Dronlar har yerda: Yevropada havo hujumlari tahdidi kuchaymoqda

So‘nggi haftalarda Yevropaning bir nechta davlatlari osmonida noqonuniy dronlar paydo bo‘ldi. Daniya, Norvegiya va Polsha aeroportlari vaqtincha yopildi, NATO esa xavfsizlik choralarini kuchaytirishga majbur.

Kecha tunda Daniya havo maydonida bir qator noqonuniy dron faoliyati kuzatilishi munosabati bilan ilk hushyorlik e’lon qilindi. Dronlar bir nechta aeroportlar ustida aniqlandi. Tijorat va harbiy parvozlar uchun muhim markaz — Olborg aeroporti faoliyatini chekladi. Ikki kun oldin Kopengagen aeroportida shunga o‘xshash dron insidenti sodir bo‘lib, u yerda ham parvozlar vaqtincha to‘xtatildi.

Bu orada Norvegiyaning Oslo aeroporti ustidagi dron sababli havo maydoni bir necha soatga yopilgani xabar qilindi.

Yevropaning bir qator davlatlari bu insidentlarni Rossiya faoliyati bilan bog‘lamoqda. NATO esa davlatlarning xavfsizligini ta’minlash uchun zarur choralar ko‘rishini bildirgan.

Rossiya ayblovlarni rad etdi va voqealar o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash maqsadida hamkorlik qilayotganini bildirdi.

Ekspertlar ta’kidlashicha, oddiy tijorat dronlari odatda aeroport yonidagi maxsus «uchish taqiqlangan» zonalarda bunday masofada parvoz qila olmaydi. Demak, bu holatlar hali o‘rganiladi.

Polsha ham shunday ikki yirik voqea sababli xalqaro e’tibor markazida qoldi: 9 sentyabrdan 10 sentyabrga o‘tar kechasi Polsha hududiga taxminan 19 ta dron kirib keldi. Ulardan bir qismi urib tushirildi, qolganlari esa mamlakat havo hududini tark etdi. Shu munosabat bilan Varshava vaqtincha eng yirik aeroportlar — Varshava, Lyublin va Jeshuv ustidan parvozlarni to‘xtatdi.

Mamlakat tashqi ishlar vaziri bu hodisani Kremlning «NATO reaksiyasini sinovdan o‘tkazish» deb atadi. Havo mudofaa tizimi va ittifoqdosh harbiy kuchlari harakatga keltirildi. 12 sentyabrda Polsha keskin qaror qabul qilib, Belarus bilan barcha chegara posti orqali harakatni to‘xtatdi. Sabab sifatida Rossiya va Belarus armiyalarining Polshaga yaqin hududdagi «Zapad-2025» qo‘shma mashg‘ulotlari ko‘rsatildi.

Biroq 25 sentyabrga o‘tar kechasi chegara ochilgani haqida xabar tarqaldi. Polsha Bosh vaziri Donald Tusk tahdid darajasi pasayganini ta’kidladi, biroq «eskalatsiya qayd etilsa, chegara yana yopiladi», deb ogohlantirdi.

OAV xabarlari asosida G.Xoldorova tayyorladi.