“Bir oylik umr” - oiladagi tinchlikka eltuvchi saboq
Bir kishi xotini bilan umuman til topisha olmasdi. Uyda har kuni arzimagan gaplardan tortishuv chiqar, bu tortishuvlardan bezor bo‘lgan erkak hatto ajrashishni ham o‘ylab qo‘yardi.
Ularning munozaralari ikki taraf oilalari o‘rtasida ham sovuqchilikka sabab bo‘lgandi.
Bir kun parishon holda u ko‘pni ko‘rgan, ahli ilm, hurmatli bir zotning oldiga borib, ahvolini aytib berdi. U zot esa shunday de,di:
— Agar hozir ajrashsang, hech narsa o‘zgarmaydi. Sening bir oycha umring qolibdi, nima qilmoqchi bo‘lsanu, o‘sha bilan shug‘ullan.
Bu gapni eshitgan kishi lol qoldi, rangi oqarib, yuragi siqilgan holda uyga qaytar ekan, yo‘lda uchragan har bir tanishidan rozilik so‘ray boshlabdi. Uyga yetib kelgach, xotiniga murojaat qilib:
— Xotin, men seni ko‘p xafa qildim. Yaxshi er bo‘lolmadim, haqingga rioya qilolmadim. Meni kechir, mendan rozi bo‘l, — dedi.
Xotini hayron bo‘lib:
— Nima bo‘ldi sizga? Lekin mayli, aslida siz mendan rozi bo‘ling. Men ko‘p beodoblik qildim, sizdan ko‘p xafa qildim, — deb uning yuragi ham yumshadi. Ikkovi ko‘zlariga yosh olib ko‘ngillari yarashdi.
Shundan keyin er qaynotasining uyiga borib, yig‘lab kechirim so‘radi. Xotini ham onasidan, yaqinlaridan uzr so‘radi. Uyda esa tinchlik va muhabbat qayta tiklandi. Ular bir-birini ranjitishdan qo‘rqib, har kuni go‘yo jannatda yashagandek hayot kechira boshladilar.
U odamning o‘zi bu hikmatli gapni xotiniga aytmadi. Bir oyni sanay boshladi. Kunlar yaqinlashgan sari yaxshiliklari ko‘paydi, kechalari ibodat qildi. U yaxshi bo‘lgan sari xotini va ikki oilaning munosabatlari ham iliqlashdi.
Bir oy o‘tdi — u o‘lmadi. “Balki bir necha kun qolgandir”, deb yana kutdi. Ammo yana o‘lmadi. Oxiri o‘sha hurmatli zotning oldiga borib:
— Afandim, men o‘lmadim-ku, — dedi.
U zot iljayib javob berdi:
— Men sening qachon o‘lishingni bilmayman. Lekin o‘lim haq ekanini bilaman. O‘ladigan odam janjal bilan hayotini zaharlamaydi. Hozirgi hayotingdan rozimisan?
— Ha, bir-birimiz bilan umuman tortishmayapmiz, — dedi er.
— Unda shu holda davom etinglar, — dedi u zot.
Shu tarzda ular tinchlikda, mehr-oqibatda yashashda davom etdi.
Maryam OSIYo.