Aholiga gaz sotish qachon xususiy operatorlarga berilishi ma’lum qilindi
O‘tgan yili respublikaning 14 ta hududida bittadan gaz ta’minoti ob’yektlari xususiy sektorga topshirilishi yuzasidan tegishli loyiha e’lon qilingandi.
Iste’molchilarga tabiiy va suyultirilgan gazni yetkazib berishda monopoliyani bekor qilish, sohaga xususiy sektorni jalb qilish, energiya resurslarining bozor tamoyillarini joriy etish va resurslarning hisob-kitobini aniq yuritishni yo‘lga qo‘yish, modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash uchun xususiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida ushbu loyiha e’lon qilingandi.
Ishlab chiqilgan tartib asosida tabiiy gaz taqsimoti tizimi 2024-2025 yillarda xususiy sektorga o‘tkaziladigan pilot hududlarni aniqlaydi. Ushbu hududlardagi tizimni xususiy sektorga o‘tkazish yuzasidan salohiyatli kompaniyalar bilan o‘tkaziladigan muzokaralar natijasi bo‘yicha aniq shartlar asosida gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy sektorga o‘tkazadi.
Shuningdek, hujjatda gaz ta’minoti tizimida xususiy operatorga topshiriladigan ayrim tumanlar ta’minoti bo‘limlari pilot loyihasi sifatida tanlab olingan.
Jumladan, «Samarqandtumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi xususiy sektorga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Suyultirilgan gaz yo‘nalishida esa Samarqandda «Urguttumangaz» gaz ta’minoti bo‘limlari tanlab olingandi. Ammo keyinchalik ushbu yo‘nalishda hech qanday xabarlar e’lon qilinmadi.
Bugun “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ayni masala yuzasidan ham ma’lumot berildi. Filial direktori o‘rinbosari Vahob Halimovga ko‘ra, iste’molchilarga gaz yetkazib berish keyingi yilga boshlanishi kutilmoqda. 2025 yilning may oyida Samarqandda bu boradagi xususiy sherikchilikning dastlabki bosqichi yo‘lga qo‘yiladi.