“Yurakka ko‘milar asl shoirlar...”

Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 72 yilligi munosabati bilan adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.

“Yurakka ko‘milar asl shoirlar” deb nomlangan tadbirga yozuvchilar, shoirlar, olimlar, harbiy xizmatchilar, bir qator oliy o‘quv yurtlarining talabalari, o‘qituvchilar, ziyolilar, ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etildi.

– Bugungi tadbir noan’anaviy tarzda tayyorlangani bilan oldingilardan farq qiladi, - dedi viloyat “Kelajak ovozi” markazi rahbari Zebiniso Shodiyeva. – Undagi sahna ko‘rinishi ham, shoirimizning xotiralari ham sizlarni befarq qoldirmaydi.

Darhaqiqat, kecha odatdagidek ma’ruzabozlik, shoir she’rlarini pala-partish o‘qish bilan emas, balki ajoyib bir sahna ko‘rinishi bilan boshlandi.

Gap shundaki, Samarqand tumanidagi 45-umumta’lim maktabi maslahatchisi O‘tkirbek Mustafoqulovning Muhammad Yusuf she’rlari asosida tayyorlagan adabiy kompozitsiyasi yig‘ilganlarning olqishiga sazovor bo‘ldi. Unda O‘tkirbek shoir siymosini gavdalantiribgina qolmay, uning mashhur she’rlarini professional aktyorlarga xos katta mahorat bilan ijro etdi.

Shundan so‘ng, shoir Yor Muhammad yaqinda chop etilgan “Muhammad Yusuf zamondoshlari xotirasida” kitobi haqida so‘z yuritdi.

– Bu kitobga mening “Xalq shoirining jomboylik do‘sti” nomli maqolam kiritilgan, - dedi Yor Muhammad. – Ha, adashmadingiz. Muhammad Yusufning Jomboyda bolalikdan qadrdon Bo‘riboy Norqulov ismli do‘sti bo‘lgan. U kishi uzoq yillar fotojurnalist bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. Mazkur maqola bu ikki do‘stning bolalik davri, oradan 32 yil o‘tib ularning qayta uchrashuvi haqidagi hayajonli lahzalar to‘g‘risida hikoya qiladi. Muhammad Yusuf she’rlaridan birida “Haqiqiy shoirning qabri bo‘lmaydi, yurakka ko‘milar asl shoirlar” degan edi. Yaqinda shoirning ota yurti Andijon viloyati, Marhamat tumani, Qovunchi qishlog‘ida bo‘lganimda uning qabri tomon borayotgan odamlar oqimi, qo‘yilayotgan guldastalarni ko‘rib bu haqiqatga yana bir bor iymon keltirdim. Ha, Muhammad Yusuf odamlar yuragi, muxlislar qalbiga ko‘milgan shoirdir.

Adabiy kechada Markaziy harbiy okrug ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestri xonandasi Nodirbek Azizov tomonidan shoir she’rlari bilan aytiladigan qo‘shiqlarning yangrashi yig‘ilganlarning kayfiyatini yanada ko‘tardi.

Mahbuba Kulova,
viloyat axborot-kutubxona markazi bo‘lim boshlig‘i.
Zafar Nuriddinov olgan suratlar.