Samarqand shahridagi 64-maktab-internat faoliyati to‘xtatiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 29 mayda qabul qilingan “Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar maktab-internatiga voyaga yetmaganlarni qabul qilish to‘xtatiladi. Ayni paytda ushbu muassasada tarbiyalanayotgan bolalar o‘qishni shu yerda belgilangan tartibda tugatadilar.
Qarorda belgilanishicha, Baxt shahridagi o‘g‘il bolalar maxsus kolleji, Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji, Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar maktab-internati va Chinoz tumanidagi 5-sonli qiz bolalar maktab-internatining negizida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzurida Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi hamda Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi tashkil etiladi.
Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi Toshkent viloyati, Chinoz tumani, “Gulzorobod” mahallasida joylashadi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga biriktiriladi.
Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi esa Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Baxt shahri “Tadbirkor” mahallasida joylashib, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga biriktiriladigan bo‘ldi.
Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga 14 yoshga to‘lgan va 18 yoshdan oshmagan voyaga yetmaganlar joylashtiriladi.