Ombudsman vakili Samarqand shahridagi 38-manzil koloniyadagi mahkumlarning yashash sharoiti bilan tanishdi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Husanov Ijtimoiy himoya milliy agentligi, viloyat sog‘liqni saqlash va pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmalari vakillari bilan hamkorlikda ushbu manzil koloniyasida bo‘lib, bu yerda saqlanayotgan mahkumlarning mehnat qilish, yashash va tibbiyotdan foydalanish sharoitlarini o‘rgandi.
Dastlab mahkumlarning uzoq muddatli uchrashuvlarga kelgan oila a’zolari bilan suhbat o‘tkazildi. Mahkumlarning oila a’zolari va farzandlari bilan uchrashuvi uchun xonalar va undagi sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, tibbiy bo‘limlari, oshxona va oziq-ovqat mahsulotlari saqlanayotgan xonalar, yuvinish xonalari ko‘zdan kechirildi.
Mahkumlar uchun manzil koloniyada ishlash uchun yaratilgan ishlab chiqarish ob’yektlari, ularning ishlash sharoiti, oylik maoshlari o‘rganib chiqildi.
Bundan tashqari, manzi koloniyadagi nogironligi bor fuqarolar uchun foydalanish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘ltiqtayoq, hassa, nogironlik aravachalari berildi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining 16 nafar maxsus shifokorlar guruhi “Mobil avtobus”da joylashgan xar xil turdagi uskunalari hamda UTT apparatlari yordamida 280 nafar mahkumga tibbiy xizmat ko‘rsatdi. Tibbiy ko‘rik jarayonida 3 nafar mahkumning operatsiyaga extiyoji borligi aniqlanib, ularning ro‘yxati shakllantirildi. 3 nafariga dori-darmon yetkazib berish choralari ko‘rildi.
Shundan so‘ng sayyor qabul o‘tkazildi. Ombudsmanning viloyatdagi mintaqaviy vakiliga 18 nafar maxkum turli masalalarda murojaat qildi. Ulardan 2 nafari sud ajrimi to‘liq bajarilmayotganidan noroziligini bildirdi.
- Ular – J.Ataniyazov va Sh.Yusupov shu yilning 4 oktyabr oyida sud ajrimiga asosan qamoqqa olingan, - deydi D.Husanov. - Ikkala mahkumning hukmida ham jazo o‘tash jarayonida Jinoyat kodeksining 96-moddasiga asosan jazoni o‘tash jarayonida giyohvandlikdan majburiy ravishda davolanish belgilangan. Shunday bo‘lsa-da, bugungi kungacha ular davolanish uchun tibbiyot markaziga jo‘natilmagan. Murojaatdan keyin shu kunning o‘zida ularni davolanishlari uchun Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat mintaqaviy filialiga davolanish uchun o‘tkazildi.