Behbudiy merosi va milliy jurnalistika: Samarqandda ilmiy muloqot va ma’rifiy tadbirlar

Samarqand davlat universitetida “Milliy jurnalistikamiz taraqqiyoti va Mahmudxo‘ja Behbudiy fenomeni” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbarining joriy yilda yurtimizda Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlashga doir qarori ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, viloyat hokimligi va Samarqand davlat universiteti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Behbudiy hayoti va faoliyatini tadqiq etayotgan olim va tadqiqotchilar, Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlaridagi ommaviy axborot vositalari vakillari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zolari, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

Samarqand davlat universiteti rektori, professor R.Xolmurodov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi X.Salimov, Oliy Majlis Senati a’zosi, “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari bosh muharriri H.Ermatov, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik”  gazetalari bosh muharriri F.Toshev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning buyuk jadid bobolarimiz, xususan, Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ilmiy, ijodiy faoliyatini o‘rganish, keng targ‘ib etishga qaratilgan alohida e’tibori natijasida bu yil yurtimizda ma’rifatparvar adib tavalludining 150 yilligi munosabati bilan ko‘plab ma’rifiy-madaniy tadbirlar, ilmiy anjumanlar o‘tkazilganini ta’kidladilar. Bu esa Vatanimiz ozodligi, xalqimiz ma’rifati uchun jon fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz ruhini shod etish, ular nomini ulug‘lash va o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

– Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, ulug‘ ma’rifatparvar olim, mohir jurnalist va dramaturg sifatida xalqimiz ozodligi yo‘lida o‘z qalami, so‘zi bilan kurashdi, aholini ilm-ma’rifatga chorladi, – dedi anjumanda so‘zga chiqqan behbudiyshunos olim, professor Halim Saidov. – Buyuk bobomizning milliy jurnalistikamiz rivojiga qo‘shgan hissasi ham beqiyos va uni hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Behbudiy hazratlari o‘tgan asr boshlarida Samarqandda gazeta, jurnallar tashkil etib, bu nashrlar orqali xalqimizni o‘z haq-huquqlarini bilishga, ilm olishga, siyosatdan xabardor bo‘lishga da’vat etdi. Jahonda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni bu nashrlarda sharhlab bordi va shu bilan birga, jamiyatdagi illatlarni bayon etib, xalqimizni ma’rifatga boshladi. Darsliklar yozib, ota-onalarni farzandlarini o‘qitishga, ularga xorijiy tillarni o‘rgatishga da’vat etdi. Allomaning bu boradagi qarashlari va g‘oyalari bugun ham juda dolzarb va ahamiyatlidir.

Anjumanda Behbudiy avlodlari, jurnalistlar ham so‘zga chiqib, buyuk ma’rifatparvar ajdodimizning merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasidagi ishlarga e’tibor qaratdilar.

Tadbirda Xolmurod Salimov Samarqand davlat universiteti rektori, "Samarqandim" jurnali tahrir hay’ati raisi Rustam Xolmurodovga, jurnal bosh muharriri Farrux Hamroyevga va jurnal fotomuxbiri Shavkat Akramovga uyushma a’zolik guvohnomasi hamda ko‘krak nishonlarini topshirdi.

Konferensiya doirasida ishtirokchilar universitetdagi ta’lim jarayonlari, shuningdek, SamDU qoshidagi Biokimyo, Muhandislik fizikasi institutlari, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar fakulteti hamda Samarqand shahridagi Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi faoliyati bilan tanishdilar.

Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyida buyuk ma’rifatparvar ijodi va hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlar, o‘sha davr madaniyati, ma’rifati, ilm-fan rivojiga hissa qo‘shgan bir qancha ma’rifatparvar olimlarning fotosuratlari, ilmiy asarlari, turli eksponatlar joy olgan. Shuningdek, XX asr boshlariga tegishli noshirlik dastgohi, gazeta va jurnallar nusxalari, ilmiy arxiv hujjatlari va nodir ashyolar bor.

– Ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning uy-muzeyini tomosha qilib, bu maskandagi gazeta va jurnallar, suratlarni ko‘rib, katta taassurot oldik, – deydi Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanining “Sadoqat” gazetasi muxbiri Ziyodulla Xalilov. – Behbudiy hayoti va ijodi haqida o‘qiganmiz. Lekin bu yerga kelib bildimki, buning o‘zi yetarli emas ekan. Meningcha, jurnalistlar bu kabi uy-muzeylarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi, jadid bobolarimiz haqida ko‘proq ma’lumotlarga ega bo‘lishi shart. Men muzey haqida "Sadoqat" gazetasida turkum maqola yozaman va, o‘ylaymanki, kasbiliklar maqolani o‘qib, albatta ushbu muzeyga bir marta bo‘lsa-da kelishni diliga tugib qo‘yadi.

Konferensiya ishtirokchilari kunning ikkinchi yarmida Urgut tumanining Dehqonobod mahallasida Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli adib va shoir Abdusaid Ko‘chimov kutubxonasida bo‘lishdi.

Ta’kidlash o‘rinliki, A.Ko‘chimov ushbu kutubxonaga o‘z shaxsiy kutubxonasidagi 10 mingdan ortiq kitoblardan boshqalar ham bahramand bo‘lishini istab, bu ezgu ishni boshlagan. Xayrli niyatni qo‘llab-quvvatlovchilar va ushbu maqsadga hissa qo‘shishni istovchilar ko‘paygach, bu ziyo maskanida yana shuncha miqdorda kitob to‘plandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mazkur ziyo maskanini ham o‘z tarmog‘iga qo‘shib, urgutlik kitobxonlarning mamlakatimiz bosh kutubxonasi fondidagi asarlardan bahramand bo‘lishlariga imkoniyat yaratdi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati esa kutubxonani zamonaviy kompyuterlar bilan ta’minlab, Navoiy davlat konchilik va texnologiya universiteti kutubxonasi bilan onlayn bog‘lagan.

Anjuman qatnashchilari - O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi boshqaruvi a’zolari, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Navoiy viloyati jurnalist va blogerlari ushbu kutubxonada bo‘lib, bu yerda kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ishtirokchilarning barchasi kutubxonaga 300 dan ziyod kitoblar sovg‘a qildi.

Husan Eltoyev,

Alisher Isroilov,

Baxtiyor Mustanov.