Samarqandda arxiv sohasidagi yarim yillik natijalar muhokama qilindi

Viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasida «Boshqarma va uning tizimidagi davlat arxivlari tomonidan 2026 yil I yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Boshqarma boshlig‘i Abduvali Mamanazarovning ta’kidlashicha, boshqarma tizimidagi 7 ta davlat arxivi tomonidan arxiv xizmatlari ko‘rsatilmoqda. 2026 yil I yarim yilligi uchun belgilangan 14 ta asosiy ko‘rsatkichning barchasi bajarilib, shundan 11 tasi ortig‘i bilan ijro etilgan.

- Olti oy davomida Milliy arxiv fondi hujjatlarini raqamlashtirish ishlari izchil davom ettirildi, - deydi A.Mamanazarov. - Natijada 19068 saqlov birligidagi hujjatlarning 6 million 830 mingdan ortiq elektron kadr nusxalari yaratildi. Shuningdek, 10643 varaq hujjat ta’mirlandi, 5642 saqlov birligi mukovalandi va tiklandi.

Davlat arxivlari tomonidan 18753 saqlov birligidagi doimiy saqlanadigan boshqaruv hujjatlari, 1395 saqlov birligidagi shaxsiy tarkib hujjatlari va 269 saqlov birligidagi vaqtincha saqlanadigan hujjatlar tartibga keltirildi. Shuningdek, 67092 saqlov birligidagi hujjatlarning mavjudlik holati tekshirildi.

2026 yil I yarim yilligida arxiv ishi va ish yuritish holati yuzasidan 12 ta tashkilotda davlat nazorati o‘tkazilib, natijada 8 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va 12 ta taqdimnoma kiritildi. Tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida 17 ta o‘rganish ishlari amalga oshirildi.

Davlat arxivlari tomonidan ko‘rsatilgan pullik xizmatlar hajmi 3 mlrd 272 mln so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, 24 ming 507 ta arxiv so‘rovi ko‘rib chiqilib, 13 ming 995 tasi ijobiy hal etildi. 17 ming 792 nafar fuqaroga bepul arxiv xizmatlari ko‘rsatildi.

Matbuot anjumanida arxiv sohasini raqamlashtirish bo‘yicha qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlar hamda 2026 yil 1 avgustdan boshlab davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlari Yagona milliy arxiv axborot tizimi orqali yuritilishi haqida ma’lumot berildi. Mazkur tizim arxiv hujjatlarini elektron shaklda saqlash, idoralararo axborot almashinuvini tezlashtirish va arxiv xizmatlari sifatini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.