40 dan ortiq kompaniya vakillari Samarqand imkoniyatlarini o‘rgandi

Joriy yilning 16-18 iyun kunlari o‘tkazilgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumida dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan 8 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi.

Viloyatimiz vakillari ham ushbu forumda munosib qatnashib, rivojlangan davlatlardan tashrif buyurgan 80 dan ortiq kompaniya mas’ullari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Jumladan, AQShning “Cove Capital” kompaniyasi bosh direktori Pini Ataxuz, Germaniyaning “HYPERCON” kompaniyasi boshqaruvchisi Todor Totev, Fransiyaning “Groupe Bonduelle” kompaniyasining MDH davlatlari bo‘yicha bosh direktori Frederik Puss bilan muloqot davomida muhim kelishuvlarga erishildi. Kelishuvlar asosan tog‘-kon sanoati, metallurgiya, qurilish materiallari ishlab chiqarish, to‘qimachilik, energetika, raqamli infratuzilma hamda boshqa ustuvor tarmoqlarni qamrab oladi.

Koreya davlatining “BOMI” kompaniyasi boshqaruv raisi Kim Dok Yong bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Samarqand shgahrining “Shirin” massivi hududidagi 1 gektar yer maydonida 20 million dollarlik zamonaviy ko‘p funsiyali turar-joy majmuasini barpo etish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishildi.

Forum doirasida o‘tkazilgan 40 dan ortiq yirik kompaniya vakillari, xususan, AQShning “Ecology Mirror Group” kompaniyasi asoschisi va ijrochi direktori Adham Yusupov, Avstriyaning “Lasselsberger Group” kompaniyasi bosh direktori Yozef Lasselsberger, Germaniya “Xolding Progress Grupp” kompaniyasining texnik direktori Shtefan Gaydel ham viloyatimizda bo‘lib bu yerdagi investitsion imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.  

Shuhrat NORBOYeV,

viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.