Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar maktabida bolalar polda uxlagani aks etgan suratni tarqatish kimga kerak bo‘ldi?
Surxondaryo viloyati hokimiyati, viloyat prokuraturasi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va Sho‘rchi tumani hokimiyati vakillaridan tashkil topgan ishchi guruh tumandagi viloyat ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida yotoqjoy yetishmaganligi haqidagi xabarlarni o‘rganib chiqdi.
Ayni vaqtda Sho‘rchi tumanidagi viloyat ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida 265 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularning 206 nafari muassasasa yotoqxonasida istiqomat qiladi. Qolgan 59 nafar o‘quvchi o‘z uyidan maktab-internatga qatnab o‘qiydi.
Surxondaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, o‘rganish jarayonida maktab-internat kutubxonachisi S.Ergasheva va boshqa o‘qituvchilar bilan suhbat o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, 2019 yilning 20 sentyabr kuni 3-“B” sinf o‘qituvchilari M.A. hamda S.Q. o‘quvchilarni darsdan olib chiqib, maktab-internati kutubxonasi poliga matras ko‘rpalarni to‘shab, o‘quvchilarni yotqizgan holda rasmga olgan. So‘ngra o‘quvchilarni yotoqxonaga, o‘zlarining yashash joylariga chiqarib yuborgan. Ushbu holatni maktab-internati o‘qituvchisi B.J. ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan.
Ishchi guruh vakillari 3-“B” sinf o‘quvchilari bilan ham suhbat o‘tkazdi. Ular hech qachon polda yotmaganligini va barcha o‘quvchilarga o‘qish hamda yotoqxonalarda shart-sharoitlar yaratilganligini ma’lum qilishdi.
Surxondaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi Sho‘rchi tumanidagi viloyat ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘qituvchilari B.J., M.A. va S.Q.larning ushbu xatti-harakatlarini qonun doirasida ko‘rib chiqish bo‘yicha tuman prokuraturasiga murojaat qildi. Hozirda ushbu holatga doir Sho‘rchi tuman prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.