Internat-maktab tarbiyalanuvchisi kaltaklanganligi yuzasidan jinoyat ishi ochildi
2020 yil 12 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Yashnobod tumanida joylashgan 103-yordamchi internat-maktabi tarbiyalanuvchisi kaltaklanganligi haqida videoyozuv tarqalgan.
Holat bo‘yicha Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, 2020 yil 11 dekabr kuni fuqaro K.Z. (ayol) Yashnobod tumani IIO FMBga ariza bilan murojaat qilib, unda aqli zaif, voyaga yetmagan qizi maktab-internatidan tan jarohatlari bilan kelganini ma’lum qilib, aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining ma’lumotnomasiga ko‘ra, voyaga yetmagan qiz tanasida “O‘ng yelka sohasi va o‘ng ko‘krak sohasi, o‘ng ko‘krak sohasi ostki qismlari yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi hamda ko‘karishi” kabi tan jarohatlari borligi aniqlanib, zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan va tegishli davo choralari tavsiya qilingan.
Shu bilan birga voyaga yetmagan qizning tanasidagi jarohatlarining kelib chiqish mexanizmi va og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid ekspertiza tayinlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.