1-oktyabrda maktab o‘qituvchilari qancha mukofot oladi? Bu texnik xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga ham beriladimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘qituvchilari “1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni”munosabati bilan 953 ming so‘mdan mukofotlanishi bo‘yicha xabarlar tarqalmoqda.

Mazkur xabar qisman noto‘g‘ri. Buni tarqatayotganlar Prezident farmonidagi kichik, lekin o‘ta muhim joyini noto‘g‘ri talqin qilishgan.

Xabarlarda aytilganidek, 2025 yil 19 martdagi PF–51-son Prezident Farmoni bilan umumta’lim muassasalarining Direktor jamg‘armasidan foydalanish tartibiga o‘zgartirish kiritildi. Yangi o‘zgarishga ko‘ra, “1oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan xodimlarni mukofotlash miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 75 foiziGAChA etib belgilandi. Avval mukofotlash miqdori 50 foizni tashkil etgan edi.

Yangi o‘zgarishdagi -GAChA qo‘shimchasi maksimal chegarani anglatadi, lekin bu hamma xodimlar 75% mukofot oladi, degani emas. Qayerdadir 75, qayerdadir 60, qayerdadir 50 foiz berilishi mumkin.

Mukofot miqdori mukofotlash davrida “Direktor jamg‘armasi”ning amaldagi moliyaviy holatidan kelib chiqib, uning joriy moliya yilidagi mavjud mablag‘lari doirasida belgilanadi. Oddiy tilda aytganda, “Direktor jamg‘armasi”da qancha pul borligiga qarab, mukofot miqdorlari farq qiladi, barcha maktabda o‘qituvchilar bir xil mukofot olmasligi mumkin.

Mukofotning eng maksimal miqdori MHTEKM 75 foizigacha, ya’ni 953 ming 250 so‘m bo‘ladi, bundan ko‘p mukofot berish mumkin emas, lekin moliyaviy imkoniyati bo‘lmasa, bundan kam berish mumkin.

BU MUHIM: bayram munosabati bilan mukofot faqat o‘qituvchilarga emas, balki barcha xodimlarga beriladi. Ya’ni rahbar va texnik xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ham mukofot oladi.

Albatta, ustozlar qancha ko‘p oylik olsa, qancha ko‘p ustama va mukofot olsa, shuncha yaxshi. Ammo huquqiy jihatdan amaldagi tartibni to‘g‘ri talqin qilgan foydadan xoli bo‘lmaydi.