ldim. Negadir, kitobni tugab qolgani meni xafa qildi. Shu bir hafta ichida kitobdagi qahramonlarga o‘rganib qolibman, g‘alati bo‘ldim. Bora-bora o‘zim bilmagan holda kitobga mehr qo‘ydim. Har safar kitob o‘qib boshlaganimda, "Qancha pul kerak", degan savolni eshitaman va biroz uyalaman.
Inson hayotida birinchi ustozni maktabda uchratadi, menda esa boshqacha bo‘ldi. Hayotimdagi xaqiqiy ustozni yangi uyimda topdim va men u inson bilan faxrlanaman, rahmat aytaman. Ilohim, qizlarimizga haqiqiy ustoz uchrasin.
Santalatxon AKBARXON qizi.