Payariqlik "Zakovat"chilar Prezident e’tiboriga tushdi
Yoshlar kuni munosabati bilan Prezidentimiz “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida tashkil etilgan tadbirda ishtirok etib, “Zakovat” pavilonida ham bo‘ldi va klub bilimdonlari, mahallalar o‘rtasidagi intellektual turnir g‘olibi bo‘lgan Payariq tumani Sorisuv mahallasi jamoasi bilan uchrashdi.
- O‘tgan yil Buxoroda o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining finalida Prezidentimiz bilan ilk bor uchrashgandim, - deydi Sorisuv mahallasi jamoasi sardori Bahodir Anorov. – Lekin o‘shanda Yurtboshimiz bilan suhbatlashishning imkoni bo‘lmagandi. Ne baxtki, bu yil nafaqat men, balki jamoamiz a’zolari ham bunga musharraf bo‘ldik. Prezidentimiz bog‘ga kelganlarida jamoamiz “Zakovat” turnirining respublika bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani haqida ma’lumot berildi. Davlatimiz rahbari xursand bo‘lib, “Siz kabi bilimdon, iqtidorli va iste’dodli yoshlar yurtimiz tayanchi, kelajagimiz ertasi, siz bilan doim faxrlanaman, bilim olishlaring uchun hamma sharoitni yaratib beraman”, degan gaplaridan barchamiz sevinib, to‘lqinlanib ketdik. Albatta, men ham jamoa sardori sifatida bunday e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlar uchun mahallamiz yoshlari nomidan minnatdorlik bildirib, kelgusida bundan-da yuqori marralarni zabt etishimizga va’da berdim.
Shuningdek, mahallamizdagi 84-maktabda ingliz tilidan dars berishimni, “Zakovat” klubi a’zosi ekanligimni va jamoamiz bilan mahalla o‘quvchilari orasidan bilimlilarini saralab, intellektual jamoalar shakllantirayotganimizni aytdim. Prezidentimiz gaplarimdan xursand bo‘lib, ishlarimizga rivoj tiladi va Samarqandda hokim bo‘lib ishlagan yillarida ushbu maktabning tomini ta’mirlatib berganlarini, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashganlarini esladi. Davlatimiz rahbari bilan uchrashuvdagi samimiy suhbat bir umr yodimizda qoladigan bo‘ldi.
Prezidentimiz taklifi bilan mahallalar o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tashkil etilgan musobaqalar, intellektual o‘yinlar va ko‘rik-tanlovlar endi har yili ikki marta o‘tkaziladi. Shuningdek, davlatimiz rahbari Xorazm viloyatida tajriba sifatida “Zakovat” maktablari ochishni va keyinchalik buni viloyatlarda tashkil etishni taklif qilgani yoshlarga yana bir imkoniyat eshiklarini ochdi.
- Avvalo, bu musobaqalarning tashkil etilishi mahallamiz yoshlarining bilimi, iste’dodi ro‘yobga chiqishida katta omil bo‘ldi, - deydi Sorisuv mahallasi “Zakovat” klubi a’zosi Sheroz Rashidov. – Dastlabki o‘yinlar ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Har bir turda erishgan g‘alabamiz bizni faqat olg‘a borishga undadi. Albatta, kuchli jamoalar bilan ham bellashdik, ammo o‘zimizga bo‘lgan ishonch g‘alaba sari yetakladi. Eng quvonarlisi, Prezidentimiz bilan uchrashganimiz bo‘ldi. To‘g‘risi, bu uchrashuv orzu qilish mumkin bo‘lgan baxt. Haligacha qalbimizda hayajon bor.
Fazliddin Ro‘ziboyev.