Payariq – yaxshi, Imom Buxoriy – nufuzli

Payariq juda katta tarixga ega bo‘lgan tumanlardan biri. Ayniqsa, Forish, Marjonbuloq va Qo‘shrabotdan suvli joyga ko‘chib o‘tgan ko‘plab fidoyilarning mehnati bilan katta ariq qazilgach, bu yerda hayot chinakam qaynagan.
 
Xususan, Chelak bozori juda ko‘pchilikka tanilgan. Chunki bu yerga tovarlar bilan birga ibratli turmush tarzi ham kirib kelgan. O‘zim shu yerda tug‘ilib o‘sganim uchun uning har bir qarichi men uchun qadrli.

Yashirmayman, talabaligimizda do‘stlarimizga men Payariqdanman deb maqtanardig-u lekin ularni bu yerga mehmonlikka chorlashga iymanardik. Chunki hali qishloq yo‘llariga asfalt kirib bormagan, hatto yaqin-yaqingacha tuproq yo‘llar ko‘p edi. Tuman markazida ham do‘kondan boshqa arzirli binolar ko‘zga tashlanmasdi. Bugun esa…

Payariqning jamoliga havas qilamiz. Faqat to‘yxona emas, muzeylar, kutubxonalar, maktab va bolalar bog‘chalari qurildi. Turmush tarzimiz shaharliklarnikiga yaqinlashib boryapti. Ayniqsa, tuman tashkil topganligining 100 yilligi arafasida juda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Imom Buxoriy majmuasining tumanimiz hududida joylashgani bizga nihoyatda katta faxr bag‘ishlamoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qisqa muddatda ulug‘ alloma majmuasining barpo etilishi xalqaro voqea bo‘ldi, desam adashmayman. Hozirda bu yerga sayyohlarning kecha-yu kunduz oqimi havasimni keltiradi. Majmua atrofida barpo etilgan shaharchada ko‘pchilikning yashagisi kelyapti. Bu yerda juda katta hajmda ifratuzilma shakllanyapti. Xususan, majmuaning aeroport, temiryo‘l vokzali va Samarqand bilan yangi, zamonaviy yo‘l orqali bog‘lanishi ko‘pchilik e’tiborini tortmoqda. Yashirmayman, bu nom bizga bugun eng aziz sha’n hisoblanadi. Shu sababli chetga chiqqanda «qayerdansan» deb so‘rashsa, biz «Imom Buxoriydanmiz» deydigan bo‘lganmiz.

Shularni hisobga olib, tumanning ziyolisi sifatida ko‘plab hamfikrlarimning bir xulosasini aytmoqchiman: Payariq tumanini Imom Buxoriy nomi bilan almashtirsak qanday bo‘lar ekan? Tuman markazi Payariq shaharchasi deb ataladi. Demak, bu nom yo‘qolib ketmaydi. Tumanning alloma nomi bilan atalishi esa, birinchidan, uning bugungi salohiyatiga munosib, va qolaversa, keyingi obro‘si uchun ham xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

Jipak Ahadova,
jurnalist, mehnat faxriysi.