Ibratli hikoya: Daryo bo‘lib yasha

Bir kuni ustoz o‘zini baxtsiz hisoblaydigan, hamisha nolib yuradigan shogirdiga bir piyola suv bilan bir siqim tuzni uzatibdida, aralashtirib tatib ko‘rishini aytibdi.

Shogird ustozi aytganini qilibdi.

– Ta’mi qanaqa ekan? - deya so‘rabdi shogirdidan.

– Sho‘rligi tilni o‘yaman deydi.

Ustoz jilmayibdi va uni daryo bo‘yiga olib boribdi.

Yana bir siqim tuzni uzatib debdi:

– Endi buni daryoga tashla-da, so‘ng mazasini tatib ko‘r.

Shogird bu safar suvni huzur bilan ichibdi. Yigitning lablaridan tomayotgan tomchilarga qarab ustoz:

– Xo‘sh, mazasi qanday ekan? Sho‘rligi sezildimi, - deb so‘rabdi.

– Mazasi ajoyib. Sho‘rligi ham sezilmadi.

Shunda ustoz shogirdiga shunday nasihat qilibdi:

– Hayot qiyinchiliklari xuddi tuz miqdoriga o‘xshaydi. Ko‘p ham emas, kam ham emas. Faqat u aralashadigan qalbni kengroq qilmoq kerak. Demak, sen hayotda bir piyola suv bo‘lib emas, daryo bo‘lib yashashni o‘rgan.