“Sodda Muhammadman, sodda Muhammad...". Muhammad Yusuf she’rlari o‘zi kabi sodda edi
Shu kunlarda mamlakatimiz adabiy jamoatchiligi O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 69 yilligini nishonlamoqda. Sana munosabati bilan shoirning turmush o‘rtog‘i, “Muhammad Yusuf” jamoatchilik fondi rahbari Nazira as-Salomga bir necha savollar bilan murojaat qildik.
- Sir bo‘lmasa, shoir bilan ilk tanishuvingiz qanday bo‘lgan?
- Toshkentning Navoiy ko‘chasi 30-uy degan mashhur manzilida joylashgan nashriyotlar uyida ishlardim. Binoning 1-qavatida katta oshxona bo‘lardi. Bir kuni dugonalarim bilan shu oshxonaga kiraverishda 3-4 nafar yigit o‘zaro gaplashib turganini ko‘rdim. Ko‘pam e’tibor qilganim yo‘q. Ularning orasida bir qorachagina yigit menga ko‘zini uzmay qarab turganini sezdim. Oshxonadan ovqatlanib chiqqanimizda ham ular turishgandi. Oshxonadan chiqaverishimizda o‘sha yigit menga savol berib, gap qotdi. Men indamay o‘tib ketdim. Shunda u yonidagi o‘rtoqlariga: "Mana shu qizga albatta uylanaman" degan ekan. Shundan keyin tanishib olganmiz.
- Muhammad Yusufning oilasiga, qizlariga, yaqinlariga munosabati qanday edi?
- Muhammad akaning oila, farzandlar, yaqinlarga nisbatan o‘z prinsiplari bor edi. Xususan, u kishi farzandlarini doimo yonida birga olib yurishni yaxshi ko‘rardi. Men bunga qarshilik qilganimda jahli chiqardi. Odamlarning bu ishga munosabati uni mutlaqo qiziqtirmasdi. Qayerga bormasin, qizlarini yetaklab olardi. "Oila - eng muqaddas qo‘rg‘on! Nopok odamlarni bu qo‘rg‘onga kirgizmaslik kerak!" derdi. Shoir jigarlariga birdek kuyunar, ular orasida eng yaxshi ko‘rgani - kenja singlisi Muhabbatxon edi. Andijonga, qishloqqa boradigan bo‘lsak, Asakadagi Sotvoldi tog‘asini ziyorat qilib, so‘ng singlisi Muhabbatxonning uyiga borardik. Uning holidan xabar olib, singlisinikida bir kun tunab, keyin ota uyiga borardi. Bu ularning vafotidan keyin ham biz uchun doimiy an’ana bo‘lib qoldi.
- Shoir she’rlarining ommabopligi, xalqchilligi sabablari, sizningcha, nimada?
- Buning asosiy sababi iste’dodning darajasi va xalqqa yaqinlikdir. Meningcha, shoirning samimiyligi she’rlariga ko‘chgan. She’rlarining tili xalq tiliga yaqin. Misralar ravon, hamma uchun tushunarli, yasama emas. Jimjimador, balandparvoz ham emas. Shuning uchun xalq uning she’rlarini birinchi o‘qishdayoq qabul qildi. Yuragidan joy berdi. She’rlarining qo‘shiqqa aylanishiga ham o‘sha ravonlik, dardkashlik sabab bo‘ldi, deb o‘ylayman. U xalq dardini kuyladi, xalq uchun qayg‘urdi va o‘z she’rlarida uning bu kayfiyati o‘zini yaqqol namoyon qilib turdi. “Menimcha, shoirlik kasb yoki hunar emas. Shoirlar o‘zlari bilmagan holda Allohning suyukli bandalariga aylanadilar. Goho she’rlarimni o‘qib yig‘lagim keladi. Shunday paytlarda shoirlar o‘zlari yozmasa kerak deb o‘ylayman. Menimcha, farishtalar ularga yordam bersalar kerak”, degan edi u bir kuni.
- Shoir ijodiy merosini chuqur o‘rganish, uni har tomonlama targ‘ib qilish bo‘yicha hozirda nimalar qilinyapti?
- Bu borada, avvalo, hukumat darajasida katta ishlar qilindi. Xususan, Andijon shahrida ijod maktabi tashkil qilinib, maktabda shoir ijodi doimiy targ‘ib qilib kelinadi, adabiy merosi o‘rganiladi. "Adiblar xiyoboni"da yoshlar shoir haykalini ziyorat qilishlari an’anaga aylanib bormoqda. Shu bilan birga, haykal majmuasida shoir she’rining yozib qo‘yilgani uning ijodiga bo‘lgan katta e’tibordan dalolatdir. Bundan tashqari, shoirning hayoti va ijodiga daxldor bo‘lgan eksponatlarning Yozuvchilar uyushmasidagi muzeydan joy olishi uning muxlislarini yanada quvontiradi. Shuningdek, Prezidentimiz qaroriga ko‘ra, adiblarimiz ijodini keng yoyish, o‘rganish, targ‘ib etish maqsadida ularning Oliy ta’lim muassasalariga biriktirilishi yoshlar uchun katta imkoniyatlarni ochib berdi. Mazkur qarorga ko‘ra, Muhammad Yusuf ijodi bilan O‘zbekiston san’at va madaniyat instituti shug‘ullanib kelmoqda. Institutda shoir she’rlari jamlanib, yaqinda turk tiliga tarjima qilindi va kitob holida Turkiyada nashr etildi va o‘sha yerda taqdimoti o‘tkazildi. Yanada quvonarlisi, bu kitoblar turkiy tilli davlatlarga tarqatildi. Bundan tashqari, Muhammad akaning she’rlari sakkizta tilga tarjima qilinib, nashr etildi. Shuningdek, mazkur ilm dargohidagi o‘qituvchi va talabalar shoirning betakror asarlarini o‘zlarining ilmiy ishlarida alohida mavzu sifatida chuqur o‘rganmoqdalar.
- O‘zingiz rahbarlik qilayotgan jamg‘arma haqida ham ikki og‘iz...
- 2003 yilda tashkil etilgan "Muhammad Yusuf nomidagi fond" ham shoir nomini abadiylashtirish, asarlarini targ‘ib etish, tanlovlar o‘tkazish kabi yumushlar bilan muntazam shug‘ullanib kelyapti. Jamg‘arma turli loyihalar bo‘yicha davlat grantlarini qo‘lga kiritibgina qolmasdan, yurtimizdagi mavjud oliy ta’lim muassasalari bilan mustahkam o‘zaro hamkorlik qilib, yosh iste’dodlarni kashf etayotir. Bu yo‘nalishdagi ishlar reja asosida davom ettirilyapti.
- Muhammad Yusufning qizlari, nevaralari orasida she’r yozadiganlari bormi?
- Ha, bor. Masalan, kenja qizimiz Madinaning she’rlari juda o‘ziga xos. Unga Madina Muhammad deb taxallus berdim. Nazarimda, uning she’rlari qalam ahlining nazariga tushib ulgurdi. Nevaralardan Madinaning qizi Filizda iste’dod bo‘y ko‘rsatganday bo‘lyapti. Yana hayot ko‘rsatadi.
- Dil tubidagi armonlaringiz?
- Armonlarimning eng kattasi, bu Muhammad akaning xokini Andijonga berib qo‘yganim! Ayrimlar aytganidek, buni na qaynonam, na Muhammad aka vasiyat qilmaganlar. Bu - mening qarorim edi. Onalariga rahmim kelganidan ularni Andijonga berdim. Ammo farzandlarim uchun bu qanchalar qiyin bo‘lishini tasavvur qilmaganman o‘shanda. Ming afsus qilaman endi.
- Muhammad Yusufning samarqandlik muxlislariga tilaklaringiz.
- Bilasizmi, mening otam G‘aybulla as-Salom asli samarqandlik. Meni xursand qilgan asosiy narsa, O‘zbekistonning barcha hududida bo‘lgani kabi Muhammad Yusufning bu ko‘hna zaminda ham minglab muxlislari borligidir. Ha, shoirning samarqandliklarga mehri bo‘lakcha edi. Samarqandga kuyov ekanligidan faxrlanib, e’tirof etardi. Men yurtdoshlarimga Muhammad Yusufdek sadoqatli, mard, zukko farzandlar tilayman!
- Mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat!
Yormamat RUSTAMOV suhbatlashdi.