Respublikamizdagi maktab-internat bitiruvchilari asosiy fan olimpiadasida bellashmoqda

Samarqand shahridagi 59-ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internatida asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichi boshlandi.

Unda respublikadagi ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlaridan olimpiadaning hududiy bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 145 nafar 11-sinf o‘quvchilari matematika, ona tili va adabiyot, rus tili va adabiyoti hamda tarix fanlaridan bellashmoqda.

25-26 mart kunlari matematika, ona tili va adabiyot, rus tili va adabiyoti fanlaridan ikki turda yozma ish va test sinovlari o‘tkaziladi. Tarix fanidan esa bir turda faqat test sinovi o‘tkaziladi.

- O‘tgan yil avgust oyidan respublikadagi barcha ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimiga o‘tkazildi, - deydi agentlikning viloyat boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Sardor Luqmonov. - Va ilk marta respublikadagi "Nurli maskan" maktab-internatlari o‘quvchilari o‘rtasida asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichi o‘tkazilmoqda. Olimpiadaning ochiq, adolatli va shaffof o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida auditoriyalarda va hakamlar hay’ati uchun ajratilgan xonalarda videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan. Jarayonni ota-onalar ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib bormoqda.

Asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichida 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarga ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi elektron sertifikatlar beriladi.

Shu bilan birga, 1-o‘rinni egallagan ishtirokchi 4 500 000 so‘m, 2-o‘rin uchun 3 000 000 so‘m, 3-o‘rin 2 250 000 so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.