Samarqand ziyoratgohlari media vakillari nigohida zamonaviy qiyofa kasb etdi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Turizm qo‘mitasi hamkorligida Samarqand shahridagi qator tarixiy ziyoratgohlar va Imom Buxoriy majmuasiga press-tur tashkil etildi.
Amir Temur merosi
Press-tur avvalida ishtirokchilar Samarqand shahridagi Amir Temur maqbara-majmuasini tomosha qildi. Maqbarani ziyorat qilish orqali ular buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temurning hayoti va shijoati haqida keng ma’lumot olishdi.
- Biz bu qadamjoga kelib, uning tarixiy ahamiyatini yanada chuqurroq angladik, - deydi "Daryo.uz" internet nashri muxbiri Olim Safoyev. - Maqbaraning tarixiy ahamiyati bilan bir qatorda, bu yerdagi me’moriy ko‘rinishlar ham diqqatga loyiq. Shuningdek, bu yil "Amir Temur oyligi" munosabati bilan yurtimizning turli hududlarida olib borilayotgan tadbirlar bizga bobomizning tarixini yanada keng yoritishga katta imkoniyat yaratmoqda. Press-tur davomida internet nashrimiz uchun ko‘rsatuv tayyorladik.
Ilmiy meros va zamonaviy yangilanishlar
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va majmuasidagi zamonaviy me’moriy loyihalar va Imom Buxoriyning ilmiy merosi haqidagi materiallar jurnalistlarda katta taassurot qoldirdi.
- Imom Buxoriy majmuasiga kelib, bu yerdagi yangi ilmiy-ekspozitsion formatlar bilan tanishdik, - dedi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi mas’ul xodimi Keldiyor To‘liyev. - Majmuaning zamonaviy yondashuvlari va ilmiy tadqiqotlarga bo‘lgan jiddiy e’tibor jurnalistlarda chuqur taassurot qoldirdi. Bu yerda faqat Imom Buxoriyning ilmiy merosini saqlab qolish bilan chegaralanib qolmasdan, balki uni zamon talablari asosida keng targ‘ib qilishga ham katta urg‘u berilgani e’tiborga loyiq.
Jurnalistlar va blogerlar Imom Buxoriy qoldirgan boy meros, ulug‘ muhaddisning ilmiy faoliyatining ahamiyatini tushunib, bu yerdagi yoritilgan yangiliklar haqida videolavhalar va maqolalar tayyorlashdi.
Imom Buxoriyning o‘zi va uning ilmiy merosi haqidagi ma’lumotlar press-tur ishtirokchilariga yangi g‘oyalarni ommaga yetkazishda yordam berdi. Qolaversa, ushbu ma’naviy markaz turizm sohasidagi muhim ob’yekt bo‘lib, u nafaqat ta’lim va ilm-ma’rifat, balki aholini diniy va ma’naviy tarbiyalashning asosiy vositasi sifatida ham xizmat qiladi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.