Kungaboqar kimga boqar?

Kungaboqar boshqa o‘simliklarga o‘xshamaydi. U quyoshga qarab harakatlanadi. Quyosh qaysi tomonda bo‘lsa, o‘sha tarafga qaraydi.

U tongda sharqqa termulsa; kunduz quyosh tikka kelganida tepaga; shomda quyosh botar chog‘ g‘arbga tomon yo‘naladi.

Quyosh chiqqanida ochilib-sochilib yashnaydi – botganida ma’yus tortib yerga qarab qoladi. O‘zining shakli ham quyoshni eslatib yuboradi…

Boshqa biror o‘simlikda bu xususiyat kuzatilmaydi.

Men kungaboqarda mo‘minlarning xususiyatlarini ko‘raman. Mo‘min inson ham doim Allohni eslaydi, Uning roziligini topishga intiladi, U ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘ldan yurishga sa’y-harakat qiladi, o‘zi qayerda, qay ahvolda bo‘lmasin, ko‘ngli Robbisida bo‘ladi!

Quyosh o‘z nurlari bilan kungaboqarni erkalatganiday, Alloh ham insonlarni behisob ne’matlari bilan siylaydi.

Qiziqib ko‘rsam, kungaboqarning mevasi (pistasi) dan tortib, tanasigacha iste’mol qilinar ekan. Mevasidan yog‘ olinadi, tanasi esa chorva mollari uchun oziqa bo‘larkan.

Yaxshi insonlar ham shunday – so‘zi ham, amali ham, hatto, sukuti ham boshqalarga naf keltiradi…

Birgina o‘simlikka qarab shuncha ibratga arzirli xislatlarni topsa bo‘lar ekan, agar inson o‘zini yaxshiroq tadqiq qilsa, balki ibratlar mahzaniga yetishar…

Gulandom Sharipova.