Bolsheviklar siyosati yoki qo‘y terisini yopingan bo‘rilar

Turkiston Muxtoriyati va uning taqdiriga samarqandlik ziyoli Hoji Muinni ham befarq qaramadi.

“Har ehtimolga qarshi hozirlik...”

Hoji Muin “Namoyishlar to‘g‘risida” maqolasida (“Hurriyat” gazetasi 1917 yil 16 dekabr), Turkiston muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlab namoyishlar o‘tkaziladi, lekin Samarqand ziyolilari sukut saqlaydi. Bu jimligi Hoji Muinga ma’qul kelmaydi. Muallif sababini taxmin qilib ko‘radi: “1. Qo‘rqoqlik. 2. “Muxtoriyat”ning fahmiga bormaslik. 3. “Muxtoriyat”ning vujudga chiqishiga ishonmaslik”. Hoji Muinning o‘zi esa yangi hodisaga, hurriyatga, muxtoriyatga chin yurakdan ishonadi. Shu bois yozadi: “...Bu kun Turkiston musulmonlari “Muxtoriyat”ga molik bo‘ldilar. Mundan so‘ngra “Muxtoriyat” bilan birga yasharlar va ushbu yo‘lda o‘z mol va jonlarini ham ayamaslar. Yashasin Turkiston Muxtoriyati!”.

Muxtoriyat e’loni, turkistonliklarning o‘z huquqlariga ega bo‘lishi, o‘z yerlariga o‘zlari hokim bo‘lishlari – bu ijtimoiy-siyosiy hayotdagi umidli o‘zgarish himoyaga muhtoj edi. Chunki hukumat boshiga kelgan bolsheviklar o‘z hukmronligi uchun turli kuchlarini ishga solib maydonga chiqishlari aniq edi. Hoji Muin zamonasidagi bu hodisaga ham o‘z vaqtida, aynan Muxtoriyat yashab turgan kunlarda munosabat bildirib, “Bolsheviklar va biz” degan (“Hurriyat” gazetasi, 1918 yil 9 yanvar) maqola yozdi. Xavf bolsheviklarda. “Bolsheviklar ish boshig‘a o‘tirib olgan kunlarda “Biz kichik mallatlarga tamoman hurriyat va istiqlol beramiz!” deb xitobnomalar vositasi-la va’da qilgan bo‘lsalar ham bu quruq so‘zlar qog‘oz ustidagina qoldi. Bular hozirgacha hech bir millatning muxtoriyat va istiqlolini tasdiq etmadilar, balki, bil’aks, shunday muxtoriyat va istiqloliyat e’lon etgan millatlarga to‘p va pulemyot bilan muqobala etdilar va etmakdadirlar”.

Bolsheviklarning asosiy fikri “ishchi va dehqon”lar diktaturasini o‘rnatish bahonasida oddiy xalq orasiga kirib, ularning ko‘nglini topish bo‘ldi. Ammo mohiyatiga ko‘ra chorizmning siyosati nomi o‘zgargan ravishda davom etdi.

“95 prosenti musulmon bo‘lgan ulug‘ Turkiston o‘lkasida ham bolsheviklar o‘z so‘zlarini o‘tkazmak va buzuq maslaklarini tatbiq etmak uchun qo‘llaridan kelgan chora va tadbirlarga kirishmoqdadirlar”. Bolsheviklar o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida turli ixtiloflar o‘ylab topishi, kutilmagan fitnalar uyushtirishi mumkin. Bu hodisani juda ko‘plab ziyolilar qatori Hoji Muin yurak-yurakdan sezib turdi. Bolshevik balosi xavfli, u sukutni maqsad qilgan emas. O‘z ijtimoiy-siyosiy maslagi-mavqeini mustahkamlash, ozodlik orzusidagi millatlarni qayta iskanjaga olish va qayta kishanlash niyatida edi ular. Hoji Muin yozadi: “Har holda bolsheviklar tek turmaslar. Biror bahona topib, bizning tinchligimizni buzarlar, deb gumon qilamiz. Chunki bularning chin muddaolari hanuz hosil bo‘lgan emasdir. Shuning uchun bizlarga kerakkim, bu to‘g‘rida har ehtimolga qarshi hozirlik ko‘raylik. Tamom birlik bilan kuch yig‘aylik. O‘z hurriyat va muxtoriyatimizni saqlamoq uchun mol va jonimizni fido etmakka hozir bo‘lib turaylik”.

Davr va zamon yo‘rig‘idagi hodisalarga guvoh bo‘lgan Hoji Muinning bezovtaligi bejiz emas. To‘g‘ri, hurriyat qo‘lga kiritildi, Muxtoriyat e’lon qilindi. Ammo u xavf ostida, dushman Muxtoriyat tinchligini buzishi, Muxtoriyat binosini barbod etishi, Muxtoriyat navniholini sindirib, parcha-parcha qilishi mumkin. Demak, ixtiloflarga barham berib, kuchlarni birlashtirish, dushmanga qarshi hozirlik ko‘rish lozim.

Afsuslar bo‘lsinki, oradan bir oylar o‘tib, Hoji Muinni bezovta etgan o‘sha notinchlik, zo‘ravonlik, adolatsizlik sodir bo‘ldi. Erk qo‘ldan ketdi, Muxtoriyat qonga botirildi. Qo‘qonga doshnoqchilar tashlandi. Qishloqlar yondirildi, tinch aholi qirg‘in qilindi. Qo‘qon shahri to‘pga tutildi. Muxtoriyat mahv bo‘ldi. Muxtoriyatni qonga botirish (1918 yil, 7 fevral) – bu bolsheviklar siyosati, ularning mustamlakachilik siyosatidan, quyuq va’dalar bilan birga qo‘y terisini yopingan bo‘rilarning ishidan boshqa narsa emas edi.

“Afsusnoma”

“Turkiston muxtoriyati”ning qonga botirilgan o‘sha ayanchli kunlar fojialarini tavsiflab, Karimbek Kamiy  “Al-izoh” jurnalining 1918 yil 21 mart sonida “Afsusnoma (Ho‘qand fojiasina)” degan o‘n bir bandli she’r bitdi.

“Voy, yuz voyki, Farg‘ona xarob o‘ldi, darig‘,

Zulm o‘qi birla bu kun gardi turob o‘ldi, darig‘,

Bu musibatdin ulus chashmi purob o‘ldi, darig‘,

Ham bari katta-kichik bag‘ri kabob o‘ldi, darig‘,

Shahr obod erdi chun dashti sarob o‘ldi, darig‘”.

Oxirida “Shahri obod edi Ho‘qand, xarob o‘ldi, darig‘”, deb yozdi. Holbuki, she’r bitilgan palla Navro‘z kunlari edi. Yangi kun nafasi, bahor faslining havosi hech kimga tatimadi.

“Ho‘qand fojiasi” ko‘plab turkistonliklar qalbini iztirobga soldi. Bu joydagi xunrezliklar xususida B.Qosimov yozadi: “19-20 fevralda Qo‘qon va uning atrofi Turkiston harbiy komissari Ye.Penfilev buyrug‘i bilan ozodlik va inqilob shiorlari ostida qonga botiriladi. Ayrim manbalarga ko‘ra, shahar uch kun yongan. 10 mingdan ortiq turkistonlik o‘rdirilgan. Siyosat uchun Farg‘ona vodiysidagi 180 ta qishloqqa o‘t qo‘yilgan. Yerli xalqdan Marg‘ilonda 7000, Andijonda 6000, Namanganda 2000, Bo‘zqo‘rg‘on va Qo‘qonqishloqda 45000 ga yaqin kishi o‘ldirilgan”.

Bu fojia tinch aholini qon yig‘latdi. Qishloqlarning xaroblari bir necha yil kultepa sifatida o‘tgan-ketganning yuragiga vahima soldi. Safarga chiqqan shoir Cho‘lpon bu vahshoniy manzaralarni yo‘l xotiralarida yozdi.

“Ey go‘zal Farg‘ona...”

Darvoqe, Cho‘lpon “Ozod Turk bayrami” she’rini Turkiston Muxtoriyati munosabati bilan yozgan edi.

“Ko‘z oching, boqing har yon!

Qardoshlar, qanday zamon!

Shodlikka to‘ldi jahon!

Fido bu kunlarga jon!

Naqorat:

Turkistonlik – shonimiz, turonlik – unvonimiz,

Vatan – bizning jonimiz, fido o‘lsun qonimiz!..

Muxtoriyat olindi,

Ishlar yo‘lga solindi,

Milliy marshlar cholindi,

Dushman o‘rtansun endi!...

Turk beshigi Turkiston!

Yeri oltun, tog‘lari kon!

Bolalari qahramon!

Vatan uchun berur jon.

Naqorat:

Turkistonlik – shonimiz, turonlik – unvonimiz,

Vatan – bizning jonimiz, fido o‘lsun qonimiz!”

Tabiiyki, Cho‘lponlar Muxtoriyatdan umidvor edi. Ammo bolsheviklar hukmronlik davri boshlangach, yuqorida aytilganidek, badiiy adabiyotda Muxtoriyat qo‘ldan ketganiga achinish, afsus va nadomatlar, qonli fojialarning adabiy bayonlari yuzaga keldi. Bu qonli fojiali manzaralar  ijodkorlar qalbini yaraladi; yaralariga tuz sepdi. Ularning so‘zlarida afsus-nadomat paydo bo‘ldi. Cho‘lpon safarga chiqqan mahallarida “Vayronalar orasida” yurdi. Andijondan O‘shga qarab, muallif o‘z ta’biriga ko‘ra “yangi ruh va eski til bilan “tavakkal”ni aytib” yo‘lga chiqadi va vayron bo‘lgan o‘lka manzaralarini ko‘radi. Yo‘li “O‘sh bilan Andijonning qoq o‘rtasidag‘i Xo‘jaobod qishlog‘i”dan o‘tadi. Xaroba qishloq holini Cho‘lpon bunday tasvirlaydi: “Yo‘lda bir qishloqni ko‘rduk: yarmidan ko‘bi kuyib ketubdur. Sababini aravakashlardan so‘radim: “Bosmachilar bilan urushqoni chiqqan armanilar 3-4 yil bo‘ldi talab, o‘t qo‘yib yubordilar” dedi...

Armanilarning “milliy doshnoq” firqalari, sho‘ro hukumati yosh vaqtida qizil bayroq ostig‘a kirib olib ularning qilg‘on vahshatlari, 18-19-yillardagi Farg‘onadagi “arman diktaturasi” ko‘z oldimdan bitta-bitta chizilib o‘tdi”. Ma’lmuotlarga ko‘ra qonga botirilgan Farg‘onaning ikki yuzga yaqin qishlog‘idagi ahvol shunday va shunga yaqin edi. “Boburnoma”dagi: “Butun Farg‘onada, havosining tozalig‘i va iqlimining xushligi jihatidan, O‘sh bilan tenglashaturg‘on joy yo‘q”(Bobur), ta’rifini Cho‘lpon juda yaxshi biladi. Borib O‘shni ko‘radi. Garchand “iqlim va havosi” avvalgicha bo‘lsa ham, uning “bu kungi buzg‘un va xaroba holi bilan o‘n yil burungi O‘sh” emas edi. Shu bois Cho‘lpon “Yuqorida qo‘yg‘on sarlavham O‘sh shahrining chinakam tilmochi!” degan qat’iy fikrni yozadi. Cho‘lpon yo‘lda “bo‘shab qolg‘on hovli-joylarni va ularning yiqilib, ag‘darilib yotqon uy va devorlarini” ko‘radi.

Cho‘lponning “Qutug‘on mustamlakachilar” maqolasi ham bor.

“Ey, tog‘lari ko‘klarga salom bergan zo‘r o‘lka,

Nega sening boshingda quyuq bulut ko‘lanka?”

“Buzilgan o‘lkaga” shunday savolli she’r. Shoir davom etadi:

“Nega tag‘in tanlaringda qamchilarning kulishi?

Nega sening turmushingda umidlarning o‘lishi?”

Bu misralardagi “tag‘in” degan so‘z avvalgi chorizm siyosatining bolsheviklar tomonidan davom ettirilayotganini anglatadi.

“Ey, har turli qulliklarni sig‘dirmagan hur o‘lka,

Nega sening bo‘g‘izingni bo‘g‘ib turar ko‘lanka?”

1921 yilda yozilgan bu dardli she’r ana shunday tuganchiga yetadi. Tabiiyki, bu savollar cho‘lponlar avlodi qalbidagi eng zahmli, yarali, og‘riqli bir nuqtadir.

“Ey go‘zal Farg‘ona” kabi she’rlarining mazmuni ham iztirobli. Shoirning yuragi yig‘ladi:

“Ey go‘zal Farg‘ona, qonli ko‘ylakingdan aylanay,

Tarqalib ketgan qora vahshiy sochingga bog‘lanay.

Vahshiy bir o‘rmon kibi bag‘ringni bosmishdir qamish,

Ko‘zlaringda hech ko‘runmas bir olov, bir o‘t yonish.

Keng, cho‘zuq yaylovlaring yovlarga ochmish ko‘ksini,

Bir qaro parda bosibdir tuprog‘ingning ustini.

Ko‘zlaring so‘lgan, o‘luk ruhing bilan boqding menga,

Qurtilishning yulduzi aslo ko‘rinmasmi senga?

Ul baland, zo‘r tog‘laring nega to‘solmas yov yo‘lin?

Yo‘qmidir o‘tkur qilich kesmoqg‘a yovlarning qo‘lin?

Biz butun ojiz, zaif, bag‘ri ezilgan san uchun,

Bul qadar qonlar to‘kuldi ul daxidur san uchun.

Yig‘lama, yurtim, agar-chi bu kuningda yo‘q bahor,

Kelg‘usi kunlarda baxting yulduzi o‘ynab qolar”.

Aytmoqchi, ushbu she’r matni bilan Cho‘lpon “Asarlari”da berilgani orasida bir oz farqlar bor. Shuningdek, she’rga yozilgan izohlarda “o‘zbek matbuotida e’lon qilingani ma’lum emas”ligi aytiladi. Bizningcha, ko‘pchilik e’tiboriga tushgan, xalq orasida og‘zaki ravishda tarqalgan shoirning ushbu “Ey go‘zal Farg‘ona” she’ri birinchi marta “Yangi Turkiston” jurnalining 1927 yil 2-3-soni 22-betida bosiladi. Biroq she’rga “Cho‘lpon” deb imzo chekilgan emas. She’riy matn oxirida “Farg‘onali: A.” imzosi bor.

Cho‘lpon aytgan bahorning, yangidan millat “baxt yulduzi”ning beg‘ubor osmonda paydo bo‘lishi uchun bir necha o‘n yillarni kutish lozim bo‘ldi. Turkiston muxtoriyati mahv etilgach, oradan yetmish uch yil o‘tgandan keyingina Cho‘lpon orzu qilgan istiqlol zamoni keldi. Yetmish ikki kunning armoni yetmish uch yilga cho‘zildi. Biz bunga guvohmiz va shu hurriyatli kunlarda istiqomat qilmoqdamiz.

Hur zamon nima ekanini tasavvur qilish uchun jadidlar orzusi bilan ming mashaqqatlar evaziga e’lon etilgan va, taassufki, qo‘lda ushlab qolishning imkoni bo‘lmagan, aqalli uch oy ham umr ko‘rmagan Turkiston Muxtoriyatining holini teran tasavvur qilmoq kerak.

“Quvvatimiz – askardir”

G‘ulom Zafariyning “Ishchilar dunyosi” jurnalida “Muncha g‘amlar...” (1918, 5-son), “Ishchilarga xitob” (2-son), “G‘oyamiz” (3-son), “Toshkent yoshlariga” (4-son), “Da’vat” (6-son) kabi she’rlari bor. Shu bilan birga Muxtoriyatni qo‘llab-quvvatlash uchun askar zarur ekaniga doir “Quvvatimiz askardir” (“Ishchilar dunyosi” jurnali, 2-son) maqolasi bosiladi. Har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-bo‘lsin askarni qo‘llash, unga o‘zini, o‘zligini anglagan har bir odam moddiy yordam berishi lozim. G‘ulom Zafariy yozadi: “Endi muxtoriyatimiz barqaror bo‘lsin desak, bizga quvvat lozim. Ul quvvat askarlikdir”. Kimda oltin, kumush, marjon, yoqut, zumrad – shu kabi qimmatbaho narsalari bo‘lsa, ularni sandiqlarda saqlab qo‘ygan bilan “na davlatga, na millatga, na vatanga, na askarga foydasi bo‘lmas”. “Bu kun askarlarimiz naqadar ko‘p bo‘lsa, ul qadar quvvatli bo‘lamiz”. Afsuski, Muxtoriyat askar bilan, kuch bilan himoyalanib, hurriyat saqlab qolinmadi. Saodatli damlar qo‘lda ketib, muxtoriyatchilar qatl etildi, qochib yashirinishga majbur bo‘ldi.

Muxtoriyat bamisoli baxt qushi edikim, kelib Turkiston tojiga qo‘ndi. Ammo bu baxt qushini boshimizdan uchdi, aniqrog‘i, uchirishdi. Muxtoriyatni mahv etishdagi jang tafsilotlari tasviriga bag‘ishlangan G‘ulom Zafariyning “Milliy muhorabadan bir lavha” (“Ishchilar dunyosi” jurnali 5-son) degan hikoya uslubida yozgan kichik asari bor. Qahramoni Mo‘min degan yigit. Jang maydonida yarador yotgan kimsalarni ko‘radi. Ular orasida oralab yurgan itlarni ko‘radi. Ingrayotganlarni ko‘radi. Bir joydan otasini topadi. Otasi suv so‘raydi. Suv ichib “Alhamdulillah” deydi, so‘ngra “Oh... harob bo‘ldi Xo‘qand”, deganicha jonini Haqqa topshiradi. Bu G‘ulom Zafariy yuragining ingrog‘i, ohi, faryodi, qatag‘onga munosabati.

Tarix ibrat va saboq uchun oyina sanaladi.

Muxtoriyat tarixi, shu vatan uchun jon fido qilganlar xotirasi yodga olinmog‘i lozim. Bugun ularning jasoratlari, shijoatlari, hurriyatga tashna bo‘lganliklarini eslanishi lozim. Ruhi shod bo‘ladi.

“Botmasin chiqqan quyosh...”

Zukko jadidshunos Sirojiddin Ahmad Turkiston Muxtoriyatining adabiyotdagi ifodasini atroflicha o‘rgandi va “Milliy hurriyat adabiyoti” kitobida ilm ahli uchun bir qancha mualliflarning Muxtoriyat munosabati bilan yozgan yangi topilgan she’rlaridan namunalar berdi. Masalan, Abdulla Begi:

“O‘z yerinda, o‘z elinda o‘z kuchin-erki borin,

Endi turkistonlilar-da bildi, chinlab angladi”,

deb yozdi va “Oldi oq yo‘l, yaqtiliq ishlarg‘a”, (“Turon” gazetasi, 1917 yil, 27 noyabr) deya hurriyatga umidlanib qaradi. Tatar shoiri Said Sunachalay “S.S.” imzosi bilan yozgan “Muxtoriyat sadosi” she’rida (“Ulug‘ Turkiston”, 1917 yil, 13 dekabr) Muxtoriyatni otgan tongga, uyqudan uyg‘onishga o‘xshatadi. Zulm va xorliklar ortda qolganiga ishora etadi. Musulmonlarni birlashuvga chorlaydi. “Qichqiring dunyog‘a erk ovozin, Yashasun muxtorliq, yashasun!”.

Shavqiy Shahrixoniy “Turkiston Muxtoriyati” she’rida: “Bo‘lsin baqoli davlat Muxtoriyat muborak!”, deb ozod elni qutlaydi (“Ulug‘ Turkiston” gazetasi, 1918 yil, 20 yanvar). Bu davlatning umri uzun – boqiy bo‘lish orzusi edi. Hidoyatulla Aliyevning “Muxtoriyat shodlig‘i” she’rida qayg‘uli kunlar, qo‘rqinchli tunlar o‘tib, kunlar yaxshilanganiga urg‘u beriladi: “Botmasin chiqqan quyosh bik istamam hech boshqani”, deb istak bidiradi (“Ulug‘ Turkiston”, 1918 yil, 31 yanvar). Sirojiddin Ahmadning mehnat-mashaqqat bilan yuzaga chiqargan bu adabiy mabalarni qadrlash va izlanishda davom etmoq kerak.

Xulosaviy bir mulohaza shuki, Turkiston Muxtoriyatining badiiy adabiyotdagi aksida jadid ziyolilarining yurak so‘zi, dardi ko‘rinadi; umidlari, shodliklari va bu ko‘ngil holatlarining keyinchalik afsus-nadomat bilan to‘lgani kuzatiladi.

Muhim, qisqa muddatli umr ko‘rgan Turkiston Muxtoriyatining holini chuqur o‘rganish, bu tarixiy voqelik ustida mulohaza yuritish natiajasida olingan saboq bugungi hur zamonlar qadriga yetishni o‘rgatadi.

Bahodir KARIMOV,

filologiya fanlari doktori, professor.

2023 yil