Qurilishga ruxsat olishda tadbirkorlarning xarajatlari qisqartiriladi

Prezidentimizning 2026 yil 4 iyunda “Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish hamda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 sentyabrdan respublikaning barcha hududlarida mazkur Farmonda nazarda tutilgan davlat xizmatlari birlashtirilib, yagona davlat xizmati – arxitektura va shaharsozlik talabini berish tizimi joriy etiladi.

2026 yil 1 iyuldan ob’yektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash “1 ta ariza – 1 to‘lov – barcha ulanish nuqtalari” tamoyili asosida kompozit shaklda amalga oshiriladi.

Binoning konstruksiyasi, mustahkamligi va yong‘in xavfsizligiga ta’sir qilmaydigan, quvvati va maqsadi o‘zgarmagan holda shaharsozlik normalariga zid bo‘lmagan loyihadagi rejaviy tuzilish (planirovka)da o‘zgarishlar mavjud bo‘lganda:

- ushbu bino loyihasini shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazishda loyiha hujjatlarini hududiy kengashlar bilan qayta kelishish amaliyoti bekor qilinadi.

Qurilish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun qo‘shimcha 5 ish kuni beriladi.

2026 yil 1 sentyabrdan tadbirkorlar tomonidan quriladigan ko‘p kvartirali uy-joylar, III va IV toifadagi ijtimoiy soha, mehmonxona, turizm, savdo va sanoat ob’yektlarida;

- byudjet hisobidan quriladigan qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan ob’yektlarda qurilish ob’yektlarini nazorat qilishda videokuzatuv kameralaridan foydalanish hamda qurilishi yangidan boshlanadigan ob’yektlarda videokuzatuv kameralarini majburiy o‘rnatiladi.