Samarqandlik shifokorlar 90 foiz kuygan yigit hayotini asrab qolishdi
Shifokorlarning aytishicha, bu faqat ularning xizmati emas, yigitning kuchli irodasi, doim sport bilan shug‘ullangani ham foyda bergan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali shifokorlari tanasining 90 foizdan ortiq qismi kuygan 23 yoshli yigitning hayotini asrab qolishdi. Oqdaryo tumanidan keltirilgan bemor propan gazidan baxtsiz hodisa tufayli kuchli jarohat olgan.
Yigitni avval Oqdaryo tumanida, keyin markazga olib kelib davoladik, - deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali kombustologiya bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari doktori Erkin Hakimov. - Kambustologlar kuyishga qarshi eng asosiy davolanish choralarini ko‘rdilar. Bemor tanasining 90 foiz qismida teri butunligi yo‘qolgan, shundan 40 foizi chuqur kuyish bo‘lganligi sababli bemorni davolash jarayoni silliq kechmadi. Sakkizinchi sutkaga borib, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi, o‘tkir jigar yetishmovchiligi kabilar kuzatildi. Toksik ensefalopatiya, toksik gepatit, nefrit asoratlari bilan jiddiy kurashdik.
O‘tgan 30 kun ichida to‘rt marta jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Hozir bemorning ahvoli ancha yaxshi. Tabiiyki, davolashdagi bunday ijobiy natija keyingi yillarda shifokorlarning turli davlatlarda malaka oshirib kelayotgani, tajriba almashayotgani samarasi hamdir. Keyingi yillarda shifokorlarimiz Xitoy, Rossiya, Belarus va boshqa bir qator davlatlarga borib, ilg‘or tajribalarni o‘rganib qaytmoqdalar.
Qolaversa, bu bemorimiz o‘zi sport bilan shug‘ullangan, irodasining mustahkamligi ham davolanishiga yaxshi ta’sir ko‘rsatdi, albatta.