Bugun Muhammad Yusuf tavallud topgan kun: Shoirning jomboylik do‘sti

O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyati Marhamat tumanining Qovunchi qishlog‘ida tug‘ilgan.

Dastlab respublika "Kitobsevarlar jamiyati"da, keyinchalik “Toshkent oqshomi” gazetasida, 1986-1992 yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, “O‘zbekiston ovozi” gazetasida ishlagan. Umrining so‘nggi yillarida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi vazifasini bajargan.

Muhammad Yusufning “Tanish teraklar”, “Bulbulga bir gapim bor”, “Iltijo” , “Uyqudagi qiz”, “Halima enam allalari”, “Ishq kemasi”, “Ko‘nglimda bir yor”, “Bevafo ko‘p ekan”, “Erka kiyik”, “Yolg‘onchi yor” kabi she’riy to‘plamlari, saylanmalari nashr etilgan.

2001 yilda 47 yoshida olamdan o‘tgan.

Quyida Muhammad Yusuf bilan bog‘liq xotirani o‘qiysiz.

***

Bundan 20-25 yil avval Jomboy tumani Naymantepa mahallasidagi Turkman qishlog‘ida Bo‘riboy Norqulov degan fotomuxbir bo‘lardi. Uylanib, bola-chaqali bo‘lgach, taqdir taqozosi bilan Jizzax viloyatining Do‘stlik tumaniga ko‘chib ketgan, respublikaning qator yetakchi gazetalarida fotomuxbir sifatida faoliyat olib borgan edi. Aka-uka, yor-u do‘stlarini ko‘rgani har gal qishloqqa kelganida u bilan ijod haqida, adabiyot haqida suhbatlashardik. 2008 yilda Bo‘riboy Norqulov yurak xurujidan vafot etdi.  

Bo‘riboy aka cho‘rtkesar, dangal yigit edi. U kishining qaynisi Burhon O‘rinov hozirda Jomboy tumani markaziy shifoxonasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlaydi. 

Yaqinda shu shifoxonada bir muddat davolanishimga to‘g‘ri keldi. Burhon pochchasi haqida gapira turib, uning O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning yaqin do‘sti bo‘lganligini aytib qoldi. Dastlab bu gapga ishonmadim. Ammo, do‘xtir Bo‘riboy Norqulovning taniqli shoir bilan yoshlikda, Qora dengiz bo‘yidagi «Artek» bolalar oromgohida birga tushgan suratlarini, «Ishonch» gazetasining 2006 yil 11 fevral sonida e’lon qilingan «Armon» maqolasini ko‘rsatganidan so‘ng bu do‘stlikka havasim keldi.

Muhammad Yusuf - yuqori qator, chapdan ikkinchi. Pastki qatorda o‘tirgan bola (chapdan birinchi) Bo‘riboy aka.

«Artek»da boshlangan do‘stlik

Ha, Muhammad Yusuf va Bo‘riboy Norqulovning do‘stligi bundan roppa-rosa yarim asr muqaddam, ya’ni 1968 yilda, sobiq ittifoqning eng nufuzli bolalar oromgohi «Artek»da boshlangan ekan. O‘shanda ularning ikkovi ham 14 yoshli o‘spirin edilar. 

…Nima bo‘ladi-yu, o‘sha kunlari oromgohda yosh shoirlarning ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi va unda Bo‘riboy Norqulov paxta haqidagi she’ri bilan ishtirok etib birinchi o‘rinni egallaydi. Andijonlik o‘quvchi Muhammad Yusupov esa rag‘batlantiruvchi mukofotga sazovor bo‘ladi. Shu kundan boshlab she’r, ijod ishtiyoqi ularni bir-biri bilan mustahkam bog‘laydi. 

Hordiq kunlarining har daqiqasi mushoira, muloqot bilan o‘tadi. Ta’til oxirida ikki do‘st bir-biriga hayotda hammavaqt yelkadosh bo‘lishga va’dalashib xayrlashadilar. O‘rta maktabni bitirgunga qadar ular xat yozib turishadi. Ammo keyin hayot tashvishlari bilan bo‘lib, bu aloqa uzilib qoladi. 

…Oradan yillar o‘tib, andijonlik o‘sha o‘spirin Muhammad Yusuf nomi bilan mashhur shoir bo‘lib yetishadi. Uning ijodi yuksak e’tirof etilib, 44 yoshida “O‘zbekiston xalq shoiri” unvonini oladi. 

«Darakchi» gazetasining 2000 yil 4 may sonida shu gazeta muxbirining Xalq shoiri bilan suhbati e’lon qilinadi. Unda Muhammad Yusuf yoshlik yillarini eslar ekan, bir paytlar samarqandlik Bo‘riboy ismli do‘sti bo‘lganini, uni 32 yildan beri izlab topolmayotganini aytadi. Mana o‘sha suhbatdan parcha. 

"Savol: - Rahmatli dadangizning aytishicha, siz juda yoshlikdan she’r yoza boshlagan ekansiz.

Javob: - To‘g‘ri, men maktabda o‘qib yurgan chog‘larimdayoq she’r yozardim. Meni «Artek»ka yuborishdi. U yerda tanlov bo‘lgandi, bulung‘urlik Bo‘riboy degan do‘stim o‘z she’ri bilan qatnashib birinchi o‘rinni olgandi. Men o‘rin ololmadim. Shundan keyin ancha yillar she’r yozmay ketdim. O‘sha do‘stimning keyingi taqdiri menga hozirgacha noma’lum. Uni hamon izlab topolmayman..."

Shu o‘rinda bir kichik izoh. Shoir bolalikdagi do‘stini ancha vaqt topolmasligiga asosiy sabab - Bo‘riboy Norqulov tug‘ilib kamolga yetgan Turkman qishlog‘i 1968 yilda Bulung‘ur tumaniga qarashli edi. Keyinroq esa Jomboy tumani tashkil etilib, bu qishloq Jomboy tumani hududiga kiradi. O‘sha yillari Bo‘riboy akaning otasi Norqul bobo qishloqda ot aravasi bilan kerosin, solyarka sotardi. U kishi do‘sti Muhammadjonga «mening otamni Norqul zapravkachi deyishadi» deb aytgandi. Bundan tashqari, Bo‘riboy o‘qigan qishloq maktabi ham u vaqtda 119-chi raqam bilan yuritilgan, Jomboy tumani tashkil etilganidan so‘ng esa 6-maktabga aylangan edi. Shuning uchun Muhammad Yusuf har gal Samarqandga kelganida Bulung‘ur tumanidagi 119-maktabni, zapravkachi Norqul boboni surishtiravergan. Ammo yangi tuman tashkil etilib, nomlar o‘zgarib ketganini unga hech kim tushuntirmagan.    

«Go‘shakni Bo‘riboyga ber!»

…”Darakchi” gazetasini o‘qigan Bo‘riboy akaning qaynonasi bu xabarni uning qishloqqa kelin bo‘lib tushgan qizlariga yetkazadi. O‘sha yillarda «Ishonch» gazetasining Jizzax viloyatidagi muxbiri bo‘lib ishlayotgan Bo‘riboy Norqulov «Armon» maqolasida bu haqda shunday xotirlaydi:

«…Gazetadagi suhbat, maqolani o‘qib dastlab, rosti ishonmadim. Maqolani qayta-qayta o‘qiyman, hayajon bosadi, xayollarim olis yoshlik yillari sari yetaklaydi. Yoshlikdagi do‘stlarim manzilgohlari yozilgan yon daftarchamni varaqlayman. Unda bitilgan “Andijon viloyati, Marhamat tumani, Qovunchi qishlog‘i, Yusupov Muhammadjon”, degan yozuvni ko‘rib o‘z-o‘zimdan uyalib ketdim…»

Shundan so‘ng Bo‘riboy aka do‘stini yo‘qlab O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga boradi va u yerdan Muhammad Yusufning manzili, uy telefoni raqamini oladi. Quvonch, hayajonini yashira olmay, hamkasbi, «Mulkdor» gazetasining o‘sha vaqtdagi bosh muharriri Mirodil Abdurahmonovning oldiga borib, shoir bilan yoshlikda tushgan suratlarini ko‘rsatadi. U kishi darhol Muhammad Yusufning uyiga qo‘ng‘iroq qiladi va unga 32 yildan buyon izlayotgan do‘stining topilganini aytadi. Xushxabarni eshitgan shoir muharrirning gapini bo‘lib «Go‘shakni Bo‘riboyga ber», - deydi. 

«…Ko‘p gaplashmadik. Do‘stim uyiga tez yetib borishimni so‘radi. Mashinada ketyapman, yuragim allanechuk bo‘lib boryapti. Qaniydi tezroq borib, do‘stimni bag‘rimga bossam deyman. Mana, va nihoyat, uning uyidaman…

…Shu kuni allamahalgacha diydorlashib chiqdik. Bir-birimizning suhbatimizga to‘ymaymiz. Dam yoshlik yillarimizni eslaymiz, dam keyingi hayotimiz bilan qiziqamiz, oilamiz, ishlarimiz haqida gaplashamiz. Shu uchrashuvimizdan so‘ng birmuncha muddat bordi-keldi qildik. U yosh ijodkorlarning mehribon ustozi edi. Zomin anjumani usiz o‘tmasdi. Har gal Jizzaxga kelganida albatta meni yo‘qlardi. Gurungimiz faqat ijod haqida bo‘lardi. Ko‘pincha mening qistovim bilan she’r o‘qib, mendan ham she’r o‘qishimni so‘rardi. Shoirlikka da’vo qilmayman, desam, kulib, “Siz o‘z she’ringiz bilan yoshlikda butunjahon bolalarini lol qoldirgansiz” deb qo‘yardi, - deya xotirlaydi Bo‘riboy aka.

Shunday qilib, uzoq ayriliqdan so‘ng bolalikdagi do‘stlar yana topishadilar.

Hazrati Xizrning duosi

Bo‘riboy akaning xotirlashicha, qayta uchrashganlaridan so‘ng u shoir do‘stining Marhamatdagi uyida ko‘p bor mehmon bo‘lgan, Enaxon ayaning qo‘lidan choy ichib, u kishining suhbatlarini olgan. Ayaning aytishicha,  bir kuni yoshligida Muhammadjon tushida Hazrati Xizrni ko‘rgan ekan. U ariq bo‘yida o‘tirgan bo‘lajak shoirning oldiga kelib, qo‘llarini duoga ochadi-da, «Yoz o‘g‘lim, albatta niyatingga yetasan», - deb unga oq fotiha beradi. 

Shundan so‘ng shoir ajoyib she’rlar yoza boshlaydi. Kitoblari birin-ketin chop etilib, ijodi ommalashadi.

…2001 yil iyul oyining so‘nggi kuni. Bolalikdagi qadrdon do‘sti, Xalq shoirining bevaqt vafoti haqidagi qayg‘uli xabar uning minglab muxlislari qatori Bo‘riboy Norqulovni ham larzaga soldi. O‘sha kunlari shifoxonada davolanayotgan Bo‘riboy aka do‘stining dafn marosimiga afsuski, borolmadi.

Keyinchalik esa u kishining bevosita sa’y-harakatlari bilan Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi 19-umumta’lim maktabi hovlisiga Muhammad Yusufning marmar byusti o‘rnatilib, uning atrofida ko‘rkam bog‘ tashkil qilindi.

Shoir juda kamtar, xokisor inson edi. Bu kamtarlik va xokisorlik uning do‘sti Bo‘riboy akaga ham yuqqan bo‘lsa ajab emas. Negaki, qishloqqa kelganida u kishi bilan ko‘p muloqotda bo‘lganman, ammo biron marta ham mashhur xalq shoiri uning yaqin do‘sti ekanini menga aytmagan. 

Ha, inson tabiati g‘alati. Uning yonida goho ulkan qalb sohibi yashayotganini sezmaydi. O‘sha betakror qalb egasi dunyodan o‘tganidan so‘nggina, uning qanday go‘zal xislatlarga boy bo‘lganini anglay boshlaydi. Ehtimol shunday insonlarning borligi bois dunyoda Mehr, Muhabbat, Ezgulikning umri boqiydir…  

Ushbu bitiklar yakunida ikki do‘stning ruhi shod bo‘lishini Yaratgandan so‘rab, Muhammad Yusufning quyidagi satrlarini keltirmoqchiman:

O‘tar qancha yillar to‘zoni,

Yulduzlar – ko‘z yoshi samoning,

O‘tar inson yaxshi-yomoni,

Mehr qolur, muhabbat qolur!..

Yor Muhammad.