Anjuman ishtirokchilari Behbudiy uy-muzeyida
Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan Turkiston jadidlik harakatining asoschisi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi ishtirokchilari – Toshkent, Qashqadaryo, Navoiy va Jizzax viloyatidan kelgan hamda mahalliy OAV vakillari Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyida bo‘lishdi.

Muzeyda Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodi va hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlar, o‘sha davr madaniyati, ma’rifati, ilm-fan rivojiga hissa qo‘shgan bir qancha ma’rifatparvar olimlarning fotosuratlari, ilmiy asarlari, turli eksponatlar joy olgan. Shuningdek, XX asr boshlariga tegishli noshirlik dastgohi, gazeta va jurnallar nusxalari, ilmiy arxiv hujjatlari va nodir ashyolar bor.

– Ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning uy-muzeyini tomosha qilib, bu maskandagi gazeta va jurnallar, suratlarni ko‘rib, katta taassurot oldik, – deydi Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanining “Sadoqat” gazetasi muxbiri Ziyodulla Xalilov. – Behbudiy hayoti va ijodi haqida o‘qiganmiz. Lekin bu yerga kelib bildimki, buning o‘zi yetarli emas ekan. Meningcha, jurnalistlar bu kabi uy-muzeylarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi, jadid bobolarimiz haqida ko‘proq ma’lumotlarga ega bo‘lishi shart. Men muzey haqida "Sadoqat" gazetasida turkum maqola yozaman va, o‘ylaymanki, kasbiliklar maqolani o‘qib, albatta ushbu muzeyga bir marta bo‘lsa-da kelishni diliga tugib qo‘yadi.