Bu yerdan chiqsam... boshqacha yashayman!
Qismatning qilmishlari qiziqda... Ba’zida bir kibring ortidan shunday holatga kelib qolasanki, voh, o‘sha kibr bilan yurgan menmidim, endi qay ahvoldaman, deya o‘zingdan uyalib qolasan. Gohida hayotning yaxshiliklaridan sarmast bo‘lib, qay yaxshi xulqim uchun berilgan ekan, bu ne’matlar deya taningga sig‘may shukur etasan. Gohida bu ne’matlar sen qachon istasang, qo‘l uzatsang muhayyo bo‘ladiganday yashaysan. Kimnidir aldaysan, kimgadir zulm qilasan, kimningdir ko‘nglini chil-chil sindirasan... Bilmaysanki, barchasining javobi bor, ba’zida bu qilg‘iliklaring jabrini tortayotganingni ham tushunmaysan, anglab yetmaysan.
Ozodlikdan mahrumlikdan ham og‘ir jazo
- Hatto sud bo‘layotgan, aybim isbotlangan paytda ham kibrim bor edi, hech ishonmadim, - deydi xorazmlik Salima Mansurova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan). Nahotki, men-a, men qamalamanmi, bo‘lishi mumkin emas, deya atrofimda men bilan sodir bo‘layotgan voqealarga bepisand munosabatda edim. Hukm o‘qilgandayam ich-ichimda norozilik bor edi. Xatolarimni, odamlarni aldaganimni tan olgim kelmasdi. Axir o‘z doiramda kimsan, falonchi opa edim, mashina olib sotishda, mijoz topishu mashina pullashda mendan o‘tadigan yo‘q edi. Hammasini bir pasda eplardim. Ammo nafsim g‘olib keldimi, ba’zida odamlarni aldadim, ularning oh-vohlarini pisand etmadim. Natijada... Bu manzilda xatolarim qanchalik og‘irligini his qildim. Tabiiyki, darrov sodir bo‘lmadi bu jarayon. Bir kuni nogironligi bor kenja o‘g‘lim bilan gaplashdim. Uyda bor mablag‘ tugagan, hatto nonga ham puli tugabdi. Ko‘chada baklashka yig‘ib, sotib kun ko‘ribdi. Tasavvur qilyapsizmi, bir paytlar qo‘lida pul o‘ynagan ayolning farzandi shu ish bilan shug‘ullansa... Ko‘ksimga kimdir pichoq sanchganday bo‘ldi. Qizlarim nufuzli oliy ta’lim dargohlarida o‘qiydi. Ular bilan gaplashib turaman. “Ona, sovchi bormoqchi uyga, siz haqingizda qanday qilib aytay”, deydi. Ona uchun bundan og‘irroq gap bormi, axir. Sizning qamoqdaligingizni qanday aytaman, agar shu gapni aytsam qaysi sovchi kelardi uyimizga, nega xato qildingiz, demoqchi qizim. Buni tushunib turibman. Tushungan sari azobim kuchayadi, farzandlaring oldida mulzam bo‘lishdan og‘iri yo‘q ekan bu dunyoda. Dilbandlaring kelajagiga rahna solayotgan inson ona bo‘lsa, bundan ortiq jazo bormi!?
Moliyaviy piramida
- Hammasi internetda pul topish bo‘yicha real odamlarning fikrlari asosida berilgan reklamalardan boshlandi, - deydi kattaqo‘rg‘onlik Mastura Alimova. – Real insonlar, Toshkentda aniq ofislari mavjud bo‘lgan xorij firmasi (harholda shunga ishondik), internetda rasmiy saytlari mavjud bo‘lgan korxona. Hammasini tekshirib, o‘rganib keyin ishondim. Bizdan talab etiladigani bitta: ma’lum miqdorda pul topshiramiz va oradan bir necha oy o‘tib, mablag‘imiz ko‘paytirilgan holda bizga qaytarib beriladi. O‘zim Toshkent shahriga, ya’ni o‘sha, “Yuniken Finans” deb tanishtirilgan korxona ofisiga bordim. Barcha ma’lumotlar, korxona faoliyati bo‘yicha e’lonu zarur bo‘lgan ko‘rsatmalar hammasi mavjud edi. Ofis ham mahobatli, xorij korxonasi degan nomga munosib bo‘lgani uchun chippa chin ishondim. Avvaliga ming AQSh dollari, keyin ko‘proq olib borib berdim. Qo‘ni-qo‘shnilarimga aytdim, ular ham qiziqish bildirishdi. Elektron tarzda u – bu ma’lumotlarni kiritish kabi ishlari bo‘lgani uchun ko‘pincha ular pullarini menga ishonib topshirardi. Pulni eltib berardim, qaytishda mablag‘imiz evaziga tushadigan foydani ham olib kelardim. Qariyb bir yilcha shunday, hammamiz ishondik, qo‘ni-qo‘shnilar topshiradigan mablag‘ ham ko‘payib bordi. Pulingizning foizini olmay tursangiz, u yanayam katta foyda keltiradi, deb maslahat berishgani uchun, ko‘pchilik bir necha oy davomida foizlarini ham olmay turishdi. Bir kuni Toshkentga bordim, pul kerak edi, hech bo‘lmasa foizidan ozroq mablag‘ olay, desam, ofis yo‘q. Telefonlar o‘chiq. So‘rab-surishtirdim, hech kim bilmaydi, umuman nom-nishonsiz, go‘yo hech qachon mavjud bo‘lmagandek.
Xullas, qo‘ni-qo‘shnilarimdan mablag‘ni men yig‘ib berganim uchun hamma ayb mening bo‘ynimda qolib ketdi. Bir necha milliardlab pulni qanday to‘layman axir. Mana endi aybdorman, aybimga iqrorman va jazo muddatini o‘tayapman.
To‘g‘ri, bugun jazoni ijro etish muassasalarida sharoit yomonmas, ammo erkin yashash qadri naqadar katta baxt ekanligini bu yerga tushmaguncha hech kim his qilmasa kerak. Aks holda jinoyat yo‘liga kirmasdi. Farzandlaring bilan telefonda bor-yo‘g‘i o‘n daqiqagina gaplashish imkoni bor. Hol-ahvol so‘raguningcha bu muddat o‘tib ketadi. To‘g‘ri, hozir yangi qarorga ko‘ra oiladagilar bilan videomuloqot qilish imkoni ham berildi. Baribir, bolalaringni bag‘ringga bosolmasang, ko‘rging kelganda ko‘rolmasang. Yaxshi tikuvchiman, mijozlarim juda ko‘p, daromadim ham yaxshi edi. Bunday moliyaviy firibgarlikka nega ishondim, nega odamlarni ham ergashtirdim shu ishga. Endi ming o‘ylab, azob cheksam ham foydasi yo‘q. Faqat odamlarga ehtiyot bo‘ling, chiroyli ko‘ringan qasr qumdan qurilgan bo‘lishi ham mumkin ekan, unutmang, degim keladi.
Bolamni sotmoqchimasdim...
- 135-modda, 3-qismi, “a” bandi bilan ayblanganman, - deydi buxorolik juvon (bu manzildagilar sodir etgan qilmishlarini nomi bilan emas, moddasi bilan aytishadi. Ehtimol, rasmiy so‘rovlar payti shunga ko‘nikishgan yoki ayblovning nomini aytishga nomusi yo‘l bermaydi). – Judayam qiynalib yashardim, farzandlarimni boqishga ham pulimiz yo‘q edi. Shu payti yana homilador bo‘ldim. Onam “shu chaqalog‘ingni birorta farzandsiz oilaga bersakchi”, dedilar. Rozi bo‘lmadim, avvaliga. Lekin keyin o‘ylab qarasam, boshqa imkonim yo‘q ekan. Xullas... oldi-sotdi bo‘layotganda qo‘lga tushdik. Lekin men bolamni berishni istamagandim, hozir oilamga qaytarildi bolam, uydagilar qarashyapti. Men bunday bo‘lishini istamagandim...
Sharoitimni hisobga olib, menga uy qamog‘i berilgan edi. Lekin bu jazo turining ham o‘z qoidalari bor ekan. Ularga rioya qilmaganim uchun bu yerdaman. Qaniydi, shu ishlar bo‘lmaganida... Endi turmush o‘rtog‘im ham men bilan ajrashdi, boradigan joyim ham yo‘q. Chiqqanimda ma’lum vaqt boshpana bilan ta’minlashar ekan, bu yerda tikuvchilikni o‘rgandim. Hunarim bilan ro‘zg‘orimni halol tebrataman. Chiqsam, umuman boshqacha yashayman, bunga ishonaman.
Past Darg‘om tumani Go‘zalkent qo‘rg‘onidagi 37-sonli manzil koloniyadagi ayollarning bir nechtasi bilan suhbatlashdik, suhbat asnosida aksariyati shu fikrni takrorlashdi: umuman boshqacha yashayman, ochiqda bo‘lsang, salomat bo‘lsang hayot har lahzasi qadrli ekan!
Qaniydi, barchamiz ham shu xulosaga kelolsak, boshqacha yashash lozimligini, har lahzaning qadriga yashab yetmoqni boshimizga tashvish tushganda emas, mudom his qilsak...
Gulruh MO‘MINOVA.