Davlat xizmati: eski stereotiplar yemirilgan, raqamlar gapiradigan davr

Bugungi kunda davlat boshqaruvi tizimi nafaqat O‘zbekistonning, balki butun mintaqaning eng ko‘p muhokama qilinadigan mavzularidan biriga aylandi. “Davlat ishiga kirish qiyin, Tanish-bilishsiz iloj yo‘q, Hujjatbozlikdan boshing chiqmaydi degan gaplar hali-hamon odamlar orasida yuribdi. Ammo reallik qanday?

Ushbu savollarga javob topish uchun Boshqaruv samaradorligi agentligi Samarqand filiali boshlig‘i Azizbek IBRAGIMOV bilan suhbatlashdik.

Aziz aka, suhbatimizni eng dolzarb yangilikdan boshlasak. Ko‘pchilik o‘rganib qolgan portal nomi o‘zgardi. Bu shunchaki texnik o‘zgarishmi yoki uning tagida kattaroq ma’no bormi?

— Savolingiz o‘rinli. Avvalo, bir muhim jihatni ta’kidlashim kerak: Prezidentimizning 243-sonli Farmoniga muvofiq, 2026 yilning 1 martidan e’tiboran davlat xizmatidagi bo‘sh ish orinlari portali yangi manzilga — vacancy.gov.uz domeniga to‘liq o‘tkazildi.

Bu shunchaki saytning nomi o‘zgarishi emas. Bu — davlatning “gov.uz” segmentidagi rasmiy va keskin huquqiy oqibatlarga ega bo‘lgan platformasiga aylanganini bildiradi. Ko‘pchilik bizdan so‘raydi: “Shu saytning Head Hunter yoki OLX kabi xususiy rekruting saytlaridan nima farqi bor?”

Xususiy sektorda ish beruvchining kayfiyati hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Bizning tizimda esa inson omili minimallashtirilgan. Bu yerda har bir ariza, har bir test natijasi va har bir suhbat balli avtomatik tarzda qayd etiladi. Uni hech kim “o‘chirib yubora olmaydi” yoki “tahrir qila olmaydi”.

- Raqamlarga to‘xtalsak. Tizim qanchalik ommalashdi?

- Keling, 2025 yilgi statistik faktlarni tahlil qilaylik. Birgina o‘tgan yilning o‘zida portal orqali 4 mingga yaqin ochiq tanlov e’lon qilindi. Ushbu tanlovlarda qatnashish istagini bildirganlar soni esa 120 minga yaqin nomzod. Tasavvur qilyapsizmi, bu naqadar katta raqam? Shundan 50 minga yaqini test markazida test topshirdi. Yakunda 2 minga yaqin eng bilimli, eng salohiyatli yoshlar va mutaxassislar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilindi.

Bugungi kunda tizim nafaqat hokimliklar yoki vazirliklarni, balki butun Sog‘liqni saqlash tizimini ham qamrab oldi. Hozir birorta tibbiyot xodimi portalsiz, ochiq tanlovsiz ishga olinmaydi. Bu tizimning muqobili yo‘qligidan dalolat beradi.

- Ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p beriladigan savol: Oliygohni bitirdim, lekin hamma joyda 2-3 yillik staj so‘rashyapti. Davlat ishiga qanday kiraman?”. Bu muammo qachon yechiladi?

- Bu borada Boshqaruv samaradorligi agentligi muntazam ravishda fuqarolarning taklif va e’tirozlarini o‘rganib boradi. Biz hamma narsani ko‘rib-bilib turibmiz. Shu sababli hozir juda katta islohot ketmoqda.

Hozirgi kunda barcha vazirlik va idoralarda hududiy hamda tuman darajasidagi boshlang‘ich lavozimlar uchun malaka talablari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Endilikda quyi bo‘g‘in lavozimlari (mutaxassis darajasi) uchun ish staji mutlaqo talab qilinmaydi.

Masalan, siz mahallada yoshlar yetakchisi bo‘lmoqchimisiz? Yoki tuman hokimligi, soliq, adliya idoralariga oddiy mutaxassis bo‘lib ishga kirmoqchimisiz? Sizdan hech kim “3 yillik staj qani?” deb so‘ramaydi. Sizdan faqat bilim va diplom talab qilinadi.

- Yana qanday yengilliklar bor? Masalan, ish qidirib yurgan nomzod uchun?

- 243-sonli farmon bilan joriy yil 1 martdan boshlab yangi funksiya ishga tushdi. Endi fuqarolar portalda xuddi xususiy sektordagidek “ish qidiruvchi” maqomida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Siz o‘z rezyumengizni, kutayotgan ish haqingizni va mutaxassisligingizni tizimga kiritib qo‘yasiz. Ish beruvchining o‘zi sizga taklif bilan chiqishi mumkin bo‘ladigan muhit yaratilyapti.

Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam uchun katta imtiyoz bor. Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlar oliygohni tugatgach, 3 yil ichida birinchi marta ishga kirayotgan bo‘lsa, ular tanlovsiz (imtihonsiz) ishga qabul qilinishi qonunan kafolatlangan (PF-95). Bu davlatning yoshlarga ko‘rsatayotgan eng katta g‘amxo‘rligidir.

- Ko‘pchilik aytadi: Testdan o‘tish mumkin, lekin suhbatda baribir rahbar o‘zi istagan odamni olib qoladi. Shu gapda jon bormi?

- Keling, ochiq gaplashamiz. Bu fikrlar — 5-6 yil oldingi eski qarashlar, ya’ni stereotiplardir. Hozirgi tizimda rahbarning “xohish-irodasi” devor bilan to‘silgan. Nima uchun?

Birinchidan, hujjatbozlik yo‘q. O‘zingiz eslang, avvallari davlat idoralaridagi bo‘sh ish o‘rinlari faqatgina tor doiradagi shaxslar, ya’ni tanish-bilishlar uchungina ma’lum bo‘lardi, “kadr”ga yalinib, 15 xil hujjat bilan qatnardingiz. Ko‘chadan kelgan oddiy mutaxassis qayerda vakansiya borligini bilolmasdi ham. Hozir barcha vakant lavozimlar ochiq-oshkora e’lon qilinmoqda.

Ikkinchidan, videoyozuv. Har bir suhbat boshidan oxirigacha audio va videoga olinadi. Bu yozuvlar 6 oy davomida arxivda saqlanadi. Agar nomzod adolatsizlik sezsa, o‘sha video asosida shikoyat qilishi mumkin.

Uchinchidan, baholash tizimi. Komissiya a’zolari bir-biridan mustaqil ravishda o‘zlarining “vacancy.gov.uz” portalidagi shaxsiy kabinetlari orqali ball qo‘yishadi. Ular o‘zaro kelishib ololmaydi. Agar nomzod 56 balldan yuqori olib, reytingda birinchi bo‘lsa, rahbar uni ishga olishga majbur.

- Savollar-chi? Rahbar ataylab qiyin savol berib yiqitishi mumkinmi?

- Yo‘q, buning ham yechimi topilgan. Portalda Suhbat savollari bo‘limi ochilgan. Idoralar o‘z sohasiga oid savollarni oldindan yuklab qo‘yadi. Eng muhimi — suhbat paytida savolni kompyuterning o‘zi random (tasodifiy) tanlab beradi. Komissiya a’zosi “kayfiyatiga qarab” savol bera olmaydi.

Hatto tayyorgarlik ko‘rish uchun demo-test imkoniyati bor. Siz uyda o‘tirib, xuddi imtihondagidek o‘zingizni sinab ko‘rishingiz va qaysi sohada bilimingiz kamligini aniqlashingiz mumkin.

- Davlat xizmatida ishlayotgan xodimlar uchun nima o‘zgardi? HRM tizimi nima beradi?

- hrm.gov.uz (inson resurslarini boshqarish) tizimi — bu davlat apparatining “miyasi” demakdir. Vazirlar Mahkamasining 492-sonli qarori bilan endilikda barcha ichki hujjatlar — ishga olish, ta’til, xizmat safari, mukofotlash — faqat elektron shaklda, ERI (raqamli imzo) orqali amalga oshiriladi.

Bu nima degani? Bu “orqa sana” bilan buyruq chiqarish, qaysidir xodimning hujjatini ataylab “papka ostiga” yashirib qo‘yish davri tugaganini anglatadi. Kadrlar bo‘limi buyruq chiqargan zahoti, ma’lumot uchta katta bazaga avtomatik tortilishi belgilangan:

  • YaMMT (mehnat staji uchun);
  • UzASBO (oylik va mukofotlarni kechiktirmasdan to‘lash uchun);
  • ijro.uz (ijro intizomi uchun).

Bu orqali ma’lumotni ushlab qolish, o‘zgartirish yoki yo‘q qilib yuborish jismonan imkonsiz holatga keltirildi.

- Bu tizim xodimning karerasiga qanday ta’sir qiladi?

- Eng muhim nuqta shu yerda! Har bir xodimning “Raqamli qiyofasi”yaratildi. Ilgari sizning qanday ishlayotganingizni faqat rahbaringiz bilardi. Agar rahbar almashsa, siz yana “nol”dan boshlashga majbur edingiz.

Agar xodim yaxshi natija ko‘rsatsa, uning ma’lumotlari samaradorlik.gov.uz va zaxira.bsa.uz (kadrlar zaxirasi) platformalariga avtomatik integratsiya qilinadi. Ya’ni, chekkadagi tuman mutaxassisi faol ishlasa, uning nomzodi bevosita Respublika darajasida ko‘riladi va yuqori lavozimlarga tavsiya etiladi. Mahalliy rahbar endi iqtidorli kadrning o‘sishiga to‘sqinlik qila olmaydi.

- Agentlik faqat nazorat qiladimi yoki xodimlarni himoya ham qiladimi?

- Albatta, himoya qiladi. 2025 yil va 2026 yilning birinchi choragida qilingan ishlarga qarang:

  • 37 ta monitoring va 3 ta kompleks o‘rganish o‘tkazildi.
  • Natijada 32 ta taqdimnoma kiritilib, 38 nafar xodimning buzilgan huquqlari tiklandi.
  • Nogironligi bo‘lgan 37 nafar xodimning mehnat sharoitlari (qisqartirilgan ish vaqti va ta’til) bo‘yicha imtiyozlari tiklab berildi.

Eng muhimi, biz xodimlarning sog‘lig‘iga ham qarayapmiz. Viloyatda 1512 nafar davlat xizmatchisi profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va kasallik aniqlangan 38 nafarini davolatish choralari ko‘rildi.

— Viloyatdagi bir qator tumanlarda boshqaruv tizimi o‘zgaryapti. Bu nima beradi?

— Prezidentimizning 186-sonli Farmoniga asosan Samarqand viloyatidagi 4 ta tuman (Bulung‘ur, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on va Payariq) tajriba-sinov hududi sifatida tanlangan. Bu yerda Vazifa — funksiya — resurs — javobgarlik” zanjiri asosida ishlash tizimi joriy qilinmoqda.

Endi rahbarlar bir joyda “ildiz otib” qolmaydi. Tuman bo‘linmalari rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari har 5 yilda majburiy rotatsiya qilinadi. Mahallalardagi xotin-qizlar faollari va yoshlar yetakchilari ham endi hokimlik tuzilmasiga to‘liq o‘tkazildi. Bu vertikal boshqaruvni kuchaytiradi.

- Suhbatimiz so‘ngida nomzodlarga va yoshlarga nima degan bo‘lardingiz?

- Bitta gap: Davlat organlari asta-sekin eski, qotib qolgan byurokratik qobiqdan chiqib, KPI (samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlari)ga asoslangan yirik, moslashuvchan korporatsiyalar kabi ishlash tizimiga o‘tmoqda. Idoralar endi qat’iy ravishda natija uchun ishlashga majbur. Resurslar (shtat, mablag‘) quruq vazifaga emas, kutilayotgan aniq natijaga qarab berilmoqda, rahbarlar esa aniq raqamlar bilan hisobdor bo‘lishni boshladi.

Davlat eshiklarni ochdi, imtihonlarni shaffof qildi, savollarni oldindan e’lon qildi. Endigi navbat — nomzodlarning o‘zida. Faqat bilim va o‘z ustida ishlashgina sizga muvaffaqiyat keltiradi. “Tanish-bilish” qidirib vaqt sarflamang, yaxshisi portalga kirib, “demo-test” yeching va o‘z kelajagingizni o‘z qo‘lingiz bilan quring!

Yoqubjon Marqayev suhbatlashdi.