Muhammad Yusuf: “Qo‘shiq bo‘lib qaytaman…”
Samarqand shahridagi “Silk Road Samarkand” turistik markazida Samarqand xalqaro texnologiya universitetining O‘zbek tili va madaniyati markazi tomonidan O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludiga 70 yil to‘lishi munosabati bilan ana shunday nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda universitetda faoliyat yuritayotgan xorijiy va mahalliy professor-o‘qituvchilari va talabalaridan tashqari, shoirning rafiqasi Nazira as-Salom hamda O‘zbekiston Yozuvchilar hamda Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi xodimlari, adabiyotshunoslar va shoirning muxlislari ishtirok etdi.
Dastlab tadbirda Nazira as-Salom so‘zga chiqib, shoir bilan o‘tkazgan umr yo‘llari va yozgan she’rlari tarixi haqida so‘zlab berdi. Shundan so‘ng shoira Xosiyat Bobomurodova adib ijodiga to‘xtaldi.
- Muhammad Yusuf ijodi xususida so‘z borar ekan, eng avvalo, vatanning otashin kuychisi, muhabbat va insoniylikni baralla tarannum etuvchi haqiqiy xalq shoiri, o‘zbek xalqining madaniyat va urf-odatlarini, yurtning bor boyligiyu borlig‘ini qalamga olgan o‘zbekning arzanda farzandi siymosi ko‘z oldimizda gavdalanadi, - dedi u. – Muhammad Yusufning she’rlari ham o‘zi kabi sodda va samimiy. Shoirning o‘lmas satrlari, qo‘shiqqa aylanib qalblarga kirgan she’rlari, uning boladek beg‘ubor qalbidan yangragan ovozi va dunyolarga sig‘may qog‘ozlardan joy olgan inja ijod mahsullarini hech bir o‘zbek unutmaydi!
Tadbirda talabalar tomonidan shoir qalamiga mansub she’rlar va bu she’rlar asosida yaralgan qo‘shiqlar ijro etildi. Shuningdek, oliygohning ijodkor talabalaridan tarkib topgan «Oltin meros» talabalar teatr studiyasi tomonidan tayyorlangan milliy raqslar, ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.