Fuqaro huquqlari — qonun himoyasida: yangi tartiblar, amaliy natijalar
Bundan bir yil avval qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi Qonun mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
8 bob va 57 moddadan iborat ushbu hujjat yangi Konstitutsiya talablari asosida yangidan ishlab chiqilib, ombudsman institutining huquqiy asoslarini mustahkamladi, uning faoliyatini aniq tartibga soldi hamda huquqiy kafolatlarini yanada kengaytirdi.
Qonunda, eng avvalo ombudsmanning davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar va tashkilotlar faoliyatida inson huquqlariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish vakolati belgilab qo‘yildi. Shu bilan birga, ombudsman har yili Oliy Majlis palatalariga o‘z faoliyati haqida ma’ruza taqdim etish orqali jamiyat oldidagi hisobdorligini ta’minlaydi. Yana bir muhim jihat — ombudsmanning qonunchilik tashabbuskorligi huquqiga ega bo‘lishi bo‘lib, endi u o‘z taklif va tashabbuslarini Qonunchilik palatasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritishi mumkin. Bu inson huquqlari sohasidagi muammolarni qonunchilik darajasida hal etish imkoniyatlarini kengaytirdi.
Qonun qiynoqlarning oldini olish, shafqatsiz va zulm xarakteridagi munosabatlarga chek qo‘yish, qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash bo‘yicha ham muhim yangiliklarni o‘z ichiga oldi. Jamoatchilik monitoring guruhlari, ekspert komissiyalari faoliyatini huquqiy jihatdan mustahkamlash esa bu sohadagi ochiqlik va jamoatchilik ishtirokini yangi bosqichga olib chiqdi. Ombudsmanga qamoqxonalarga kirish, mahkumlar bilan uchrashish, tibbiy va psixologik shart-sharoitlar ta’minlanishini o‘rganish huquqining berilishi insonparvarlik tamoyillarining amaldagi ifodasidir.
Shu bilan birga, respublika bo‘ylab ombudsmanning mintaqaviy vakillari tashkiliy jihatdan kuchaytirilib, murojaatlarni tezkor va samarali tarzda ko‘rib chiqish imkoniyati kengaytirildi. «Ombudsman qutisi» kabi mexanizmlar joylarda aholi bilan bevosita muloqot va murojaatlar qabul qilishning qulay usuli sifatida o‘zini namoyon qilmoqda. Qonunda ombudsmanning mustaqilligi, faqat qonunga bo‘ysunuvi, uning faoliyatidagi oshkoralik va shaffoflik tamoyillarining kafolatlanishi esa inson huquqlari himoyasining institutsional mustaqilligini ta’minlaydi.
Agar faoliyatimizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘tgan 9 oy mobaynida jami 451 ta murojaat kelib tushdi. Shulardan 37 tasi fuqarolardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, 393 tasi ombudsman devonidan, 21 tasi esa jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalaridan yo‘llangan. Murojaatlarning mazmunan tahlili aholini ko‘proq ijtimoiy (137 ta), iqtisodiy (130 ta) va shaxsiy huquqlar (92 ta) borasidagi masalalar tashvishlantirayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, ekologik, siyosiy va bola huquqlari bo‘yicha ham o‘nlab murojaatlar ko‘rib chiqilgan.
Masalan, fuqaro Yusuf Ochilov aliment to‘lovlari to‘xtatilganiga qaramay, unga nisbatan safar ta’qiqi bekor qilinmagani bo‘yicha murojaat qildi va bu masala ko‘rib chiqilib, ta’qiq olib tashlandi.
Pensiya to‘lovlari ikki oydan beri to‘xtab qolganligi bo‘yicha murojaat qilgan X.Boboqulovning masalasi ham o‘rganilib, to‘lovlar tiklandi va qarzdorlik to‘liq to‘lab berildi. Bu kabi misollar ombudsman institutining aholining kundalik muammolarni hal etishdagi ta’sirchanligini yanada yaqqol namoyon qiladi.
Yana bir gap. «Ombudsman maktabi» loyihasi doirasida Samarqandning bir qator tuman va mahallalarida, shuningdek ta’lim muassasalarida aholi va yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularga inson huquqlari, kiberjinoyatchilikning oldini olish, bola huquqlarini himoya qilish kabi mavzularda tushuntirishlar berildi. Shu tadbirlarda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan birgalikda yoshlar va aholi bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, ehtiyojmand oilalarga bepul dorilar tarqatildi.

Otabek Toshniyozov,
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning viloyatdagi mintaqaviy vakili.