Ko‘rishdagi to‘siqlar ilm yo‘liga to‘siq emas: Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi talabgorlar uchun maxsus imtihon

Chet tilini bilish bugungi kunda ta’lim olish, kasbiy rivojlanish va yangi imkoniyatlar eshigini ochuvchi muhim ko‘nikmalardan biriga aylanib bormoqda. Bu imkoniyatlardan ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi fuqarolar ham teng foydalanishi uchun ularga mos sharoitlarni yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda Respublika Prezidentining 2024 yil 21 fevraldagi PF-37-son farmoniga muvofiq, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan mazkur toifadagi talabgorlar uchun chet tilini bilish darajasini aniqlashga mo‘ljallangan maxsus test sinovlari formati ishlab chiqildi. Ayni kunlarda ushbu imtihonlar Samarqand viloyatida ham tashkil etilmoqda.

Imtihonda I va II guruh nogironligi bo‘lgan ko‘zi ojiz talabgorlar ishtirok etmoqda. Test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati bo‘limining binosida maxsus ishlab chiqilgan dastur orqali elektron shaklda o‘tkazilmoqda. Imtihon jarayonida ko‘zi ojiz talabgorlarning imkoniyatlari inobatga olinib, ularning chet tilini bilish darajasi tinglab tushunish va gapirish ko‘nikmalari asosida baholanmoqda. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarga CEFR talablari asosida B1, B2 hamda C1 darajadagi sertifikatlar berilyapti.Ma’lumot uchun, joriy yilning fevral va aprel oylarida bo‘lib o‘tgan imtihonlarda respublika bo‘yicha 187 nafar, shundan Samarqand viloyatidan 26 nafar ko‘zi ojiz talabgor ishtirok etgan. Bugungi kunga qadar respublika bo‘yicha 138 nafar, viloyatimizdan esa 18 nafar nogironligi bo‘lgan talabgor chet tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikatni qo‘lga kiritgan.

Yaratilgan bunday imkoniyatlar ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi talabgorlarning bilim va salohiyatini namoyon etishi uchun muhim qadamdir. Zero, ta’lim va bilim olishdagi imkoniyatlar qanchalik keng bo‘lsa, jamiyatda har bir insonning o‘z iqtidorini ro‘yobga chiqarishi uchun shunchalik mustahkam zamin yaratiladi.