Qonunchilikka rioya qilmagan 10 nafar adliya xodimiga chora ko‘rilgan
Viloyat Matbuot uyida “Jamoatchilik o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish" mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Orif Muhammadiyev adliya tizimida korrupsiyaga barham berish, xodimlar va keng jamoatchilik o‘rtasida unga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish borasida qilingan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, Adliya vazirligi O‘zbekiston davlat organlari orasida birinchilardan bo‘lib, 2020 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti bo‘yicha xalqaro standart sertifikatini qo‘lga kiritgan. Hozir unda birinchi navbatda munosib kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish masalasiga e’tibor qaratilgan.
Bundan tashqari, joriy yil idoraning hududiy bo‘limlarida 60 marotaba “sirli mijoz” va “reyd” tadbirlari o‘tkazilib, tartibni buzgan 10 nafar xodimga qonuniy chora ko‘rilgan.
Mas’ulga ko‘ra, idora jamoatchilik orasida ham targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishda faol. Bu borada adliyachilar asosiy e’tiborni fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularga o‘z huquqini talab va himoya qilishni o‘rgatishga qaratgan.
Tadbirda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollarga ham javob olishdi.