Mahallalarga “Zakovat” stollari berildi

Davlatimiz rahbarining “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyatidagi 1063 ta mahallaga “Zakovat” stollari tarqatildi.

“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” munosabati bilan viloyatdagi mahallalar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, hudud infratuzilmasi va ijtimoiy muhitini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yil boshidan buyon tuman va shaharlarda yigirmaga yaqin yangi mahalla binolari foydalanishga topshirildi. “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomi berilishi rejalashtirilgan 32 mahallada yo‘l va muhandislik infratuzilmasini yaxshilash, bolalar va sport maydonchalarini qurish, yashil hududlar tashkil etish, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish ishlari amalga oshirilmoqda. Buning uchun ushbu mahallalarning har biriga byudjetdan 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilgan.

Mahalla tizimida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida viloyatdagi 289 mahallaga zamonaviy kompyuter texnikalari xarid qilindi.
“Mahalla yettiligi”ning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun qulay sharoit yaratish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida 125 mahallaga zamonaviy mebel jamlanmalari berildi.

Ayni kunlarda hududlarda mahalla raislari uchun o‘tkazilayotgan o‘quv seminarlarda mavjud bino-inshootlar, texnika vositalaridan unumli foydalanish, moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish hamda davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tushuncha berilmoqda.