Samarqandda tashqi reklamalarni tartibga solishga jiddiy kirishildi

Hududda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish qanchalik ko‘p bo‘lsa, shunchalik ko‘p korxona o‘zi haqidagi ma’lumotlarni joylashtirishni istaydi. Shu jihatdan Samarqand shahrida tashqi reklamaning ko‘pligi, bir tomondan, shahar faol rivojlanayotganidan dalolat beradi…

Boshqa tomondan, bu shahar qiyofasiga putur yetkazadi va ko‘p hollarda aholiga xalaqit beradi. Bundan tashqari, tashqi reklamaning samaradorligi pasayadi, chunki uning miqdori cheklanmagan taqdirda, inson ma’lumotni qabul qilishni to‘xtatadi. 

 Hozirgi kunda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi, viloyat hokimligi huzuridagi tashqi reklamani muvofiqlashtirish bo‘linmasi, Samarqand shahar hokimligi va boshqa mas’ul davlat idoralari bilan hamkorlikda Samarqand shahar, Rudakiy ko‘chasini viloyatning namunali ko‘chasiga aylantirish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

 Jumladan, tashqi reklama ob’yektlari egalariga reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari yuzasidan tushunutirishlar berilmoqda, tashqi reklamalar, e’lonlar va boshqa axborot ob’yektlari xatlovdan o‘tkazilmoqda, qonunchilik normalariga mos bo‘lgan reklamalar hujjatlashtirilmoqda, «Reklama to‘g‘risida»gi va «Davlat tili haqida»gi qonunchilik talablariga va shaharsozlik normalariga zid ravishda o‘rnatilgan reklama va tashqi yozuvlar joyida demontaj qilinmoqda. O‘tgan vaqt davomida Rudakiy ko‘chasidagi 32 ta tashqi reklama demontaj qilindi, 58 ta tadbirkorga tashqi reklamasini hujjatlashtirish bo‘yicha ogohlantirish berildi.

Ma’lumot uchun: tashqi reklama va axborot joylashtirish tartibiga rioya etmaganlik “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 47-moddasiga asosan BHMning 50 baravari miqdorida jarima qo‘llashga sabab bo‘ladi.

Shukrullo Shamsiyev,

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi.