Jomboyda namunali madaniyat markazi nega tashkil etilmagan?
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 2024 yilda har bir tuman va shaharda konsert zali, kutubxona, kinozal hamda to‘garak xonalariga ega bittadan namunali madaniyat markazini tashkil etish vazifasi belgilangan edi. Biroq Jomboy tumanida bu boradagi ishlar hanuzgacha yakunlanmagan.
Tumandagi madaniyat muassasalari faoliyati bilan tanishish jarayonida bunga guvoh bo‘ldik. Ma’lum bo‘lishicha, Ahmadjon Qurbonov mahallasida joylashgan 16-madaniyat markazini namunali madaniyat markaziga aylantirish rejalashtirilgan. Ammo qurilish-ta’mirlash ishlari belgilangan muddatda tugallanmagan.
– 16-madaniyat markazi namunali madaniyat markazi sifatida tanlab olingan edi, – deydi muassasa badiiy rahbari Farit Shakarboyev. – Biroq ta’mirlash ishlari cho‘zilib ketdi. Ayni paytda ham qurilish ishlari davom etmoqda. Yaqin vaqt ichida ishlar to‘liq yakunlanib, markaz faoliyatini boshlaydi.
Hozirda tuman madaniyat bo‘limi tasarrufida uchta madaniyat markazi, «Jomboy taronalari» ashula va raqs ansambli hamda ikkita musiqa va san’at maktabi faoliyat yuritmoqda. Ushbu muassasalarda 40 nafar xodim 680 nafardan ortiq yoshlarga musiqa va san’at sirlarini o‘rgatmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida madaniyat muassasalari tomonidan 50 ga yaqin ommaviy, madaniy-ma’rifiy va teatrlashtirilgan tadbirlar tashkil etilgan. Shu bilan birga, sohada yechimbni kutayotgan yana bir qator muammo va kamchiliklar bor.
– Tizimdagi asosiy muammolardan biri oliy ma’lumotli mutaxassislar yetishmaydi, – deydi F.Shakarboyev. – Bugungi kunda sohada faoliyat yuritayotgan xodimlarning atigi 10 nafari oliy ma’lumotga ega. Shuningdek, ko‘plab tashkilotlar madaniyat markazlari bilan shartnoma asosida ishlamaydi. Davlat va ommaviy-madaniy tadbirlar kalendar reja asosida o‘tkazilishi, madaniyat xodimlariga xizmat haqi hamda musiqiy jihozlar ijarasi uchun mablag‘ to‘lanishi belgilangan bo‘lsa-da, amalda yubiley, kasb bayramlari va boshqa tadbirlarga xodimlar jalb etilib, ko‘p hollarda shartnoma qilinmaydi va haq to‘lanmaydi.
Tanishuv davomida madaniyat markazlaridagi to‘garaklarga qatnashuvchilar sonining kamligi ham e’tiborimizni tortdi. Soha xodimlari bu holatni yozgi ta’til davrida ko‘plab yoshlarning oromgohlar, sport to‘garaklari va xorijiy til kurslariga jalb etilayotgani bilan izohladi.
Tumandagi yagona 100 o‘rinli “Qaldirg‘och” bolalar oromgohida ham bo‘ldik. Manzarali va mevali daraxtlar bilan o‘ralgan oromgohda bu yil to‘rt navbatda 400 nafar bolaning dam olishi rejalashtirilgan. To‘rtta yotoqxona, tibbiyot bo‘limi, sport maydonchasi, kutubxona, kompyuter xonasi, turli to‘garaklar, basseyn va konsert sahnasi bolajonlar ixtiyorida.
Oromgoh direktori Yulduz Boymurodovaning ta’kidlashicha, mavsum oldidan yotoqxonalardagi matras va choyshablar, eskirgan jihozlar hamda oshxona idish-tovoqlari to‘liq yangilanib, bolalarning dam olishini mazmunli tashkil etish maqsadida 8 nafar tarbiyachi va murabbiy jalb qilingan.
Jomboy tumanida namunali madaniyat markazining haligacha tashkil etilmagani, kadrlar va moliyaviy masalalardagi kamchiliklarni bartaraf etish tuman hokimligi hamda viloyat madaniyat boshqarmasi mas’ullarining zimmasidagi vazifa. Mutasaddilar Prezident topshiriqlari ijrosini ta’minlab, mavjud muammolarga e’tibor qaratadi, degan umiddamiz.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.