Yangi o‘zbekiston bunyodkorlari katta hayotga qadam qo‘yishdi

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti akademik litseyida “Bugungi litsey bitiruvchisi - ertaga Yangi O‘zbekiston bunyodkori!” shiori ostida 2025-2026-o‘quv yili bitiruvchilariga diplom topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda litsey rahbariyati, Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Mazkur qutlug‘ dargohda chuqurlashtirilgan maxsus dasturlar asosida ta’lim olgan 227 nafar o‘quvchi bugun katta hayotga yo‘llanma oldi. Bitiruvchilarning mashaqqatli mehnatlari va yuqori intellektual salohiyati natijasi o‘laroq, ularning 194 nafari (85,5%) muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lish arafasida turibdi. Ushbu o‘quv yilida litsey yoshlari milliy va xalqaro darajadagi fan hamda til sertifikatlaridan jami 453 ta qo‘lga kiritishdi. Quvonarlisi, bitiruvchilarning 50 nafari bir yo‘la 5 ta fandan sertifikat sohibiga aylangan.

Joriy yilgi bitiruvchilar orasida 11 nafar oltin va 3 nafar kumush medal sohiblari borligi, shuningdek, 46 nafar o‘quvchining litseyni a’lo darajali diplom bilan tamomlayotgani muassasadagi yuksak ta’lim sifatidan dalolat beradi. Xususan, tabiiy fanlar yo‘nalishi o‘quvchisi Asilbek Muratov biologiya fanidan viloyat olimpiadasida faxrli 3-o‘rinni egallab, Respublika bosqichida faol ishtirok etdi. Tadbir davomida o‘quvchilarning sport sohasidagi yutuqlari ham alohida e’tirof etildi — «5 tashabbus olimpiadasi» doirasida litsey yoshlari shaxmat, shashka, voleybol va erkin kurash turlari bo‘yicha viloyatda faxrli o‘rinlarni band etishdi.

Bunday yuksak marralarni zabt etishda litseyning jonkuyar va fidoyi ustozlarining xizmati beqiyosdir. Bugungi kunda dargohda 60 nafar malakali pedagog ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Diqqatga sazovor jihati, ulardan 11 nafari Samarqand davlat universitetining professor-o‘qituvchilaridir. Asosiy shtatdagi o‘qituvchilarning 27 nafari bosh o‘qituvchi, 12 nafari esa yetakchi o‘qituvchi maqomiga ega. Pedagoglarning 43 nafari xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘lsa, xorijiy til o‘qituvchilarining barchasi (10 nafari) S1 darajadagi yuqori milliy sertifikat sohiblaridir.

Tantanali tadbir davomida bitiruvchilarga diplomlar, ularning ota-onalariga esa tashakkurnomalar topshirildi. Yoshlar Vatanimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishga va «Yangi O‘zbekiston» bunyodkori bo‘lishga va’da berdilar.