Demografik dunyo

Davr mezoni
Har bir davrning o‘z qiyofasi, o‘z mezonlari bo‘ladi. Biz maktabda o‘rgangan tarixda tarozi pallalari juda oddiy nomlanardi. Quldorlik jamiyatida "qullar-quldorlar" sinfi, feodalizmda "feodallar-dehqonlar", kapitalizmda "sarmoyadorlar va yo‘qsullar", kommunizmda esa sinflar yo‘qolib ketib, jamiyatning barcha a’zolari tenglashishi ko‘zda tutilgandi.

Afsuski, kommunistik utopiya tarix mulkiga aylanib ketganiga ancha bo‘ldi. Garchand, dunyoning ba’zi mamlakatlarida kompartiyalar hanuz mavjud bo‘lsa-da, ularning faoliyati allaqachon o‘zgacha nokommunistik izga tushib qolgan. Masalan, Xitoydagi Markscha, Lenincha, Stalincha kommunistik firqa davlat kapitalizmining siyosiy dastyoriga aylanib ulgurdi. Rossiyada esa baynalmilalchi komfirqa vorislari rus shovinistlari bilan og‘iz-burun o‘pishmoqda. Dunyoning boshqa mamlakatlaridagi kommunistik partiyalar ham sobiq SSSR timsolida o‘z rahnamolaridan judo bo‘lgach, suvga tushgan toshdek birma-bir yo‘qolib borayotir. Ziddiyatli dunyo bugun tarix sahnasiga o‘zining yangi o‘yinchilarini chiqarmoqda. Ularni shartli ravishda "o‘nglar" va "so‘llar" deb atashmoqda. O‘nglar jamiyat boshqaruvida an’anaviy usullar tarafdori, so‘llar esa yangi-yangi yechimlarni izlash bilan ovora. Avvalo, "o‘ng-so‘l" atamasining paydo bo‘lish tarixiga bir nazar solib ko‘rilsa, buning sabablari oydinlashadi.

1789 yilda Fransiya parlamentidagi deputatlar o‘z dunyoqarashlariga ko‘ra ikki guruhga bo‘lindi. Qirol tarafdorlari zalning o‘ng tomoniga, inqilob va islohot tarafdorlari esa chap tomonga o‘tirib olishdi. Majlisdan so‘ng siyosatshunoslik ilmiga "o‘nglar" va "so‘llar" degan atamalar kirib keldi. Shundan buyon konservativ boshqaruv tarafdorlari o‘zini o‘nglar, sotsial-demokratlar esa so‘llar deya atay boshladi. "O‘nglar" qirolni, cherkovni va eski tartiblarni qo‘llab-quvvatlardi. "So‘llar" esa qirolni, cherkovni hokimiyatdan chetlashtirib, ozodlik, tenglik va yangi qonunlar tarafdori edi. XIX asr davomida "so‘llar" o‘z g‘oyalarini butun dunyo bo‘ylab targ‘ib-tashviq eta boshladi. XX asrning ikkinchi yarmiga kelib, ular Yer kurrasining yarmiga o‘z mafkuralarini to‘liq yoyishga erishdi.

Rossiyada 1917 yili oktyabr inqilobi g‘alaba qozongach, bir muddat o‘tib, dunyo xaritasida o‘nlab yirik sotsialistik davlatlar paydo bo‘ldi. Ko‘pgina G‘arb mamlakatlarida sotsial-demokratlar boshqaruvni o‘z qo‘liga oldi. Aytish mumkinki, XX asr “so‘l”lar davri bo‘ldi. Ammo bu asr oxiriga kelib dunyoning peshqadam sotsialistik mamlakati SSSR zavolga yuz tutgach, jahon miqiyosida "so‘l" siyosiy kuchlarning quvvati so‘na boshladi. Tarix soatining kafgiri "o‘ng" tomonga qarab og‘di. G‘arb dunyosidagi so‘l kuchlar ham birin-ketin o‘z marralarini boy berishdi. Masalan, hozir Rossiyaning deyarli barcha aholisi "yangi podshoh" — Putin tarafdori bo‘lsa, AQShdagi saylovchilarning yarmidan ko‘pi "yangi qirol" — Tramp uchun ovoz berdi. Rossiyada so‘l kayfiyatdagi kishilar shafqatsiz quvg‘in qilinmoqda, Amerikada esa Tramp demokratik partiyani birinchi raqamli dushman, deb e’lon qildi. Xitoyda kommunistik partiyaning shunchaki, nomi qolgan, xolos.

Dunyoning yetakchi davlatlarida shu ahvol bo‘lgach, kichik mamlakatlar haqida gapirishning o‘zi ortiqcha. Hozir Yevropa ittifoqidan tashqari, ko‘pgina mamlakatlarda o‘ng qanot firqalar hukmronlik qilmoqda. Ular garchand, o‘zlarini zamonaviylashtirib, liberal, demokrat, sotsialist, deya atayotgan bo‘lsalar-da, mohiyatan konservativ “o‘ng” kayfiyatdagi guruhlardir. Tramp, Putin, Si Jinpin, Modi, Humanaiy, Erdo‘g‘on singari yirik siyosiy arboblar o‘zini kim deb tanitishlaridan qat’i nazar, ularning barchasi avtoritar boshqaruv usuli tarafdori. Xalqaro kurash maydonida AQSh, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Rossiya, Eron singari davlatlarning tobora kuchayib borayotgani "o‘ng" qanot siyosatchilarni tobora ilhomlantirmoqda.
 
Jigarrang xatar 

Bir necha yil burun jahonning ko‘zga ko‘ringan olimlari Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh kotibiga maktub yo‘llab, dunyo miqyosida populistik millatchilikning kuchayib borayotganligi, bu esa oxir-oqibat, liberal-demokratik qadriyatlarning barbod bo‘lishiga, fashizmning qayta jonlanishiga va turli mamlakatlarda yangi-yangi ziddiyat o‘choqlarining paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkinligi haqida jiddiy ogohlantirdilar. Shundan so‘ng dunyo hamjamiyati bu boradagi vaziyatni o‘rganib chiqib, maxsus vakilning hisobot ma’ruzasini tingladi va ommaviy axborot vositalarida e’lon qildi.

Shu o‘rinda, avvalo, populistik millatchilik nima ekanligi haqida qisqagina ma’lumot berishga to‘g‘ri keladi. Davlat boshqaruvi jarayonida muammolarga uchragan siyosiy elita o‘zining tor siyosiy manfaatlarini ko‘zlab, oddiy fuqarolar ongidagi salbiy hissiyotlarni uyg‘otishga urinadi. Aytaylik, “migrantlar mamlakatimizda jinoyatchilikning oshishiga sabab bo‘lmoqda” yoki “qashshoq yashayotganimizga muhojirlar aybdor”, degan uydirma gaplarni urchitib, targ‘ibot-tashviqot tizimi orqali xalqining qulog‘iga quyadi. Qizig‘i shundaki, bunday iddaolardan nafaqat davlat boshida turganlar, balki ular bilan ixtilofda bo‘lgan muxolifatchilar ham unumli foydalanishadi. Masalan, AQSh prezidenti Donald Tramp saylov oldidan muhojirlar amerikaliklarning nonini yarimta qilayotgani, ish beruvchilar korxonalarini xorijga olib chiqib ketayotganligi qashshoqlar sonining oshishiga sabab bo‘layotganligi haqida gapirib, o‘z tarafdorlarini ko‘paytirishga erishgandi.
Bundan tashqari, bu arbob AQShda irqchilik va millatchilikni rag‘batlantirib, siyosiy manfaatlari yo‘lida foydalanganligi ham amerikaliklarning azaliy demokratik qadriyatlari asosini ancha zaiflashtirib qo‘ydi. Fransiyalik populist Marin Li Pen esa rasmiy hukumatga qarshi xalqni gij-gijlash maqsadida musulmon muhojirlar sonining ortib borayotganligi mamlakatning demokratik kelajagiga xavf-xatar paydo qilishi haqida kunda bo‘lmasa, kunora safsata sotib kelmoqda. Bunda u Fransiyaning turli shaharlaridagi terrorchilik harakatlarini ro‘kach qilib ko‘rsatyapti. Biroq bu voqealarga aslida muhojirlar emas, balki Fransiya jamiyatidagi ksenofobiya kayfiyati va odamlarning diniy his-tuyg‘ulariga nisbatan sodir etilayotgan tajovuzlar sabab bo‘layotganligiga hech kim e’tibor bermayapti.

Birlashgan millatlar tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn bergan ma’lumotlariga ko‘ra, bu holat o‘zini demokratik, deb hisoblaydigan boshqa mamlakatlarda ham kuzatilmoqda. Avstriyalik Norbert Xafer, chexiyalik Milosh Zeman, vengriyalik Viktor Orban, niderlandiyalik Gerta Viller, slovakiyalik Robert Fitso, britaniyalik Nayjela Faraj, rossiyalik Aleksandr Dugin singari siyosiy arboblar o‘zining populistik demagogiyaga asoslangan turli iddaolari bilan bag‘rikenglik va tolerantlik g‘oyalariga suyanadigan Yevropa jamiyati qadriyatlarini oyoqosti qilishmoqda. Ko‘p hollarda ular keltirgan dalillar hech qanaqa mantiqiy asosga tayanmaydi.
Jumladan, Vengriyaning sobiq bosh vaziri Viktor Orban muhojirlar paydo qilayotgan xatarni pufakdek shishirib, o‘z xalqini qo‘rqitgandi. Holbuki, mamlakatdagi 10 million fuqaro orasida bor-yo‘g‘i 10 ming 559 kishi Osiyo va Afrika mamlakatlaridan kelgan muhojirlar bo‘lgan. Ularning Vengriya jamiyatiga qanaqadir jiddiy xavf-xatar paydo qilishi aqlga sig‘maydigan gap. To‘g‘ri, muhojirlar tabiiy ravishda ko‘payib, qachonlardir nufuzi millionga yetar. Ammo u paytda migrantlarning avlodlari assimlyasiyaga uchrab, allaqachon mahalliy aholi bilan aralashib ketgan bo‘ladi.
Yaqinda Shimoliy Irlandiyada muhojirlarga qarshi bo‘lib o‘tgan namoyishlar sababini o‘rganib ko‘radigan bo‘lsak, Yevropa mamlakatlarida ham ksenofobiya avj olib borayotganiga guvoh bo‘lamiz. Tartibsizliklarga sudanlik migrantning mahalliy aholi vakiliga hujum qilgani sabab bo‘lgani aytilmoqda. Bunda niqob taqqan odamlar muhojirlar yashaydigan uylarga o‘t qo‘yishgan, "Xorijliklar yo‘qolsin!" deya hayqirishgan.
 
Demokratik demografiya

Uchbu holatlarni tahlil qilish davomida kishida turli fikrlar paydo bo‘ladi. Har bir mamlakatda u yoki bu turdagi jinoyatlarning sodir bo‘lib turishi bor gap. Ommaviy axborot vositalari bu haqda uzluksiz xabar berib turibdi. Biroq muhojirlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarga alohida urg‘u berilib, keragidan ortiq e’tibor qaratilsa, sodir etilgan jinoyatga nisbatan o‘n-yuz bora og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bir odamning o‘limi haqida qo‘zg‘atilgan shov-shuv yuzlab-minglab odamlarning halokatiga sabab bo‘lishi ko‘p kuzatilgan holat. Shu ma’noda, bu xildagi jinoyatlar haqida gapirganda og‘irlik va vazminlik bilan yondashmoq lozim.

Qizig‘i, dunyodagi ayrim yirik davlatlar shu xildagi muammolardan foydalanib, o‘zining geosiyosiy yoki iqtisodiy muammolarini hal qilib olishga tirishmoqda. Masalan, Putin rahbarligidagi siyosiy kuchlar Yevropa Ittifoqidagi ichki ziddiyatlardan foydalanib, uni ich-ichidan yemirib tashlashga urinmoqda. Kreml ko‘hna qit’adagi millatchi “o‘ng” unsurlarga ham moddiy, ham ma’naviy ko‘mak berib, ittifoqda tartibsizlik va sarosima keltirib chiqarishga intilmoqda va bu maqsad yo‘lida milliardlab mablag‘larini sarflayapti. Aytish mumkinki, bu borada qandaydir natijaga ham erishmoqda. Keyingi paytda Shimoliy Irlandiya hamda Italiyada bo‘lib o‘tgan noxush voqealar buni dalillab turibdi. Xabarlarga ko‘ra, Italiya poytaxti ko‘chalariga migratsiya tarafdorlari va raqiblarining o‘n minglab ishtirokchilari namoyishga chiqqan. Bundan maqsad G‘arb dunyosidagi kelishmovchiliklarni avj oldirib, tartibsiz muhit hosil qilishdir.

Aytaylik, 2015 yilda Suriyada uyushtirilgan xunrezliklar oqibatida millionlab qochoqlar Yevropaga mo‘r-malaxdek bostirib kirdi. 2022 yilda xuddi shu holat Ukrainada kuzatildi. Qariyb o‘n millionga yaqin ukrainaliklar rus bosqinidan qochib, G‘arb mamlakatlariga chiqib ketishdi. Yevropada muhojirlarning ko‘paya borishi o‘z navbatida mahalliy aholiga malol kela boshladi. Bunday vaziyat Yevropadagi o‘ng qanot siyosiy kuchlarning tegirmoniga suv quymoqda. Bu esa populistik millatchi partiyalarning obro‘sini oshirmoqda.

Masalan, o‘ngkonservativ "Germaniya uchun muqobil yo‘l" (AFG) partiyasi bugungi kunda mamlakatda ikkinchi o‘rindagi siyosiy kuchga aylanib ulgurdi. Yevropaning boshqa qismlarida ham sotsial-demokratlar o‘z o‘rinlarini asta-sekinlik bilan millatchi o‘ng partiyalarga bo‘shatib bermoqda. Biroq bugungi dunyodagi tarixiy voqelik shundayki, rivojlangan mamlakatlarda tug‘ilish miqdori kamayib, mahalliy aholining nufuzi yildan yilga tushib bormoqda. Bu esa o‘z navbatida, jamiyatlarda demografik muammolarni hal qilish ehtiyojini paydo qilmoqda. Shu ma’noda, buni qandaydir fojia sifatida talqin qilish o‘ngqanot millatchi partiyalarning saylovoldi piarlariga o‘xshab ketadi. To‘g‘ri, ular orasida chinakam vatanparvar millatchi unsurlar bo‘lishi mumkin. Qizig‘i shundaki, ularning aksariyati kamfarzandli yoki umuman farzandsiz kimsalardir. Bola tug‘ib tarbiyalashdan qochadigan jamiyatlarni qanaqa kelajak kutishi avvaldan ma’lum ekanligi haqida gapirishning hojati bo‘lmasa kerak.

O‘rni kelganda shuni ham aytib o‘tish kerakki, sobiq SSSRning parchalanib ketishiga ham avvalo, demografik omillar sabab bo‘lgani ayni haqiqat. Mamlakatga Mixail Gorbachyov rahbarlik qilgan qayta qurish yillarida shovinizm va millatchilik bosh ko‘tardi. Milliy respublikalarda mustaqil davlat bo‘lish imkoni paydo bo‘ldi. Markaz esa bunga aytarli qattiq qarshilik ko‘rsatmadi. Buning sabablari esa ko‘pgina biz biladigan va bilmaydigan omillarga borib taqaladi. Jumladan, demografik tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi olimlarning hisobiga ko‘ra, 2050 yilga borib SSSRda musulmon aholi soni xristianlar sonidan oshishi kutilayotgan edi. Bu o‘z navbatida, tarix tarozisi pallasining qay tomonga qarab og‘ishini aniq ko‘rsatib turardi.
Shu ma’noda, Yevropa uchun ham o‘z demografik muammolarini hal qilishda xuddi Rossiyada bo‘lganidek, muhojirlarga yo‘l ochib berishdan o‘zga chora yo‘q.

Xudoyberdi KOMILOV,
siyosiy sharhlovchi.