Evropada issiqlik va qurg‘oqchilik
Kuz fasli kirib kelganiga qaramay, Yevropa hanuz jazirama issiqdan aziyat chekyapti. Sentyabr oyi boshida Ispaniya va Fransiyaning ayrim hududlarida havo harorati 35 daraja va undan yuqoriga ko‘tarildi. Qurg‘oqchilik, o‘rmon yong‘inlari va rekord darajadagi harorat yetkazgan zarar ko‘lami baholanmoqda.
Italiyaning iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha Yevro-O‘rtayer dengizi markazi tadqiqotiga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilliklarda ekstremal ob-havo hodisalarining chastotasi va intensivligi keskin oshgan.
Issiqlik, qurg‘oqchilik, kuchli yog‘ingarchilik, o‘rmon yong‘inlari qo‘shilib, infratuzilma va iqtisodiyot hali tayyor bo‘lmagan murakkab xavflarni yuzaga keltirmoqda.
Joriy yilda 35 darajadan yuqori harorat birinchi marta Yevropa ittifoqi aholisining qariyb 80 foizi istiqomat qiladigan hududlarda kuzatildi.
Falokat ko‘lami kundan kunga kengaymoqda. Ekstremal haroratdan nafaqat Ispaniya yoki Italiya kabi an’anaviy issiq mamlakatlar, balki ilgari bunday hodisalar kam uchragan Buyuk Britaniya, Belgiya va Polsha ham aziyat chekmoqda.
O‘tgan hafta e’lon qilingan BMT hisobotida dunyo yaqin yillarda global isishning 1,5 darajalik chegarasidan muqarrar ravishda oshib ketishi va eng yaxshi holatda 1,8°C darajaga yetishi, boshqa prognozlarga ko‘ra esa 2°C dan ham oshib ketishi qayd etilgan.
«Agar biz 1,5°C belgisidan yuqorida qolsak, yaxshi natijalar bo‘lmaydi. Butun dunyodagi ekstremal issiqlik to‘lqinlari iqlim o‘zgarishi oqibatlari tezroq namoyon bo‘lishini, kuchliroq zarba berishini va uzoqroq davom etishini, ko‘proq insonlar hayotiga zomin bo‘lib, yanada jiddiy vayrongarchiliklarga olib kelishini allaqachon ko‘rsatmoqda», deydi BMT Atrof-muhit dasturi (YuNEP) ijrochi direktori Inger Andersen.
Yevropa iqlim o‘zgarishiga moslashuv platformasi tadqiqotiga ko‘ra, yuqori harorat ishchilarning mehnat unumdorligini kamaytiradi, tanaffuslar sonini ko‘paytiradi va ish kunini qisqartiradi. Shuningdek, salomatlik uchun xavflarni oshiradi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yozda ekstremal ob-havo sharoitlari YeIning yalpi ichki mahsulotiga 1 foiz miqdorda zarar yetkazadi. Ayni paytda 2026 yilda iqtisodiy o‘sish atigi 1,1 foiz atrofida bo‘lishi kutilgan edi.
Qishloq xo‘jaligi iqlim zarbasining eng oldingi safida qolmoqda. Haddan tashqari yuqori harorat va qurg‘oqchilik Yevropa bo‘ylab hosilning sezilarli darajada kamayishiga olib keldi. Masalan, Niderlandiyada kartoshka, O‘rtayer dengizi hududlarida zaytun yetishmovchiligi tanqisligi yuzaga kelgan.
Yevropa va Buyuk Britaniyadagi don treyderlari uyushmasi — COCERAL ma’lumotlariga ko‘ra, YeI va Buyuk Britaniyada don yetishtirish hajmi 2025 yilga nisbatan 23,4 million tonnaga kamayadi.
Rekord darajadagi qurg‘oqchilik yaylovlar va chorva uchun asosiy yem-xashak ekinlarini yo‘q qildi. Natijada, chorva uchun ozuqa keskin taqchillashib, narxlar oshdi. Fermerlar chorvasini boqish uchun qishki zaxiralardan yoz oxiridayoq foydalanishga majbur bo‘lmoqda.
Sog‘liqni saqlash tizimi ham yuz berayotgan jarayonlar ta’sirini his qilyapti. Ortiqcha o‘lim holatlari keskin ko‘paygan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ketma-ket kuzatilgan to‘rtta issiqlik to‘lqini kamida 36 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan.
Abror XON,
jurnalist, sharhlovchi, yozuvchi.