Jurnalistika meni tanladi
Ha, shunday, jurnalist bo‘lishni hech qachon orzu qilmaganman. Bolalikda katta amaldor yoki tadbirkor bo‘lishni xayol qilardim. Chunki eng ko‘p hurmat ko‘rayotgan, yaxshi yashab, katta imkoniyatga ega bo‘layotgan insonlar aynan ulardek tuyulardi menga. Vaqt o‘tib, haqiqatni yozish ham kasb, adolat uchun kurashish sharafli va mas’uliyatli vazifa ekanini tushundim.
Yashirmayman, “Zarafshon” gazetasi tahririyatiga ilk bor kelganimda bitta axborotni besh marta qayta yozganimda ham ustozlarim “shunchalik bo‘ladimi?” demagan. Sabr bilan, to‘g‘ri maslahat berib, yo‘l ko‘rsatgan. Qaysidir mavzuda yozmoqchi bo‘lsam, nafaqat o‘zim guvoh bo‘lgan voqea-hodisalarni yoritish, balki odamlarning dardini eshitish, tashvishini his qilish, muammoning mohiyatini ochib berish kerakligini ham aynan ular o‘rgatgan.
Masalan, “Mahallada ichimlik suvi muammosi bor”, degan jumlani yozish juda oson. Ammo o‘sha mahallada har kuni minglab kilometr masofadan suv tashishga majbur bo‘layotgan onaxonni ko‘rsangiz, bu gapning ma’nosi ham, «og‘irligi» ham butunlay o‘zgaradi. Ustozlarim menga jurnalistikaning aynan shunday nozik jihatlarini va faqat maqola yozishni emas, har bir holatda inson taqdiri, qadr-qimmati borligini anglashni o‘rgatdi. Shuning uchun ham jurnalistning asosiy quroli kamera emas, balki ishonch deb hisoblayman. Odamlar o‘z dardini bemalol aytishi, muammosini ochiq bayon qilishi uchun avval jurnalistga ishonishi kerak. Bu ishonchni esa na diplom, na xizmat guvohnomasi beradi. Uni faqat halol mehnat, xolislik va mas’uliyat bilan qozonish mumkin.
Kasb yuzasidan turli insonlar bilan uchrashamiz. Ba’zilar muxbirni ko‘rsa, “Endi muammomiz hal bo‘ladi”, deb umid qiladi. Ayrimlar esa jurnalist kelganidan xavotirga tushadi. Chunki haqiqat har doim hammaga yoqavermaydi. Lekin jurnalistning vazifasi kimnidir maqtash yoki qoralash emas, aksincha uni jamiyatga yetkazishdir. Ko‘pchilik jurnalistika deganda televideniyeda ko‘rinish, ijtimoiy tarmoqlarda tanilish yoki mashhurlikni tasavvur qiladi. Aslida esa bu kasbning ko‘rinmaydigan tomonlari ko‘proq. Mashaqqatli mehnat, doimiy izlanish, turli manbalar o‘rganish, faktlarni tekshirish jurnalistning kundalik ishidir.
Ustozlarim aytganidek, haqiqiy jurnalist ko‘chadagi chuqurni ham, maktabdagi kamchilikni ham, shifoxonadagi uzun navbatni ham oddiy holat deb qabul qila olmaydi. Chunki u har bir muammo ortida inson hayoti, orzu-umidi va taqdiri turganini his qilib yashaydi. Bu soha menga odamlarni tushunishni, ularning dardi va quvonchini his qilishni, eng muhimi, halol yashashni o‘rgatdi. Bugun ham o‘zimni to‘laqonli jurnalist deb atashga shoshilmayman. Chunki bu maqom xalq ishonchi bilan beriladi va bunga erishish uchun intilishdan to‘xtamayman. Bu yo‘lda meni qo‘llab-quvvatlayotgan barcha ustozlarimdan minnatdorman. Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustozlar, qadrli hamkasblar!
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.