Ombudsman Samarqanddagi 63-sonli maktab-internatda o‘rganish o‘tkazdi
24 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati 63-sonli aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internat tarbiyalanuvchilarining yuz qismi ko‘kargan, shikastlangan va yirtiq-yamoq kiyimlarda yurgan va kir yuvishga majbur qilinayotganligi holatlari aks etgan rasmlar keng tarqalib jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Mazkur xabar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari - Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan nazoratga olinib, Samarqand viloyati hokimiga holatni o‘rganish va to‘plangan ma’lumotlarni taqdim etish bo‘yicha so‘rov yuborilgan.
Holat joriy yilning 25 may kuni Bola huquqlari bo‘yicha vakilning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili N.Rabbimova, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, tuman hokimi N.Sulaymonov, tuman prokurori D.Kubayev, tuman IIB boshlig‘i B.Ibragimov, viloyat xalk ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Z.Shodiyeva, boshqarmaning mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganildi.
Mintaqaviy vakilning aniqlashicha, Oqdaryo tumanidagi ushbu muassasada tarbiyalanayotgan suratdagi 2 nafar bola otasi tomonidan uyiga qaytarib olib ketilgan, ko‘zi ko‘kargan bola esa 11 mart kuni tengdoshi bilan urishganligi va o‘shanda ko‘zi ko‘karganini aytgan. Bu holat bolaning tibbiy anketasida ham qayd etilgan.
Shuningdek, tog‘orada kir yuvayotgan 4-sinf o‘quvchisining onasi bilan suhbat qurilganida bu kabi holatlar 4 yil davomida umuman kuzatilmaganligi va ushbu rasmni ko‘rib tushunishmaganligini bildirgan... Albatta, bu holat o‘rganilib, unga oydinlik kiritilgach, bola huquqlarini ta’minlashda, ularning ta’lim olishi, sog‘lig‘ini saqlash masalalarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar aniqlansa, ularga tegishli choralar ko‘riladi.
Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili N.Rabbimovaning so‘zlariga ko‘ra, muassasada nosog‘lom muhit hukm surmoqda. Xodimlar o‘rtasida o‘zboshimchalik, rahbarlarga bo‘ysunmaslik, lavozim vazifalarini bajarmaslik, o‘z ishiga e’tiborsizlik bilan qarash holatlari ko‘zga tashlanmoqda.
Mazkur masala Samarqand viloyati hokimi nazoratiga olinib, muassasadagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qat’iy vazifa va topshiriqlar berilgan.